Raketalar, ishchilar, turistlar. Putin va Kim Chen In nima uchun do‘stlashmoqchi?
18 iyun kuni Vladimir Putinning Shimoliy Koreyaga ikki kunlik tashrifi boshlanadi. Ukraina bilan urush Moskva va Pxenyanni o‘zaro yaqinlashtirdi va gap faqatgina Shimoliy Koreyaning Rossiyaga zarur bo‘lgan qurollarida emas. Putin va Kim Chen In muzokaralari kun tartibida nimalar bo‘lishi mumkinligi — BBC’ning Koreya xizmati materialida.
Vladimir Putin ikkinchi bor KXDRga tashrif buyurmoqda. Uning birinchi rasmiy tashrifi uning prezidentlik muddati boshida, 2000 yil ro‘y bergan. O‘shanda u Shimoliy Koreyaning hozirgi rahbarining otasi — Kim Chen Ir bilan uchrashgandi va ular ikki mamlakat hamkorligi to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani qabul qilishgandi.
Xususan, harbiy hamkorlik liniyasi bo‘yicha «bosqin yoki xavfli vaziyat yuzaga kelgan taqdirda ikki mamlakat darhol kontakt o‘rnatishi» haqidagi kelishuvga erishilgandi.
KXDRning hozirgi rahbari Kim Chen In ikki marta Rossiyaga borgan, oxirgisi — 2023 yil kuzida ro‘y bergandi, o‘shanda u Vladimir Putin bilan «Vostochniy» kosmodromida bo‘lgandi. O‘shanda Putin Kimning Shimoliy Koreyaga kelish bo‘yicha taklifini qabul qilgandi.
Ammo Shimoliy Koreya va Rossiya rahbarlarining o‘tgan yilgi uchrashuvi ko‘p jihatdan ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarga poydevor qo‘yish bo‘lgan bo‘lsa, hozirgisi, ayrim mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, bu munosabatlar sezilarli darajada rivojlangani, harbiy aloqalar esa mustahkamlanganini ko‘rsatadi.
Bu uchrashuv faqatgina Rossiya va Shimoliy Koreya armiyalari o‘rtasidagi harbiy hamkorlik masalalari bilan cheklanib qolmaydi. Vladimir Putin Shimoliy Koreya amalda yadro quroliga egaligi va zamonaviy qurollar ishlab chiqarayotganini eslab o‘tishi yoki yo‘qligiga ham e’tibor qaratish lozim. 2000 yilda, Putinning KXDRga ilk tashrifi chog‘ida Shimoliy Koreya hali yadro klubining norasmiy a’zosi ham emasdi.
Harbiy hamkorlik: Rossiyaga qurol kerak, Shimoliy Koreyaga — texnik ko‘mak
Rossiyaning Ukrainaga bosqinining uchinchi yilida bir-birini zarur vositalar bilan ta’minlovchi Shimoliy Koreya hamda Rossiyaning o‘zaro qaramligi kuchaydi, deya qayd etadi ekspertlar.
Kun tartibining harbiy qismidagi asosiy masala kelgusida shimoliy koreyaliklarning yana qancha quroli Rossiyaga yetkazib berilishida, deydi Koreya universiteti unifikatsiya va diplomatiya fakulteti professori Nam Son Uk.
Ayrim ekspertlar bu safar Moskva va Pxenyan Shimoliy Koreyaning oddiy qurollar yetkazib berish bo‘yicha qisqa muddatli kelishuvlari doirasidan chiqib, yanada yaqindan harbiy hamkorlik, masalan, qurol tizimlarini birgalikda ishlab chiqish masalasida kelishib olishi mumkinligini istisno etmagan.
KXDR Rossiyaga qurol yetkazib berish evaziga undan oziq-ovqat va yonilg‘idan ham muhimroq narsani olishni istashi ham mumkin.
Professor Namning fikricha, 2023 yil mayida harbiy razvedkachi sun’iy yo‘ldoshini uchirishda muvaffaqiyatsizlikka uchragan Shimoliy Koreya kelgusi uchirishlarda Rossiyaning yordami masalasini o‘rtaga tashlashi mumkin. Ko‘tarilishi mumkin bo‘lgan mavzulardan yana biri — Rossiyada bor bo‘lgan yuqori aniqlikdagi sun’iy yo‘ldosh s’yomka texnologiyasi.
Yadro quroli esa ochiq muhokama mavzusi bo‘lishi dargumon, deb hisoblaydi Nam, chunki Koreya yarimoroli va Shimoliy-sharqiy Osiyoda yadro quroli bo‘yicha hamkorlik yoki birgalikda foydalanish AQSh va Xitoy kabi qo‘shni davlatlarning jiddiy qarshiligiga sabab bo‘lishi mumkin.
Iqtisodiy hamkorlik: Rossiyaga ishchi kuchi kerak, Shimoliy Koreyaga — valuta
Rossiya va KXDR iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini ham muhokama qilishi kutilmoqda. Bu masala e’tiborga loyiq: ikki mamlakat ham sanksiyalar ostida qolgan.
Shimoliy Koreya «ishchilarning valuta daromadi»ga muhtoj, bu esa KXDRdan Rossiyaga qo‘shimcha ishchi kuchi yuborilishi ehtimolini oshirishi mumkin, deya qayd etadi Dong-A universiteti siyosatshunoslik va diplomatiya professori Kan Don Van.
Rossiyaga ham Ukraina bilan urush tufayli yetkazilgan zararni qoplash hamda iqtisodiyotni tiklash uchun sezilarli miqdorda ishchi kuchlari kerak.
Ammo BMT Xavfsizlik kengashining KXDRga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi rezolyutsiyasi shimoliy koreyalik ishchilarga mamlakatdan chetga chiqib ishlashni taqiqlaydi. Undan oldinroq ishlash uchun xorijga yuborilgan shimoliy koreyalik ishchilarning barchasi 2019 yil 22 dekabriga qadar o‘z vataniga qaytarilishi lozim edi. Va agar Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi bo‘lgan Rossiya shimoliy koreyaliklarni rasman yollaydigan bo‘lsa, bu xalqaro hamjamiyatda jiddiy norozilik uyg‘otishi ehtimoli bor.
Turizm: iqtisodiy va madaniy almashuv
Fevralda Rossiya Shimoliy Koreyaga guruhli turlarni qayta tikladi, bu Covid-19 pandemiyasi tufayli to‘xtab qolgandi. 6 iyunda esa Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasida to‘rt yil muqaddam uzilib qolgan yo‘lovchi poyezdlar qatnovi tiklandi.
Primore o‘lkasi rahbariyatiga ko‘ra, fevraldan may oyiga qadar KXDRga 400 dan ortiq rossiyalik sayyohlar tashrif buyurgan.
Rossiyaning «Vostok Intur» turistik agentligi Shimoliy Koreyaga besh kun va to‘rt tunni o‘z ichiga oluvchi turpaketni 750 dollardan sotmoqda. Rossiyaliklarga turli sayyohlik dasturlari, masalan, Pektu tog‘iga safar, Mazon kurortida plyaj ta’tili, Shimoliy Koreya bo‘ylab tarixiy tur hamda «Ulug‘ vatan urushidagi g‘alaba»ga bag‘ishlangan tur taklif etiladi.
«Turizm — bu nafaqat xorijiy valuta ishlab olish yo‘li, balki odamlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot orqali mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashda ham muhim rol o‘ynaydi», — deya KXDRga sayyohlik oqimi ortishini izohlaydi Shimoliy Koreya tadqiqotlari universiteti professori Kim Don Yop.
Professor Kimning fikricha, xorijlik sayyohlar tashriflari Shimoliy Koreyaning yopiq va xavfli davlat sifatidagi imijini yumshatishga yordam beradi.
Ammo KXDRda turistik infratuzilmalar yo‘qligi va xorijliklarning erkin harakatlanishiga o‘rnatilgan cheklovlar tufayli turizm sanoatini rivojlantirish qiyin. Bu sohadagi hamkorlik Putinning Pxenyanga tashrifi davomida muhokama qilinadigan yana bir mavzu bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi professor Kan Don Van.
BBC rus xizmati harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev Rossiya Shimoliy Koreya qurollari bilan qanday jang qilayotgani haqida
Ukrainadagi urush cho‘ziladigan bo‘lgach, Rossiya dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan qurol qidirishni kuchaytirdi. Shimoliy Koreya esa ideal hamkor bo‘lib chiqdi.
Birinchidan, maksimal darajada harbiylashgan iqtisodiyoti mamlakatga dunyodagi snaryad va raketalarning eng yirik arsenallaridan birini yaratishga imkon bergan, bu esa hozirda Rossiya armiyasiga hammasidan ham zarurroq bo‘lgan narsadir.
Ikkinchidan, Shimoliy Koreyaning ko‘plab qurollari eski sovet qurollari asosida ishlab chiqilgan, bir xil kalibrdan foydalanadi, shu tufayli Rossiyaning zamonaviy qurollariga mos keladi. Ulardan ayrimlari esa Rossiya modellarining ko‘chirmasidir — masalan, shimoliy koreyaliklarning Rossiya Ukrainani o‘qqa tutishda foydalanishga ulgurgan KN-23 raketasi rossiyaliklarning «Iskander-M» operativ-taktik kompleksidan otiladigan 9M723 raketasiga juda o‘xshaydi.
Qolaversa, Moskva ham, Pxenyan ham shu qadar sanksiyalar botqog‘iga botganki, ularni qandaydir yangi cheklovlar bilan qo‘rqitib bo‘lmaydi. Quruqlikda ham, dengizda ham umumiy chegaralar mavjudligi esa yetkazib berishda logistikani osonlashtiradi va BMT rezolyutsiyasini buzgan holda ushbu qurollarni tashiyotgan transport vositalarini to‘xtatish va qo‘lga olishni imkonsiz qiladi.
O‘tgan yil kuzidayoq Janubiy Koreya razvedkasi KXDRdan Rossiyaga millionta snaryad yuborilgani haqida xabar qilgandi (taqqoslash uchun — YeI mamlakatlari 2023 yil martida Ukrainaga shuncha snaryad va’da qilgan, ammo bir yil o‘tganidan keyin va’da bajarilmaganini tan olgandi). 14 iyun kuni esa Janubiy Koreya mudofaa vazirligi Pxenyan Rossiyaga 5 millionta artilleriya o‘q-dorilari, shuningdek o‘nlab ballistik raketalar yuklangan konteynerlarni yuborgani haqida xabar berdi.
AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi ham shu yil boshida Shimoliy Koreya ballistik raketalari Moskvaga yetkazib berilgani haqida gapirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning evaziga KXDR yetakchisi Kim Chen In Rossiyaning harbiy sohada, jumladan qiruvchi samolyotlar, «yer-havo» klassidagi raketalar, zirhli texnikalar, ballistik va boshqa zamonaviy texnologiyalar yaratishda yordam ko‘rsatishiga umid qilmoqda.
Shu bilan birga, Shimoliy Koreya qurollari va o‘q-dorilarining taktik-texnik xarakteristikasi hamda sifati shubha uyg‘otadi. Rossiyalik Z-blogerlar KXDRdan olib kelingan snaryadlar aniqlik va yetib borish masofasi bo‘yicha Rossiya o‘q-dorilaridan ancha ortda qolishidan, ayrimlari esa umuman foydalanishga yaroqsizligidan (ehtimol, juda eskirib ketgani uchun) shikoyat qilishgan. Lekin bunday kamchiliklarga ko‘z yumishga to‘g‘ri keladi — urush davom etmoqda, o‘q-dorilar esa juda ko‘p kerak.
Mavzuga oid
23:44 / 22.11.2024
Putin «Oreshnik» raketalari qurollanishga qabul qilinishi va seriyali ishlab chiqarilishini e’lon qildi
21:54 / 22.11.2024
«Krepkiy oreshnik»: Putin tutib qolish imkonsiz ekanini aytgan yangi raketa haqida nimalar ma’lum?
23:01 / 21.11.2024
Putin Dneprga «Oreshnik» nomli o‘rta masofaga uchuvchi ballistik raketa bilan zarba berilganini ma’lum qildi
20:56 / 21.11.2024