22:24 / 05.07.2024
4329

Skandinaviyaning eng yirik banki Rossiyaga tegishli 4 mlrd dollarni yuvib berganlikda ayblanmoqda

Daniya hukumati Skandinaviyadagi aktivlari bo‘yicha eng yirik bo‘lgan Finlandiyaning Nordea bank guruhiga Rossiyadan kelgan «iflos» pullarni yuvib berganlik ayblovini qo‘ydi.

Foto: Wille Öhgren (CC BY-SA 4.0)

Danmarks Radio’ning xabar berishicha 26 mlrd Daniya kronasi (yoki 2,5 mlrd yevro/3,75 mlrd dollar) mablag‘ fin bankining Daniyadagi shu’ba bo‘limiga 2012 yildan 2015 yilgacha o‘tkazilgan va «ko‘psonli» rossiyalik mijozlar bilan bog‘langan.

Nordea’ga qarshi ayblovni Daniya politsiyasining jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi maxsus bo‘linmasi (National Unit for Special Crime, NSK) ilgari surgan. Ish mamlakatning moliyaviy tartibga soluvchi tashkiloti (Financial Supervisory Authority, FSA) tomonidan ma’qullanganidan so‘ng sudga o‘tkaziladi.

Aniqlangan Nordea tomonidan pul yuvish holati Daniya bank sektoridagi eng yirigi hisoblanadi, deyiladi NSK relizida. Idoraning qo‘shimcha qilishicha, bank Kopenhagendagi ofisi orqali rossiyalik mijozlari operatsiyalar ustidan «adekvat nazorat» o‘rnatishga ojiz bo‘lgan, shuningdek Daniya hukumati «ogohlantirishlarini e’tiborsiz qoldirgan». Mamlakat moliyaviy nazorat organi Nordea’ning shubhali operatsiyalari borasida politsiyaga 2016 yildayoq murojaat qilgan.

Nordea Rossiyada 1994 yildan boshlab ishlay boshlagan, 2010-yillarda esa uning Rossiyadagi shu’basi mamlakatning top-30 banklari sirasiga kirgan. Qrim anneksiya qilingach va g‘arb sanksiyalarining birinchi to‘lqinidan so‘ng fin guruhi sekin-asta Rossiyadagi biznesini yig‘ishtira boshlagan, 2020 yilga kelib Rossiyadagi shu’ba bo‘limini yopishga qaror qilgan.

Nordea manziliga ayblov Shimoliy Yevropa banklari orqali Rossiya pullarini yuvish bilan bog‘liq eng yirik mojaro bo‘ldi. 2018 yilda Rossiya va sobiq ittifoq fuqarolari bilan bog‘liq shubhali tranzaksiyalar Estoniyaning Danske Bank bo‘limida ham aniqlangan edi.

2022 yilning dekabrida bank firibgarlik operatsiyalarida aybi borligini tan oldi va AQSh, Daniya va Estoniya hukumatlarining e’tirozlaridan qutulish uchun 2 mlrd dollar jarima to‘lagan edi.

Mavzuga oid
Top