Jahon | 10:15 / 10.07.2024
3241
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Xavfsizlik Kengashidagi ko‘pchilik RFning Kiyevdagi «Oxmadet» kasalxonasiga raketa zarbasini qoraladi

BMT Xavfsizlik Kengashining 9 iyul, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan shoshilinch yig‘ilishida kengashga a’zo davlatlarning ko‘pchiligi Rossiyaning Kiyevga raketa zarbasi, jumladan, shahardagi «Oxmadet» bolalar shifoxonasining nishonga olinishi uchun mas’uliyatni Kiyev zimmasiga yuklamoqchi bo‘lgan Moskvani tanqid ostiga olgan.

Sergiy Kislitsa, Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili. Foto: BMT

«Biz bugun bu yerga yig‘ilishimizning sababi Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, kengashning amaldagi raisi bo‘lgan Rossiya bolalar shifoxonasiga hujum uyushtirgan. Bu so‘zlarni aytayotganimda badanlarim jimirlab ketyapti», — degan AQShning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild.

Buyuk Britaniya vakili Barbara Vudvord Rossiyaning hujumlari «Xavfsizlik Kengashi uchun sharmandalik» ekanini ta’kidlagan. Fransiya vakili «Oxmadet» bolalar kasalxonasiga berilgan zarbani Moskva javobgarlikka tortilishi lozim bo‘lgan «navbatdagi harbiy jinoyat», deb ta’kidlagan.

Xitoy Xalq Respublikasining BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Geng Shuang Moskvani to‘g‘ridan to‘g‘ri ayblamagan: «Taassufki, harbiy harakatlar so‘nggi vaqtlarda tinmayapti, aksincha, vaqti-vaqti bilan kuchayib, og‘ir yo‘qotishlarga sabab bo‘lib shafqatsizlashib bormoqda. Xitoy bundan chuqur tashvishda», — degan u.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya yana «Rossiya hech qachon Ukrainadagi fuqarolik obektlariga zarba bermasligi»ni ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev bo‘ylab zarbadan ko‘zlangan maqsad Artyom nomidagi Kiyev zavodi bo‘lgan, «Oxmadet»ga esa Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimining raketasi kelib urilgan. Nebenzya bunga birorta isbot-dalil keltirmagan.

O‘z navbatida Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Sergiy Kislitsa yig‘ilish qatnashchilariga bolalar shifoxonasi tomon uchib borayotgan Rossiya raketasining suratini ko‘rsatgan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid