O‘zbekiston | 21:00 / 12.07.2024
6157
7 daqiqa o‘qiladi

12 iyulning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Farg‘onadagi yangi tashabbuslar, Marg‘ilonda quriladigan yangi turarjoy massivi, fuqarolarni laqillatib yurgan avtosalon va yashil shaharlar reytingida g‘olib Namangan — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi

Prezidentning Farg‘ona viloyatiga tashrifi davom etdi. Viloyatni kelgusida iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha bir qancha tashabbuslar ilgari surildi, rejalar e’lon qilindi va topshiriqlar berildi.

Masalan, Farg‘ona tumanida sanoat usulida Italiya va Polshaning serhosil malina navlari ekilishi e’lon qilindi. Qo‘shtepa va Yozyovonda 1 ming gektardan yuqori hosildor bodom, shaftoli, gilos va olxo‘ri bog‘lari tashkil qilinadi.

Farg‘onaning 15 ta tumanida 500 gektardan ziyod yerda bog‘lar tashkil qilinadi. Ular 50 sotixdan 30 ming aholiga bo‘lib beriladi, viloyatdagi 8 ming gektar samarasiz bog‘lar yangilanadi.

Quvasoyda elektromobillarni zaryadlash stansiyalarini ishlab chiqarish korxonasi quriladi. Prezident ushbu korxonani 2024 yildayoq ishga tushirish zarurligini ta’kidladi.

Farg‘onadagi 19 ta tuman-shahar Xitoy tajribasi asosida sanoatning aniq bir yo‘nalishiga ixtisoslashtiriladi. Ularda sanoat zonalari tashkil qilinadi. Bu borada Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimi Xayrullo Bozorovga topshiriq berdi.

Marg‘ilonda 110 gektar maydonda 25 ming aholiga mo‘ljallangan yangi massiv quriladigan bo‘ldi. Massivda 5 ming xonadonli uylar, institutlar, mehmonxonalar, savdo markazlari, teatr, park va boshqa obektlar bo‘ladi.

«Mamlakatimizning ko‘p joylarida yangi massivlar, shaharchalar quryapmiz. Marg‘ilonliklarning yashash sharoitlaridan, uy-joylarga ehtiyojidan xabarim bor. Shu talab va istaklarni, ko‘pchilik oilalarning orzularini inobatga olib, zamonaviy imoratlar qurishni o‘ylayapmiz», — dedi Mirziyoyev.

Davlat rahbari massivni xorij tajribasi asosida puxta loyihalashtirish, uylar va infratuzilmani uzoqni ko‘zlab qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Kambag‘allikni qisqartirish tizimida o‘zgarish

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Farg‘onaga tashrifi chog‘ida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tizimni o‘zgartirish zarurligini ta’kidladi. Endi kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya Ijtimoiy himoya agentligi tizimida bo‘ladi.

“Mahalla yettiligida qanday ishlash kerakligi bo‘yicha tajriba to‘plandi, ularga bank-moliya instrumentlari bilan ko‘maklashish joriy qilindi. Shu bilan birga tizim kengaygan sari yangicha yondashuvga ehtiyoj sezilmoqda”, - dedi prezident.

Yig‘ilishda ehtiyojmand aholi daromad manbai bilan ta’minlanmasa, yana ijtimoiy yordamga qayta-qayta murojaat etishi ko‘rsatib o‘tildi.

“Shu bois, endi kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya bitta, ya’ni Ijtimoiy himoya agentligi tizimida bo‘ladi”, - dedi davlat rahbari.

Yashil shaharlar reytingi e’lon qilindi

Respublikadagi 14 ta ma’muriy markazning ekologik reytingi tuzib chiqildi. Shaharlar 100 balli tizimda baholangan. Namangan shahri 62 ball to‘plab, O‘zbekistondagi eng yashil shahar deb topildi.

Reytingning keyingi o‘rinlarida Samarqand 61,13 ball va Navoiy shahri 59,5 ball bilan mos ravishda 2-, va 3-o‘rinlarni egalladi.

Ekologik barqaror shaharlar reytingi hududlarni 7 ta yo‘nalishda o‘rganish orqali tuzib chiqilgan. Bunda havo sifati, yerdan foydalanish, transport, suv, chiqindi, sanitariya va energiya sohalari qamrab olingan. Oxirida umumiy reyting natijalari hisoblab chiqilgan. Umumiy reytingda eng yomon natijani Toshkent viloyatining Nurafshon shahri ko‘rsatgan bo‘lsa ham, shahar eng toza havoli hudud deb topilgan.

Havo sifati bo‘yicha ikkinchi va uchinchi o‘rinni Samarqand va Urganch shaharlari egallagan. Eng yomon havo esa Termiz shahrida ekani qayd etilgan.

Transport sohasida esa kishi boshiga nechta transport to‘g‘ri kelishi, shaharning transport strategiyasi va yo‘lda mashinalar tiqinining qanchalik hal qilingani masalalari o‘rganilgan. Bunda Top 3talikka Andijon, Qarshi va Nukus shaharlari kiritilgan. Toshkent shahri esa transport eng yomon tashkillashtirilgan shahar deb topilgan.

Reytingning 4-yo‘nalishi shaharda kishi boshiga qancha suv to‘g‘ri kelishi va boshqa omillarni qamrab oladi. Buni nisbatan yaxshi tashkillashtirgan shaharlar sifatida Termiz, Andijon va Namangan shaharlari ko‘rsatilgan.

Chiqindilarni yig‘ish, ko‘mish va ularni qayta ishlash sohalarida esa Nukus shahri 8,59 ball bilan eng yaxshisi deb topilgan. Eng yomon ahvol esa Buxoro shahrida.

Mashina olaman deganlar yana chuv tushdimi?

Toshkentdagi yana bir avtosalon odamlarni aldagani aytilmoqda. Kun.uz’ga qilingan murojaatga ko‘ra, avtosalon mas’ullari mashina olish maqsadida to‘lov qilgan ko‘plab fuqarolarni aldab yuribdi. Ayrim mijozlarga esa mashina berilgan, ammo hujjati to‘g‘rilab berilmagan.

Murojaatchilarga ko‘ra, Toshkent shahridagi “Allianse Motors” MChJ haqida ketmoqda.

“2024 yil 19 may kuni “Allianse Motors” MChJ bilan BYD mashinasini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzdim. Avtosalonga dastlab 63 mln 900 ming so‘m, 20 may kuni 178 mln 500 ming so‘m to‘lov qilganman.

Menga o‘zini avtosalon direktori deb tanishtirgan Davlat Narziyev mashinani 15 kunda keltirib berishni va’da qilgandi. Ushbu muddat o‘tgach, men mashinani so‘ray boshladim. U esa erta-indin deya aldab yurdi.

2024 yilning 29 iyun kuni mashinam kelganini, shartnoma bo‘yicha qolgan summani to‘lab ketishim kerakligini aytdi. Avtosalonga borib, qolgan to‘lovni to‘lab keldim. Ertasi kuni mashinani evakuatorga yuklab uyimga keltirib berishdi. Lekin bugungacha mashinaning hujjatlarini to‘liq qilib bergani yo‘q”, deydi boshqa bir murojaatchi.

Shuningdek, murojaatda “Allianse Motors” MChJ mas’ullari to‘lov qilgan bir necha o‘nlab odamlarni aldab kelayotgani, ularga mashinalarini shartnoma bo‘yicha o‘z vaqtida yetkazib bermayotganligi ta’kidlangan.

Mavzuga oid