Sport | 20:26 / 12.07.2024
11678
15 daqiqa o‘qiladi

«Bavariya» APL futbolchilarini sotib olmoqda, ispan grandlarida «tozalash». Iyuldagi asosiy transferlar

«Real»ning sobiq sardori Saudiyaga yo‘l oldi, «Yuventus»da Tyuramlar sulolasi davom etmoqda.

Yevropa chempionati yakunlanmoqda. Finaldan keyin esa muxlislar klublarning yangi mavsumini kuta boshlaydi. Bu vaqtda jamoalar mavsumga qizg‘in tayyorgarlikka kirishib, transferlar amalga oshirmoqda. Quyida o‘tgan haftalardagi asosiy transferlar haqida.

Maykl Olise: «Kristal Pelas» → «Bavariya» (53 mln yevro)

«Bavariya» uchun katta kelishuv. Myunxenliklar 22 yoshli vinger Maykl Oliseni o‘z safiga qo‘shib oldi. Ushbu fransuz uchun «Kristal Pelas»ga 53 mln yevro to‘lanadi. Yana 5,9 mln yevro bonuslar sifatida ko‘zda tutilgan. Klub va futbolchi o‘rtasidagi shartnoma 2029 yilga qadar tuzilgan. O‘tgan mavsumda Olise jarohat tufayli Angliya chempionatining faqat 19 o‘yinida qatnashib, 10 gol urdi va olti golga uzatma berdi. Endi esa Jamal Musiala, Harri Keyn, Leroy Sane va Serj Gnabri kabi futbolchilardan iborat hujum chizig‘ida o‘z o‘rnini topishga harakat qiladi.

Joau Palinya: «Fulhem» → «Bavariya» (51 mln yevro)

«Bavariya» uchun yana bir muhim transfer. Myunxenliklar o‘tgan yozdayoq Palinyani sotib olishga uringan, ammo transferni dedlaynga qadar rasmiylashtirishga ulgurmagandi. Endi esa barchasi ancha oldinroq hal qilindi. Yevropa chempionatida o‘z pozitsiyasida eng kuchlilardan biri bo‘lgan portugaliyalik yarimhimoyachi sovrinlar qo‘lga kiritish uchun Myunxenga yo‘l oldi, «Fulhem» esa uning uchun yaxshigina mablag‘ — 51 mln yevroga ega bo‘ladi. Joau «Bavariya» bilan to‘rt yillik shartnoma imzolagan.

Hoselu: «Real» → «Al-G‘arafa» (1,5 mln yevro)

Hoselu 11 yildan keyin qadrdon klubiga qaytib, u bilan La liga va Chempionlar ligasida g‘alaba qozongandi, endi esa Yaqin Sharqqa yo‘l oldi. «Real» ushbu tajribali forvardni jamoada qoldirmoqchiligi haqida xabarlar tarqalgandi, ammo futbolchi faoliyatida yangi qadam tashlashga qaror qilgan ko‘rinadi. Madridliklarning «Espanol» bilan ijara shartnomasida futbolchining shartnomasini 1,5 mln yevroga sotib olish huquqi ko‘rsatilgandi va ular futbolchining Qatardagi «Al-G‘arafa» klubiga o‘tishini osonlashtirish uchun mazkur bandni faollashirishdi.

Nacho Fernandes: «Real» → «Al-Qodisiya» (erkin agent)

Nacho ham «Real»ni tark etadi. Fernandes madridliklar tizimida 23 yil o‘tkazdi. «Real» — ushbu himoyachining faoliyatidagi yagona klub edi. Endi esa ispaniyalik erkin agent maqomida Saudiya Arabistoni chempionatiga yo‘l oladi. Uning yangi jamoasi — o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra Saudiyaning yuqori ligasiga chiqqan «Al-Qodisiya» bo‘ladi. Ayni vaqtda Yevropa chempionatida ishtirok etayotgan Nacho Fernandesning ulkan tajribasi yangi klubi elitada qolishiga yordam berishi mumkin, u «Real» bilan 26 sovrin qo‘lga kiritgan.

«Atletiko»ni to‘rt futbolchi tark etadi

«Atletiko»da katta tozalash. Shartnomasi muddati yakunlangani tufayli Memfis Depay, Mario Ermoso, Gabriel Paulista va Vitolo madridliklar safini tark etadi. Ulardan to‘rtinchisi ancha vaqtdan buyon «Atletiko»ning asosiy tarkib futbolchisi emas. Gabriel klubga 2024 yil yanvar oyida kelib qo‘shilgandi, ammo o‘zining muhimligini isbotlay olmadi. Depay va Ermoso esa o‘tgan mavsumda asosiy tarkib futbolchilari edi. Ammo rahbariyat ular bilan shartnomani uzaytirmaslikka qaror qildi. Hozircha ushbu futbolchilar qayerga yo‘l olishi va «Atletiko» ularning o‘rnini kimlar bilan to‘ldirishi ma’lum emas.

«Barselona»dan ham uch futbolchi ketadi

«Barselona» ikki Joauni — Feliks va Kanseluni sotib olishga mablag‘ topa olmadi. Futbolchilar ijaradan o‘z klublari — «Atletiko» va «Manchester Siti»ga qaytadi. Shu bilan birga, «Barsa»da hali yangi ijara shartnomasi bo‘yicha kelishish varianti ham bor. Shuningek, kataloniyaliklar safini Markos Alonso tark etmoqda — uning shartnomasi muddati tugagan.

«Inter»ni ham qator futbolchilar tark etmoqda

Hujumchi Aleksis Sanches, shuningdek yarimhimoyachilar Xuan Kuadrado, Davi Klassen va Stefano Sensi shartnoma muddati yakunlanishi munosabati bilan «Inter»ni tark etadi. 35 yoshli Sanches 2019 yildan buyon milanliklar futbolchisi edi. U jamoa uchun barcha turnirlar doirasida jami 142 o‘yin o‘tkazib, 24 gol urgan va 28 assistga mualliflik qilgan. 36 yoshli Kuadrado «Inter»da 2023 yil yozidan buyon o‘ynayotgandi. 31 yoshli Klassen «neradzurrilar» safiga 2023 yil kuzida, 28 yoshli Sensi 2023 yil yozida kelib qo‘shilgandi.

«Inter» ikki nafar erkin agentni o‘z safiga qo‘shib oldi

«Inter» erkin agentlarni taklif etish bo‘yicha sinalgan sxemasini qo‘llashda davom etmoqda. Bu safar milanliklar forvard Mehdi Torimiy hamda yarimhimoyachi Petr Zelinskini qo‘lga kiritdi. Ularning ikkisi ham sobiq klublarini tekinga tark etdi: eronlik futbolchi — «Portu»ni, polyak — «Napoli»ni. Torimiy «Inter» bilan ikki yilga, Zelinski — uch yilga shartnoma imzolagan.

Duglas Luis: «Aston Villa» → «Yuventus» (51,5 mln yevro)

«Yuventus» «Aston Villa»dan 26 yoshli yarimhimoyachi Duglas Luisni sotib oldi. Braziliyalik futbolchi bilan shartnoma 2029 yilga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, transfer qiymati 51,5 mln yevro (bonuslar ham ko‘zda tutilgan)ni tashkil etgan. Bu kelishuv birgina futbolchi bilan cheklanmagan. «Yuventus»ning ayollar jamoasiga «Aston Villa»dan Duglas Luisning qallig‘i Alisha Lemann ham o‘tgan. Turinliklar esa Birminghemga birdaniga ikki futbolchisini sotgan: yarimhimoyachi Enso Barrenechea (8 mln yevro) va vinger Semyuel Aylingni (14 mln yevro).

Filippe Koutinio: «Aston Villa» → «Vasko da Gama» (ijara)

2023/2024 yillar mavsumini Koutinio ijara asosida Qatarning «Al-Duhayl» klubida o‘tkazgandi. Endi esa Filippe vataniga qaytmoqda. «Aston Villa» ushbu braziliyalikni «Vasko da Gama»ga ijaraga bergan. Koutinio — klub tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va aynan shu yerda faoliyatini boshlagan. 32 yoshida esa yana shu klub uchun o‘ynaydi.

Nikolo Dzaniolo: «Galatasaroy» → «Atalanta» (ijara)

Nikolo Dzanioloning sayohati davom etmoqda. 2023 yil fevralida uni «Galatasaroy» sotib olgandi, avgust oyida esa italiyalikni «Aston Villa» ijaraga oldi. APLdagi mavsumdan keyin birminghemliklar Dzanioloni sotib olishmadi, ammo u «Galatasaroy»ga ham qaytmadi. «Atalanta» Nikoloni 2025 yil 30 iyuniga qadar ijaraga oldi. Kelishuvda sotib olish huquqi ham mavjud bo‘lib, ma’lum shartlar bajarilgan taqdirda bu band majburiy bo‘lib qoladi.

Yan Matsen: «Chelsi» → «Aston Villa» (44,5 mln yevro)

«Aston Villa» «Chelsi»dan 22 yoshli chap qanot himoyachisi Yan Matsenni sotib oldi. Insayder Fabritsio Romanoga ko‘ra, birminghemliklar niderlandiyalik futbolchi uchun 44,5 mln yevro to‘lagan. Matsen «Aston Villa» bilan 2030 yilga qadar shartnoma imzolagan. Yan bungacha Angliyaning «Charlton», «Koventri» va «Byornli» kabi klublarida to‘p surgan, 2024 yil yanvaridan Dortmundning «Borussiya» klubi safida ijara asosia o‘ynagandi. U nemislar klubi bilan Chempionlar ligasi finaliga qadar yetib borgandi.

Ross Barkli: «Luton Taun» → «Aston Villa» (5,9 mln yevro)

30 yoshli yarimhimoyachi «Aston Villa»ga qaytdi. Barkli 2020/2021 yillar mavsumida, «Chelsi»dan ushbu klubga ijaraga berilgandi. O‘tgan mavsumni Ross «Luton Taun»da o‘tkazdi va yana eng yaxshi davrlaridagi kabi o‘ynadi. U barcha turnirlar doirasidagi 37 o‘yinda besh gol urib, olti assistni amalga oshirdi. Klub chempionshipga tushib ketgach esa «Villa» a’zosiga aylandi. Transfer qiymati 5,9 mln yevroni tashkil etadi. 

«Yuventus»ga yana ikki futbolchi keldi

2020 yildan buyon A Seriyada g‘olib bo‘la olmayotgan «Yuventus» tarkibni kuchaytirmoqda. Yangi bosh murabbiy Tiyago Motta boshchiligida klub faol transfer kampaniyasi olib bormoqda. Xususan, «Monsa»dan Italiya chempionatining eng yaxshi darvozabonlaridan biri — Mikele Di Gregorio ijaraga olindi. Kelishuv ma’lum shartlar amalga oshgan taqdirda, 20 mln yevroga sotib olish majburiyatini o‘z ichiga oladi. Bu holatda Di Gregorio turinliklar bilan yiliga 2 mln yevrolik maoshni ko‘zda tutuvchi besh yillik shartnoma imzolaydi.

Shuningdek, «Yuventus» «Nitssa»dan yarimhimoyachi Kefren Tyuramni — afsonaviy Lilian Tyuramning o‘g‘li va «Inter» forvardi Markusning ukasini o‘z safiga qo‘shib oldi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, ushbu xarid 20,6 mln yevro evaziga amalga oshgan. Kefren «Yuventus» bilan besh yillik shartnomaga imzo chekkan. E’tiborli jihati, futbolchining otasi ham 2001 yildan 2006 yilga qadar turinliklar safida o‘ynab, klub uchun 144 o‘yinda maydonga tushgan.

Moyze Kin: «Yuventus» → «Fiorentina» (13 mln yevro)

Kin — «Yuventus» tarbiyalanuvchisi. Ammo Moyze qadrdon klubining asosiy forvardi bo‘la olmadi. Unga bir necha bor imkon berildi — bundan naf chiqmadi. 2023 yil yozida «Yuve» Kinni 30 mln yevro evaziga «Everton»dan qaytarib olgandi. Rahbariyat bu xarajat uchun afsuslangani aniq. Endi turinliklar Moyzeni ikki barobar arzonroqqa «Fiorentina»ga sotib yubordi. Shu bilan birga, ma’lum shartlar evaziga, bu qiymat 18 mln yevrogacha o‘sishi ham mumkin. Kinning «Fiorentina» bilan shartnomasi 2029 yil yoziga qadar tuzilgan.

Etan Mbappe: «PSJ» → «Lill» (erkin agent)

Kilianning ukasi ham Parijdan ketdi. Katta Mbappe faoliyatini Madridning «Real» klubida davom ettirsa, Etanda — kamtarroq variant. Ammo «Lill» ham — yosh futbolchi uchun yomon variant emas. U bu yerda o‘sishda davom etish va maydonga ko‘proq chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Endi barchasi Etanning o‘ziga bog‘liq — bu yerda katta akasining homiyligidan foydalana olmaydi. «Lill» bilan shartnoma uch yilga tuzilgan.

Tangi Ndombele: «Tottenhem» → «Nitssa» (erkin agent)

Ndombele «Tottenhem»ga 2019 yilda 62 mln yevro evaziga kelgandi. Bu londonliklar uchun hamon o‘z tarixidagi eng qimmatbaho transfer bo‘lib qolmoqda. Ammo APLda Tangi o‘zini ko‘rsata olmadi. Unda ayrim yaxshi davrlar ham bo‘ldi, ammo hech kim uning «Tottenhem»dagi faoliyatini muvaffaqiyatli kechdi deb ayta olmaydi. 2022 yil yanvaridan buyon Tangi ijarama-ijara sang‘imoqda: «Lion», «Napoli», «Galatasaroy». Ammo ushbu klublarning hech biri fransuz yarimhimoyachini sotib olishni istamadi. Endi esa Ndombele vataniga qaytdi: «Nitssa» uni erkin agent maqomida taklif qildi. Ushbu futbolchidan 27 yoshida yana oldingi darajasiga qaytishi talab etiladi.

Mishi Batshuayi: «Fenerbahche» → «Galatasaroy» (erkin agent)

Belgiyalik forvardning faoliyati o‘zgacha kechmoqda: Mishi 2021/2022 yillar mavsumini «Beshiktosh»da o‘tkazgandi, keyin ikki yilga «Fenerbahche»ga ijaraga berildi. Endi esa «Galatasaroy»ga o‘tdi. Batshuayi Istanbulning uchta asosiy klubi safida o‘ynaydigan bo‘ldi. Belgiyalik «Fenerbahche»dan erkin agent maqomida kelib, «Galatasaroy» bilan uch yillik shartnoma imzolagan. Yangi klubi muxlislari ashaddiy raqib safidan kelgan futbolchiga qanday munosabatda bo‘lishini kuzatish qiziq.

Valdemar Anton: «Shtutgart» → «Borussiya» Dortmund (22,5 mln yevro)

O‘zbekistonning Olmaliq shahrida tug‘ilgan va Germaniya milliy jamoasi bilan Yevropa chempionatida ishtirok etgan himoyachi faoliyatida o‘sishga erishdi. Valdemar Anton 22,5 mln yevro evaziga «Shtutgart»dan Dortmundning «Borussiya» klubiga o‘tdi. 27 yoshli futbolchi yangi jamoasida Mats Hummelsning o‘rnini bosishi kerak. «Borussiya» rahbariyati vakillari — Lars Rikken, Sebastyan Kel va Sven Mislintat — aynan Anton qiyofasida jamoaning sobiq yulduziga muqobil ko‘rishgan. Valdemar klub bilan to‘rt yillik shartnoma imzolagan.

Mavzuga oid