Jahon | 19:09 / 16.07.2024
23252
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya armiyasiga yollanib, harbiy lagerdan O‘zbekistonga qochib kelgan yigit jazoga tortildi

U avtobus bekatidagi reklamani ko‘rib qolganidan keyin, 2024 yil 5 fevralda Rossiya Mudofaa vazirligining Moskva shahar bo‘limi bilan 240 ming rubl oylik maosh evaziga Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda qatnashish uchun shartnoma tuzgan. Biroq janglarda ishtirok etmasdan, harbiy lagerdan qochib ketgan.

Foto: AmurMedia

Pul evaziga Rossiya armiyasiga yollangan 23 yoshli yigitga hukm o‘qildi. Kun.uz tanishgan sud hukmida keltirilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumanida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan Sherzod Qutlimuratov 2023 yil dekabr oyida Rossiyaning Moskva shahriga ishlash maqsadida borgan.

U 2024 yil 5 fevral kuni bir martalik 195 ming rubl, keyinchalik 240 ming rubl miqdoridagi oylik maosh evaziga Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etish uchun Rossiya Mudofaa vazirligining Moskva shahar bo‘limi bilan shartnoma tuzgan.

Sherzod Qutlimuratov «Avangard» nomli harbiy lagerda maxsus harbiy jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan va o‘qchi etib tayinlangan. Ammo u 2024 yil 9 fevral kuni harbiy lagerdan qochib, «Moskva-Urganch» reysi orqali Amudaryo tumanidagi doimiy yashash manziliga qaytib kelgan.

Sherzod Qutlimuratov sudda aybiga iqror bo‘lib, bu ishga pul uchun qo‘l urganini ta’kidlagan.

«2023 yilning dekabr oyida ishlash maqsadida otam bilan Rossiyaning Kaluga shahriga bordik. Ammo u yerda ish topa olmagach, Moskva shahriga yo‘l oldik. Avvaliga qurilish ishlarida, keyinchalik tungi klubda barmen bo‘lib ishladim.

Bir kuni avtobus bekatida Rossiya Mudofaa vazirligining kontrakt asosida harbiy xizmatga taklif qilish mazmunidagi reklamasini ko‘rib qoldim va qo‘ng‘iroq qildim. 2024 yil 4 fevral kuni ishdan ketib, Moskva shahridagi Yablochkovo mavzesida joylashgan mudofaa bo‘limiga bordim. U yerda meni Xorazm viloyatidan bo‘lgan notanish shaxs kutib oldi va nega kelganimni so‘radi. Pul zarurligini tushuntirdim. U menga agar maxsus harbiy operatsiyada qatnashsam, keyinchalik Rossiya fuqaroligi berilishini aytdi. So‘ngra ma’lumotlarimni yozib olib, tegishli hujjatlarni to‘ldirdi. 

Bo‘limda meni tibbiy ko‘rikdan ham o‘tkazishdi va qaysi bo‘limda xizmat qilishni istashimni so‘rashdi. Men o‘qchi askar sifatida xizmat qilishni xohlashimni aytdim. Shartnoma tuzib, menga plastik karta berishdi. Boshida bir martalik 195 ming rubl, keyinchalik har oyda 240 ming rubl oylik maosh berishlarini, faqat pul mablag‘lari harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, jangga kirgach to‘lanishini tushuntirishdi», degan u.

Sherzod Qutlimuratovga agar shartnoma tuzilib bo‘lganidan so‘ng xizmatdan bosh torsa, bu javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida tushuntirilgan. Shu tariqa, uni boshqa ko‘ngillilar bilan birgalikda Moskva oblastida joylagan «Avangard» harbiy lageriga olib borishgan. Lagerda ular o‘qotar quroldan, drondan foydalanish, maxsus okoplarda harakatlanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tagan.

Qutlimuratov uch kun mobaynida ushbu mashg‘ulotlarda ishtirok etgan. Biroq lagerda Mixail ismli shaxs urushda qanday yaralanganini aytib bergach, xato qilganini tushunib, otasi kasal bo‘lib qolganini bahona qilgan holda qisqa ta’til so‘ragan. So‘ngra Moskva shahriga yetib kelib, O‘zbekistonga qaytgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudining 2024 yil 24 iyundagi hukmi bilan Sherzod Qutlimuratov Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (yollanish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Avvalroq Namangan viloyatining Pop tumanida yashovchi yigit «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga yollanib, Luhansk oblastidagi jangovar harakatlarda qatnashgani uchun 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgani xabar qilingandi.  

Mavzuga oid