O‘zbekiston | 19:49 / 19.07.2024
4941
3 daqiqa o‘qiladi

6 oyda qariyb 1,8 ming gektar yer maydonlari talon-toroj qilindi

Mazkur holatar yuzasidan 961 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Bosh prokuratura

O‘zbekistonda 6 oyda o‘zboshimchalik bilan egallanganligi aniqlangan 1 442 gektar yer maydonlari zaxiraga qaytarilgan. Bu haqda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev raisligida o‘tkazilgan kengaytirilgan hay’at majlisida ma’lum qilindi.

Hay’at yig‘ilishida prokuratura organlarining mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2024 yilning 1-yarmidagi faoliyati natijalari ko‘rib chiqilgan.

Ta’kidlanishicha, 2024 yilning 6 oyida prokuratura organlari tomonidan aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 102 mingga yaqin nazorat hujjatlari qo‘llanilib, 236 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan. Nazorat tadbirlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilganligi aniqlangan 1,8 trln so‘mlik zararning undirilishi ta’minlangan.

Yoqilg‘i - energetika sohasida qonuniylikni ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan qariyb 50 mingta reyd tadbirlari davomida, 48 mingdan ortiq noqonuniy holatlar fosh etilib, 217 mlrd so‘m zarar undirilgan.

Shuningdek, yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni ta’minlash yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida o‘zboshimchalik bilan egallanganligi aniqlangan 1 442 gektar yer maydonlari zaxiraga qaytarilishi ta’minlangan. 1 752 gektar yer maydonlarini talon - toroj qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan esa 961 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Majlisda aholi muammolarini hal qilish, murojaatlar bilan ishlash masalasi ham muhokama qilingan. Ma’lum bo‘lishicha, 6 oyda 137 mingta murojaat bevosita prokuraturada hal etilgan va qariyb 30 ming nafar shaxslarning buzilgan huquqlari tiklab berilgan.

Bosh prokuror tomonidan xodimlarning bilim va salohiyatini oshirish, malakali prokurorlar korpusini shakllantirishni yanada kuchaytirish, bu borada Huquqni muhofaza qilish akademiyasi imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Mavzuga oid