Jahon | 08:05 / 20.07.2024
5158
6 daqiqa o‘qiladi

Bayden prezidentlik lavozimi uchun kurashni davom ettirmoqchi

Demokratik partiya a’zolarining saylov kampaniyasini to‘xtatish bo‘yicha chaqiriqlariga qaramay, AQSh amaldagi prezidenti poygani davom ettirishini aytdi. 

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden 19 iyul, juma kuni keyingi haftada qayta saylanish kampaniyasini davom ettirishiga va’da berdi. Koronavirus infeksiyasi tufayli Bayden Delaverdagi uyida qolmoqda va bir qator tadbirlarni bekor qildi. Oq uy amaldagi rahbari AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp bilan iyun oyidagi muvaffaqiyatsiz debatdan so‘ng Kongressdagi demokrat hamkasblarining saylovoldi poygasidan chiqish chaqiriqlari fonida kurashga qaytishini ma’lum qildi.

«Kelgusi hafta saylovoldi tashviqotiga qaytishni intiqlik bilan kutaman, bunda Donald Trampning kun tartibidagi tahdidlarni fosh qilib, o‘zim qilayotgan ishim va Amerikaga nisbatan qarashlarimni ko‘rsataman», dedi Bayden. 

Baydenning shifokori koronavirus asoratlari haqida gapirdi

81 yoshli Bayden hafta boshida Las-Vegasga qilgan safari chog‘ida COVID-19 bilan kasallangani ma’lum bo‘ldi. Oq uy «yengil alomatlar» va «umumiy holsizlik» haqida xabar berdi. Testdan so‘ng Bayden davolanish uchun Delaverga qaytdi. 

Oq uy shifokori Kevin O'Konnor juma kuni prezidentda hali ham quruq yo‘tal va ovoz xirillashi borligini, ammo uning ahvoli yaxshilanganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Baydenning yurak urishi, qon bosimi va harorat kabi boshqa hayotiy ko‘rsatkichlari normal hamda u davolanishni yaxshi o‘tkazyapti. 

Baydenga bosim kuchayib bormoqda. Obama va Pelosi xavotirda 

Hozirgacha Kongressning 264 nafar demokrat a’zosidan 32 nafari Baydenni saylovoldi kampaniyasini tugatishga ochiq chaqirdi, boshqa yuqori martabali demokratlar esa buni yakka tartibda aytishgan, deb xabar berdi Reuters. AQSh sobiq prezidenti Barak Obama, Vakillar palatasi sobiq spikeri Nensi Pelosi va Kongressdagi partiya yetakchilari Baydenning saylovoldi kampaniyasi natijalari haqida shaxsiy xavotirlarini bildirganliklari haqidagi xabarlar ortidan oxirgi 48 soat ichida Baydenga nisbatan bosim keskin oshdi. 

Demokratlar 5 noyabrdagi saylovda respublikachilarning g‘alaba qozonishidan tashvishlanishmoqda, bu Tramp va uning ittifoqchilariga nafaqat Oq uy, balki Kongress har ikki palatasida ham ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritish imkonini beradi. 

Vitse-prezident Kamala Xarris Bayden o‘yindan chiqsa, Demokratik partiyadan prezidentlikka uning o‘rniga nomzod bo‘lish uchun asosiy da’vogar hisoblanadi. U juma kuni bir guruh donorlar bilan suhbatlashdi. 

Bayden o‘zining sevimli tok-shousida poygani tark etishga chaqiriladi 

«Albatta, prezident bu poygada qatnashmoqda», dedi saylovoldi shtabi raisi Jyen O'Melli Dillon MSNBC telekanalining «Tonggi Jo» dasturida. 

Ayni paytda, «Mash’alani topshirish» deb nomlangan demokratik guruh Baydenning o‘zi tomosha qilishni yaxshi ko‘radigan «Tonggi Jo»da to‘planib, uni kurashni to‘xtatishga chaqiruvchi telereklamalarni namoyish qilmoqda. NBC News xabar berishicha, Bayden oilasining ba’zi a’zolari «uning kampaniyadan chiqishi qanday bo‘lishi mumkinligini muhokama qilishgan», ammo bu borada yakuniy qaror qabul etilmagan. Demokratik partiyaning ko‘plab vakillari poygadan chiqish vaqt masalasi ekanini aytdi. 

Bayden kovid bilan kurashayotganda, Tramp Michiganga boradi

Bir kun avval Respublikachilar partiyasining Miluokidagi qurultoyida Donald Tramp partiyadan davlat rahbari lavozimiga ko‘rsatilgan nomzodlik nominatsiyasini qabul qildi va shu tariqa rasmiy nomzodga aylandi. Tramp o‘z nutqida Amerikani yaqinlashib kelayotgan parchalanishdan faqat o‘zi qutqarishga qodirligini va u «yarim, balki butun Amerika» prezidenti bo‘lishni xohlashini aytdi. 

Tramp AQSh amaldagi prezidentini keskin tanqid qilib, uni «mamlakatni vayron qilishda» aybladi. U o‘zi hokimiyat tepasida bo‘lganida dunyodagi hozirgi barcha yirik inqirozlar ro‘y bermagan bo‘lardi, deb hisoblaydi va ularni bartaraf etishga va’da berdi. Xususan, Rossiya, Trampning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga hujum qildi, chunki u Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlari olib chiqilayotganini ko‘rib, Bayden ma’muriyati qobiliyatsizligidan «ruhlandi». AQSh sobiq prezidenti yana «bir telefon qo‘ng‘irog‘i bilan urushlarni to‘xtatishi mumkinligini» bildirdi.

Tramp saylov kampaniyasi uchun muhim deb hisoblangan «zangli kamar»ning uchta shtatidan biri - Michiganga boradi. Michigan shtatida u o‘zining vitse-prezidenti etib tanlagan Ohayo shtatidan senator Jyeyms Devid Vens bilan birga suiqasddan keyingi ilk mitingini o‘tkazadi. Shtat 2016 yilda Trampga ovoz bergan, 2020 yilda esa u bu mintaqani Jo Baydenga boy bergan.

Mavzuga oid