Jahon | 10:11 / 20.07.2024
4428
3 daqiqa o‘qiladi

Belarusda Germaniya fuqarosi o‘lim jazosiga hukm qilindi

Belarusda Germaniya Qizil Xoch jamiyati vakili Riko Kriger o‘limga hukm qilindi, deya xabar beradi mahalliy huquq faollari va OAV. Germaniya tashqi ishlar vazirligi mahkumga yordam ko‘rsatmoqda.

Foto: Kun.uz

Germaniya tashqi ishlar vazirligi 19 iyul, juma kuni Germaniya fuqarosi Belarusda o‘lim jazosiga hukm qilingani haqidagi xabarni tasdiqladi. DW so‘roviga javoban vazirlik «bu ish idoraga ma’lum. Tashqi ishlar vazirligi va Minskdagi elchixona jabrlanuvchiga konsullik xizmatlarini ko‘rsatadi va Belarus hukumati oldida uning manfaatlarini faol himoya qiladi» deb javob berdi.

Germaniya tashqi ishlar vazirligining javobida ta’kidlanishicha, «o‘lim jazosi shafqatsiz va g‘ayriinsoniy jazo turi bo‘lib, Germaniya tomonidan har qanday sharoitda ham rad etiladi». «Biz uni butun dunyo bo‘ylab bekor qilishni va barcha jabrlanuvchilarga nisbatan uni qo‘llashdan bosh tortishga erishmoqchimiz», deyiladi vazirlik bayonotida. 

Huquq himoyachilari: Germaniya Qizil Xoch xodimi o‘limga hukm qilindi 

Shu kuni ertalab Belarusning «MotolkoPomogi» Telegram-kanali Belarusda iyun oyi oxirida Germaniya fuqarosi va Germaniya Qizil Xoch (GQX) xodimi Riko Kriger o‘limga hukm qilingani haqida xabar berdi. Xabar mualliflarining ta’kidlashicha, erkak «o‘qotar qurolga nisbatan qonunga xilof harakatlar», «transport yoki aloqa vositalarini yaroqsiz holga keltirish», «ekstremistik tuzilma yaratish yoki unda ishtirok etish», «yashirin faoliyat», «yollanma ish» va «terrorizm akti» kabi moddalarda ayblangan. Hukm qonuniy kuchga kirganmi, ustidan shikoyat qilinganmi yoki norozilik bildirilganmi, hozircha noma’lum, deb yozadi mahalliy OAV. 

«Vesna» inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, Kriger ishi Rossiyaga qarshi urushda Ukraina tomonida jang qilayotgan Kastus Kalinovskiy nomidagi Belarus ko‘ngillilar bo‘linmasi polkiga tegishli. 

Belarusda Riko Kriger ishi 

Mustaqil matbuotning avvalroq xabar qilishicha, 6 iyun kuni Minsk viloyat sudida Riko Kriger ustidan sud jarayoni boshlandi. O‘shanda Belarus poytaxtidagi Germaniya elchixonasi jurnalistlariga aytishicha, diplomatlar «ishdan boxabar» va «konsullik xizmatlarini ko‘rsatyapti». 

Krigerning LinkedIn sahifasiga ko‘ra, u 2021 yildan beri Germaniya Qizil Xoch jamiyatida tez tibbiy yordam bo‘yicha texnik bo‘lib ishlaydi. 2014—2017 yillarda Riko Kriger AQShning Berlindagi elchixonasida xavfsizlik xizmati xodimi, 2017—2021 yillarda esa Oraniyenburgdagi qariyalar uyida uy hamshirasining yordamchisi bo‘lgan. Belarusning «Nasha Niva» nashri Riko Krigerning Germaniyada hali voyaga yetmagan farzandi borligini yozdi.

Mavzuga oid