O‘zbekiston | 21:59 / 22.07.2024
5302
6 daqiqa o‘qiladi

22 iyulning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Chorvoq suv omborida tartiblarga bepisandlik ortidan ro‘y bergan fojia, oliygohlarning kunduzga bo‘limi uchun tasdiqlangan qabul kvotalari, O‘zbekistonning yarim yillik tashqi savdo aylanmasi —kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Chorvoqdagi fojia

Chorvoqda baxtsiz hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi.

Suv havzasiga dam olish maqsadida kelgan zangiotalik 19 yoshli yigit skuterni haydash vaqtida boshqaruvni eplay olmay, qarshisidagi katamaranga borib urilgan. Oqibatda katamaranda bo‘lgan 2 nafar Farg‘ona viloyatidan kelgan fuqarolar voqea joyida vafot etgan.

Voqea 20 iyul kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv omborining Burchmulla suv havzasida sodir bo‘lgan.

Buning oqibatida katamaranda bo‘lgan 2 nafar Farg‘ona viloyatidan kelgan fuqaro tan jarohati olgan. Ushbu baxtsiz hodisa oqibatida fuqarolar olgan tan jarohati tufayli voqea joyida vafot etgan.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu fojiali voqeadan so‘ng Chorvoq suv omborida barcha turdagi motorli qayiqlardan foydalanish 2020 yilning 10 iyulidan boshlab taqiqlangani eslatildi. Hukumat qaroriga hech kim rioya qilmasdan kelgan.

Oliygohlarga qabul kvotalari

Oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlariga qabul kvotalari tasdiqlandi. Bakalavr va magistratura qabuli uchun jami 44 ming 203 ta davlat granti o‘rinlari ajratildi.

Prezidentning 2024 yil 19 iyuldagi 36-sonli farmoyishi bilan 2024/2025 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlandi. Jumladan:

– bakalavr kunduzgi ta’lim shakliga – 34 ming 838 nafar;

– magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 9 ming 365 nafar grant o‘rinlari ajratildi.

Prezident farmoyishi bilan tasdiqlangan joriy yilgi kvotalarning avvalgilaridan bir qancha farqi bor:

Birinchidan, kvotalar OTM kesimida emas, balki yo‘nalishlar kesimida e’lon qilindi;

Ikkinchidan, kvotalar faqat davlat granti uchun e’lon qilindi, to‘lov-kontrakt uchun yo‘q;

Uchinchidan, kvotalar faqat kunduzgi ta’lim shakli uchun e’lon qilindi, sirtqi, kechki va masofaviy uchun yo‘q.

Saudiya kompaniyasi shamol elektr stansiyasidagi ulushini sotdi

Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi Buxoroda qurilayotgan Bash va Jankeldi shamol elektr stansiyalaridagi 35 foiz ulushini Xitoyning China Southern Power Grid International kompaniyasiga sotdi.

ACWA Power kompaniyasi Buxoro viloyati Peshku va G‘ijduvon tumanlarida qurilayotgan, har biri quvvati 500 MW bo‘lgan – Bash va Jankeldi shamol elektr stansiyalaridagi 35 foiz ulushini sotish uchun bitim tuzdi. Bitim qiymati ochiqlanmagan.

Buxoroning ikki tumanida shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha prezident farmoni 2021 yilda imzolangan. Bu ikki loyiha quvvati jami 1000 MWga teng bo‘lib, ACWA Power ularning qurilishini 2022 yilda boshlagan. Shamol elektr stansiyalari 2024 yilda foydalanishga topshirilishi kerak edi. Ammo hozircha topshirilgani yo‘q.

O‘zbekistonning yarim yillik tashqi savdo aylanmasi

Statistika agentligi O‘zbekistonning 2024 yil yanvar-iyun oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotni taqdim etdi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi 31,8 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 13 mlrd dollar, import hajmi esa 18,8 mlrd dollar. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 5,5 foizga, import hajmi 10,6 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 5,8 mlrd dollarga yetgan.

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi sifatidagi o‘rnini saqlab qolgan bo‘lsa-da, bu borada Rossiyaning ulushi oshib boryapti. Hisobot davrida Xitoy bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 5,9 mlrd dollarga, Rossiya bilan 5,7 mlrd dollarga yetgan.

2024 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan top-10 davlat — Xitoy ($5,89 mlrd), Rossiya ($5,75 mlrd), Qozog‘iston ($1,91 mlrd), Turkiya ($1,43 mlrd), Janubiy Koreya ($1,06 mlrd), Turkmaniston ($614 mln), Fransiya ($563 mln), Germaniya ($506 mln), AQSh ($463 mln) va Afg‘oniston ($461 mln).

Seysmik zaif bino-inshootlar qancha?

Ayni paytda O‘zbekistonda 42 mingga yaqin ko‘p kvartirali uylar mavjud bo‘lib, ularning 30 795 tasi, ya’ni 73 foizi 1991 yilgacha qurilgan.

Bu raqamlar “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasida tilga olib o‘tilgan.

Ularning 1032 tasi instrumental texnik ko‘rikdan o‘tkazish talab etiladigan, 223 tasi seysmik zaif bino-inshootlar ekanligi aniqlangan.

Shu bois, renovatsiya asosida uy-joy fondi obektlarini me’moriy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan yangilash (renovatsiya qilish) zaruriyati yuzaga kelmoqda, deyiladi loyihada. Bu esa shaharlardagi eski ko‘p qavatli turar joylarning buzilishi va o‘rniga yangisi qurilishini anglatadi.

Mavzuga oid