Jahon | 12:37 / 22.07.2024
2262
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil HAMAS garovga olganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlaydi

Isroil garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha HAMAS harakati bilan bilvosita muzokaralarning yangi bosqichi uchun Qatarga delegatsiya yuboradi. Delegatsiyaga Isroil razvedka xizmati - «Mossad» direktori boshchilik qiladi.

Foto: Ronen Zvulun / Reuters

Isroil garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha HAMAS harakati bilan bilvosita muzokaralarning yangi bosqichi uchun Qatarga delegatsiya yuboradi. Bu haqda 21 iyul, yakshanba kuni kechqurun dpa agentligi xabar berdi. 

Delegatsiya 25 iyul, payshanba kuni Qatar poytaxti Dohaga jo‘nab ketadi va unga Isroil razvedka xizmati - «Mossad» direktori David Barnea boshchilik qiladi. Bu delegatsiyani jo‘natish to‘g‘risidagi qarorni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu o‘zining eng yaqin maslahatchilari bilan bir necha soatlik maslahatlashuvlardan so‘ng qabul qildi, deya xabar beradi OAV. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Barnea o‘tgan hafta Qatarga uchishi kerak edi, ammo uning safari qoldirildi. Shuningdek, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) rahbari Uilyam Berns G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etish uchun Dohaga borishi ma’lum qilindi. Qatar va AQSh Misr bilan birga bu muzokaralarda vositachilik qilmoqda.

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarda oldinga siljish 

12 iyul kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil hukumati va HAMAS harakati rahbariyati o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvlar doirasi kelishib olinganini aytdi. Shu bilan birga, Amerika yetakchisining qo‘shimcha qilishicha, tomonlar «hali qiladigan ishlar ko‘p». 

7 iyul kuni butun Isroil bo‘ylab minglab odamlarning norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi, unda mamlakat hukumatidan garovga olinganlarni ozod etish talab qilindi. Namoyishchilar, shuningdek, hukumat iste’fosini va Knessetga (mamlakat parlamenti) muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishni talab qilishdi. Namoyishlar 2023 yil 7 oktyabrda HAMASning Isroilga hujumidan keyin roppa-rosa to‘qqiz oy o‘tib tashkillashtirildi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. 

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 38 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid