Jahon | 07:31 / 24.07.2024
3091
4 daqiqa o‘qiladi

Parij: O‘yinlarni beqarorlashtirishda gumon qilingan rossiyalik ushlandi

Rossiya Federatsiyasi fuqarosi xorijiy davlat foydasiga josuslik qilish va yozgi Olimpiya o‘yinlari vaqtida Fransiyadagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun keng ko‘lamli harakatlarni tayyorlaganlikda gumonlanmoqda.

Foto: Martin Rickett/PA

Parijda 40 yoshli Rossiya fuqarosi hibsga olindi. Bu haqda 23 iyul, seshanba kuni Fransiya poytaxti prokuraturasi ma’lum qildi. Erkak «Fransiyada harbiy harakatlarni qo‘zg‘atish maqsadida xorijiy davlat manfaatlarini ko‘zlab razvedka faoliyati olib borganlikda» gumon qilinmoqda. Le Parisien gazetasi aniqlik kiritishicha, rossiyalikka ayblov qo‘yilgan.

Gumonlanuvchining kvartirasida o‘tkazilgan tintuv chog‘ida «uning Olimpiada o‘yinlari paytida Fransiyadagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun rossiyaparast operatsiya tayyorlaganidan dalolat beruvchi dalillar topildi», dedi nashrning tergovga yaqin suhbatdoshi. Boshqa bir manbaning jurnalistlarga aytishicha, bu «jiddiy» oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan «keng ko‘lamli loyiha» bo‘lishi ehtimoli bor.

Tekshiruv Fransiya Ichki ishlar vazirligining ichki xavfsizlik bosh boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda – ya’ni aksilterror agentlik emas, aksilrazvedka, deya tushuntiradi Le Parisien. Agar erkak aybdor deb topilsa, u 30 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. 

Parij yaqinida Donbassdan bo‘lgan ehtimoliy diversant hibsga olindi 

5 iyun kuni Parij yaqinidagi Sharl-de-Goll aeroporti yaqinida Rossiya va Ukraina fuqaroligiga ega bo‘lgan donbasslik fuqaro qo‘lga olingani haqida ma’lum bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, 26 yoshli erkak o‘zi yig‘ayotgan qo‘lbola bomba portlashi oqibatida yuzi jiddiy kuyish jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan. Uning mehmonxona xonasini ko‘zdan kechirish chog‘ida bir nechta portlovchi moslama va xomashyo, shuningdek, pul, qalbaki pasport va o‘qotar qurollar topilgan. 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi Ukrainaga yetkazib berish uchun mo‘ljallangan Fransiya harbiy texnikasini yo‘q qilish maqsadida bir nechta portlovchi moslamalar yasamoqchi bo‘lgan. Ushbu ish bo‘yicha tergovni Fransiya Ichki ishlar vazirligining ichki xavfsizlik bosh boshqarmasi Fransiya milliy aksilterror prokuraturasi bilan hamkorlikda olib bormoqda.

Fransiya josuslikda gumon qilinganlarni Olimpiadaga kiritmaydi

Fransiya hukumati josuslikdan xavotirlanib, bir necha o‘nlab xorijliklarga Parijdagi yozgi Olimpiada o‘yinlariga kirishni rad etdi. Taqiq Rossiya, Belarus va boshqa bir qator mamlakatlardan kelgan yuzga yaqin kishiga taalluqli, dedi mamlakat ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanen Le Journal du Dimanche nashriga bergan intervyusida.

Uning aniqlik kiritishicha, gap 2024 yilgi Olimpiadaga jurnalist, fizioterapevt yoki texnik xodimlar niqobi ostida kelishni istagan xorijliklar haqida ketmoqda. «Ehtimol, ular bu yerga hujumlar uyushtirish uchun kelmaydi. Lekin, razvedka va an’anaviy josuslikdan tashqari, kiberhujumlarni amalga oshirish uchun kompyuter tarmoqlariga kirish nuqtalaridan boxabar bo‘lib turish kerak», - dedi Darmanen. Shu bilan birga, Xalqaro olimpiya qo‘mitasida ishlaydigan rossiyaliklarga o‘yinlarda qatnashish uchun ruxsat berildi. 

Umuman olganda, Jyerald Darmanen so‘zlariga ko‘ra, razvedka xizmatlari tomonidan tekshirilgan 960 ming shaxsdan 4340 kishiga, jumladan ko‘ngillilar, stadion ishchilari va sport delegatsiyalari a’zolari 2024 yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan. Gap terrorchilik, o‘ng va so‘l radikal faoliyat, shuningdek, ilgari jinoyat sodir etganlikda gumon qilinganlar haqida bormoqda. 

Parijdagi Yozgi Olimpiya o‘yinlari 26 iyuldan 11 avgustgacha bo‘lib o‘tadi. Ularda rossiyalik va belaruslik sportchilar neytral maqomda qatnashadi.

Mavzuga oid