Jahon | 15:07 / 25.07.2024
7427
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukrainaga dronlar va raketalar bilan hujum qildi

Ukrainaning yetti viloyatida havo hujumidan mudofaa kuchlari ishladi. 38 ta drondan 25 tasi urib tushirilgan.

Foto: Nina Liashonok/Avalon/Photoshot/picture alliance

25 iyul, payshanbaga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga 38 ta «Shahed-131/136» hujumkor dronlari bilan hujum qildi, ulardan 25 tasi havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirildi, dedi Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchuk. Unga ko‘ra, Odessa viloyati janubidagi va Ukraina markaziy hududlaridagi infratuzilma obektlari hujumga uchragan. Havo hujumidan mudofaa kuchlari Kiyev, Odessa, Xerson, Mikolayiv, Sumi, Jitomir va Cherkas viloyatlarida ishladi. Oleshchuk, shuningdek, Ruminiya bilan davlat chegarasini kesib o‘tgan uchta dron «yo‘qolgan»ligini ham ta’kidladi. Ruminiya hukumati chegarani kesib o‘tish faktiga izoh bermadi. 

Odessa viloyatida Izmoil tumani hujumga uchradi

Odessa viloyati ma’muriyati rahbari Oleg Kiperning aytishicha, mintaqada Ruminiya bilan chegarada joylashgan Izmoil tumani hujumga uchragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u yerdagi ma’muriy bino qisman vayron bo‘lgan, yong‘in kuzatilgan va u o‘chirilgan. Kiperning qo‘shimcha qilishicha, xususiy uy ustiga vayronalar tushishi oqibatida ikki kishi jarohatlangan, ulardan biri kasalxonaga yotqizilgan. 

Strana.ua nashrining xabar berishicha, dron hujumi natijasida Izmoilning Vilkovo hududidagi port inshootlariga zarar yetgan. 

Jitomir viloyatida infratuzilma obekti shikastlangan

Jitomir viloyatida infratuzilma obektiga kechasi «Shahed»lar tomonidan zarba berildi, deya ma’lum qildi viloyat hokimiyati. «Qulab tushgan vayronalar va zarba to‘lqini natijasida 10 ga yaqin xususiy uy va infratuzilma obekti zarar ko‘rdi», — dedi ma’muriyat rahbari Vitaliy Bunechko. 

Rossiya Mudofaa vazirligi Xarkivga raketa hujumlari haqida ma’lum qildi

Rossiya Mudofaa vazirligi, o‘z navbatida, Xarkivga raketa hujumlari haqida xabar berdi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, «Iskandar» raketa majmuasining zarbalari Xarkiv zirhli zavodidagi ikkita zirhli texnikani ta’mirlash ustaxonasini yo‘q qilgan.

Payshanba kuni ertalab departament Xarkiv sanoat zonasida «Skorpion» qurilish kompaniyasi binosida joylashgan harbiy xizmatchilarni vaqtincha joylashtirish punktiga navbatdagi zarba yo‘llangani haqida xabar bergan edi.

Mavzuga oid