Kamala Harris - Oq uyda yangi odam. WSJ AQSh prezidentligiga nomzodning atrofidagilar haqida ma’lumot berdi
AQSh vitse-prezidenti, Jo Bayden tomonidan Demokratik partiyaning prezidentlikka nomzodi sifatida ilgari surilgan Kamala Harrisning yaqin kishilari doirasiga uning oilasi a’zolari hamda Kaliforniya bosh prokurori va senator sifatidagi faoliyati vaqtida hamkorlik qilgan safdoshlari kiradi, deya yozadi The Wall Street Journal.
Nashr vitse-prezidentning ko‘pchilikka tanish bo‘lgan asosiy tarafdorlaridan biri sifatida uning turmush o‘rtog‘i Dag Emhoffni keltirgan, ular 2014 yilda, Harris Kaliforniya bosh prokurori sifatida ikkinchi muddatida ishlashni boshlaganida nikohdan o‘tishgan. Emhoff — huquqshunos. Vitse-prezidentning turmush o‘rtog‘i sifatida u AQShning «ikkinchi jyentlmeni» («birinchi ledi»ga muqobil) maqomini olgan. Oq uyning hozirgi ma’muriyatida Emhoff gender tenglik masalalari, jumladan ayollar huquqlari, antisemitizmga qarshi kurash bo‘yicha shug‘ullanadi. Emhoffda yahudiylar qoni bor — va u Oq uyga milliy madaniy an’analarni olib kirgan: Pesax bayramini nishonlashdan tortib Harrisning qarorgohi eshiklariga mezuzlar osib qo‘yishgacha.
Shuningdek, Harrisning yaqin kishilari sirasiga uning o‘zi kabi huquqshunos bo‘lgan boshqa qarindoshlari ham kiradi. Ulardan biri singlisi Mayya Harris. Kamala 2020 yilda prezidentlikka nomzodini qo‘yganida, u saylovoldi shtabi rahbari bo‘lgan, undan oldinroq esa Hillari Klintonga 2016 yilgi kampaniya davrida maslahatchilik qilgan, ammo hech qachon Oq uyda rasmiy lavozimda ishlamagan.
WSJ Harrisning tarafdorlari qatorida uning kuyovi Toni Uestni keltirgan, u Obama ma’muriyati davrida bosh prokuror yordamchisi bo‘lib ishlagan. Nashrning qayd etishicha, u so‘nggi kunlarda turli tadbirlarda, jumladan xayriya mablag‘lari yig‘ishda Harrisga hamrohlik qilmoqda. Bundan tashqari, Harris o‘z qarindoshi, huquqshunos va yozuvchi Mina Harris bilan ham yaqin aloqa o‘rnatgan.
Bundan tashqari, Harris 2016 yilda Senatga saylanganidan keyin o‘zi bilan birga ishlaganlar orasida ittifoqchilarga ega. Ulardan biri — uning sobiq siyosiy maslahatchisi Roxini Kosoglu. U 2020 yilda Bayden-Harris jamoasining prezidentlik kampaniyasi vaqtida, keyin — saylovlardagi g‘alabadan keyingi o‘tish davri jamoasida katta maslahatchi bo‘lib ishlagan. O‘tish davri jamoasining yana bir a’zosi Josh Syuy senatdagi faoliyati davrida Harris apparati rahbari o‘rinbosari va bosh yuriskonsult bo‘lgan, shuningdek — Harrisning 2020 yilgi saylov kampaniyasida milliy siyosat bo‘yicha direktor bo‘lgandi.
WSJ Harrisning tarafdorlari sifatida senatda va 2020 yilgi qisqa muddatli saylov kampaniyasida u bilan birga ishlagan yana bir necha kishilarni keltirgan — Ayk Irbi, Juli Chaves Rodriges, Kristin Lyutsius va Lorreyn Vouls. Ulardan oxirgisi hozirda Harris shtabini boshqarmoqda.
Bundan tashqari, Harris qora tanlilarning huquqlari uchun kurashuvchi siyosiy yetakchilar, shuningdek abort huquqini yoqlovchi kishilar bilan «yaqin aloqalarga ega». Nashr ular sirasiga Demokratik partiyaning milliy qurultoyi raisi Minon Mur, kaliforniyalik senator Lafonzu Batler va Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusomning sobiq maslahatchilari Eys Smit va Shon Kleggni kiritan. WSJ manbasi so‘zlariga ko‘ra, Klegg yaqinda ham Harrisga Respublikachilar partiyasidan vitse-prezidentlikka nomzod bo‘lgan Jyey Di Vens bilan debati yuzasidan maslahatchilik qilgandi.
Bayden saylov poygasini tark etishini e’lon qilganidan ikki kun o‘tib, WSJ sobiq va hozirgi amaldorlarga tayangan holda, Kamala Harris g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, amaldagi prezidentning yaqin safdoshlari — AQSh davlat kotibi Entoni Blinken, mudofaa vaziri Lloyd Ostin va prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan o‘z lavozimlarini tark etishi mumkinligi haqida yozgan. Nashr taxminiga ko‘ra, Harris jamoasida asosiy rolni uning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Filip Gordon o‘ynaydi, u Barak Obama ma’muriyati vaqtida AQSh Davlat departamentida Yevropa masalalari bo‘yicha ishlagan, keyin Oq uy mulozimiga aylanib, Yaqin Sharq masalalari bilan shug‘ullangan.
The Wall Street Journal qayd etishicha, Kamala Harris — Jo Baydendan farqli o‘laroq — Oq uydagi yangi odam bo‘lib qolmoqda.
Mavzuga oid
12:10 / 01.10.2024
Yaponiyada muddatidan oldin saylovlar o‘tkaziladi
14:50 / 30.09.2024
O‘zbekiston parlament saylovlarida ovoz berish uchun Rossiyada 7 ta saylov uchastkasi tashkil etiladi
10:50 / 30.09.2024
Avstriyadagi saylovlarda o‘ng populistlar g‘alaba qozondi
14:25 / 28.09.2024