Jahon | 22:28 / 27.07.2024
8948
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil HAMAS bilan kelishuv bo‘yicha yangi taklif ishlab chiqdi

Unda HAMAS jangarilarining G‘azo sektori janubidan shimolga harakatlanishiga to‘sqinlik qiluvchi mexanizm yaratish talab qilinadi.

Foto: Ahmad Hasaballah/Getty Images

Isroil garovga olinganlarni ozod qilish va G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga HAMAS jangarilarining anklav janubidan shimolga harakatlanishiga to‘sqinlik qiluvchi mexanizm yaratish haqidagi bandni kiritishni taklif qildi. Bu haqda Axios yozdi. Qayd qilinishicha, Isroil yangi rejani allaqachon AQShga yuborgan.

Ismini oshkor etmagan isroillik mulozimga ko‘ra, Tel-Aviv xorijiy davlat tomonidan yaratilgan tuzilma anklav bo‘ylab jangarilar harakati va qurol-yarog‘ tashilishini nazorat qilishi kerak, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, Isroil bunday mexanizm qanday ishlashi kerakligi haqida batafsil ma’lumot bermagan.

Yangilangan taklif, shuningdek, kelishuvning birinchi bosqichida Isroil armiyasini G‘azo sektorida qayta joylashtirish rejasiga o‘zgartirishlar kiritishni talab qiladi. Biroq Isroil tomoni birinchi bosqichda o‘z armiyasini anklav va Misr chegarasidagi Filadelfiya koridorida qolishi talabini o‘zgarishsiz qoldirdi.

Taklif kelishuv bo‘yicha navbatdagi muzokaralar boshlanishidan bir kun oldin Qo‘shma Shtatlarga yuborilgan. 28 iyul kuni Rimda Mossad direktori David Barnea, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Berns, Qatar bosh vaziri Muhammad bin Abdurahmon bin Jassim Ol Soniy va Misr razvedkasi rahbari Abbos Komil o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralar bir necha oydan beri davom etmoqda. Qo‘shma Shtatlar tomonidan taklif etilgan uch bosqichli o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitim loyihasida tomonlar garovga olingan 116 nafar isroillikni ozod qilish uchun G‘azodan Isroil qo‘shinlarini to‘liq olib chiqib ketish bilan harbiy harakatlarni yakuniy to‘xtatish haqida kelishib olishlarini nazarda tutadi.

Biroq Isroil janglarni cheksiz to‘xtatishga, shuningdek, anklavdagi nazoratni jangarilar qo‘liga o‘tkazishga rozi bo‘lmadi. So‘nggi kunlarda Isroil kelishuv shartlarini keskinlashtirdi va tinch aholini G‘azo sektorining janubidan shimolga ko‘chib o‘tish jarayonida tekshirishni talab qildi.

Mavzuga oid