Jahon | 19:02 / 29.07.2024
25373
18 daqiqa o‘qiladi

110 yil oldin Birinchi jahon urushi boshlangandi - g‘ayriinsoniy, qonli va dunyoni butunlay o‘zgartirgan urush

Bunga bir asrdan oshdi, ammo ko‘p narsa o‘zgarmagandek.

Roppa-rosa 110 yil muqaddam, 1914 yil 28 iyulida, Birinchi jahon urushi boshlangandi. Yevropada Ikkinchi jahon urushini emas, aynan o‘sha urushni buyuk urush deb atashadi. Rossiya hukumati vakillari Ukrainaga bosqinni muhokama qilishda Ikkinchi jahon urushi davridagi voqealar bilan taqqoslar qilishni xush ko‘rishadi, ammo tarixchilar va harbiy ekspertlar Rossiya-Ukraina mojarosi rivojida ko‘proq Birinchi jahon urushi frontlaridagi voqealar bilan o‘xshashliklarni ko‘rishadi. Qaysidir ma’noda, orasini butun bir asr ajratib turgan ikki urush haqiqatan ham o‘xshashib ketadi: ularning ikkisi ham — o‘z tashabbuskorlari ritorikasida «mudofaa xarakteridagi urush» deb ataladi, harbiy harakatlar ko‘pga cho‘zilgan, xandaqlar qazilgan va haddan tashqari qonli. «Meduza» Birinchi jahon urushi davriga oid fotosuratlarni jamladi — ular XX asr boshida dunyo qanday qilib imkonsiz bo‘lib tuyulgan g‘ayriinsoniy va sovuq qonli urushga to‘qnashgani haqida.

G‘arbiy frontdagi yo‘nalishlardan birida snaryad hosil qilgan va yomg‘ir suvi bilan to‘lgan o‘ra yonidan o‘tayotgan britaniyalik harbiylar (s’yomka vaqti noma’lum)
Hulton-Deutsch Collection / Corbis / Getty Images
Wikimedia Commons

Avstriya ersgersogi Frans Ferdinand Bosniya serblaridan bo‘lgan, «Mlada Bosna» («Yosh Bosniya») inqilobiy harakati a’zosi Gavrilo Prinsip tomonidan o‘ldirilishi Birinchi jahon urushi boshlanishi uchun bahona (sabablar ancha murakkabroq edi) bo‘lgandi. Bu hodisa 1914 yil 28 iyun kuni Sarayevoda ro‘y beradi. Avstriya-Vengeriya taxti vorisi Ferdinand markazi Avstriya, Vengriya va slavyan yerlaridan markazi Vena bo‘ladigan federatsiya tuzmoqchi edi. «Mlada Bosna» janubiy slavyan xalqlari bir davlat — Buyuk Serbiyaga birlashishi tarafdori edi. Mazkur fotosuratda 1914 yil 5 iyul kungi qo‘lga olish jarayoni aks etgan — ammo, bugungi kunga kelib tarixchilar taxmin qilishicha, o‘shanda Prinsip emas, tasodifiy o‘tkinchi ushlangan. Nima bo‘lganda ham, bu kadrdan Avstriya-Vengriyada propaganda maqsadlarida keng foydalanilgan. 

Bettman / Getty Images

Rossiya imperiyasi Birinchi jahon urushi boshlanishida muhim rol o‘ynagan. Iyul inqirozi chog‘ida, hali Yevropa mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga urinayotganida, 1914 yil 26 iyul kuni, Nikolay II maxfiy tarzda safarbarlik boshlaydi — «urush davriga tayyorgarlik»ni. O‘sha vaqtda Serbiya hali Avstriya qo‘ygan ultimatumni rad etmagandi ham. Rossiyada yalpi safarbarlik 29 iyul kuni e’lon qilinadi — o‘sha kuni german kayzeri Vilgelm Nikolay II ga yo‘llagan telegrammasida tinchlik yoki urush foydasiga yakuniy qaror qabul qilinishi uchun mas’uliyatni Rossiya imperatori zimmasiga yuklaydi. 1 avgust kuni Germaniya Rossiyaga urush e’lon qiladi. Fotosuratda — Rossiya imperiyasining Birinchi jahon urushiga kirishini qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilgan aksiya (sanasi aniq emas). 

Avstriyalik askarlar frontga jo‘nashdan oldin yaqinlari bilan vidolashmoqda (s’yomka vaqti noma’lum).
Hulton-Deutsch Collection / Corbis / Getty Images

Urush boshlangan mahalda Uchlar ittifoqi (Germaniya, Avstriya-Vengriya, Italiya) va Antanta ittifoqi (Buyuk Britaniya, Rossiya, Fransiya) vakillarining asosiy qurollari miltiq, pulemyot va revolverlar edi. Aviatsiya avvaliga juda sust rivojlanadi (jang qilayotgan mamlakatlarning har birida o‘rtacha 150–250 tadan samolyot bo‘lgan) va asosan razvedka uchun foydalaniladi, ammo vaqt o‘tib samolyotlar ham janglarda qatnasha boshlaydi: samolyotlarga statsionar pulemyotlar o‘rnatiladi, ulardan qo‘l bilan bomba tashlashga o‘tiladi. Artilleriya ham faollik bilan taraqqiy etadi — ishlab chiqarish hajmi oshadi (xususan, 1916 yilda Somma daryosi bo‘yidagi janglarda ittifoqchilar haftasiga bir yarim milliondan ortiq snaryad uchirishgan) va zarbasi kuchliroq bo‘la boshlaydi. 

Avstriya-Vengriya qo‘shini marsh qilib Serbiya hududi bo‘ylab harakatlanmoqda.
Robert Hunt Library / Mary Evans Picture Library 2013 / Scanpix / LETA

Birinchi jahon urushi Avstriya Serbiyaga urush e’lon qilishi bilan boshlangan bo‘lsa-da, birinchi yilda bolqon davlati hududida hech qanday harbiy faollik kuzatilmagandi. Ammo 1915 yil kuzida Antantaga qarshi urushga Bolgariya qo‘shiladi: ushbu davlat armiyasi Serbiyaga bostirib kirib, serb qo‘shinini Albaniyaga chekintiradi, ularni qo‘llab-quvvatlab turgan ingliz-fransuz qo‘shini — Gretsiyaga ketishga majbur bo‘ladi. Serbiyaning qulashi Markaziy derjavaga (Italiya Antanta safiga o‘tib ketganidan keyin yuzaga kelgan Germaniya, Avstriya-Vengriya, Usmoniylar imperiyasi va Bolgariya ittifoqi) quruqlik orqali Turkiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l ochadi.

Nemis merganlari 1914 yil sentabrida Fransiyaning sharqiy qismidagi Ena daryosi bo‘yida fransuz bo‘linmalariga qarshi jang vaqtida front chizig‘idagi pozitsiyasi tomon harakatlanmoqda.
Keystone / Getty Images

Ena bo‘yidagi janglarda g‘olib tomon bo‘lmaydi. Urushning uzoq vaqt cho‘zilgan pozitsion bosqichi — qonli va natijasiz turg‘un urush aynan shu yerdan boshlangandi. 

Nemislarning pulemyotchilar rotasi Darkemen yaqinidagi (hozirda — Rossiyaning Kaliningrad oblasti Ozersk shahri) janglar vaqtida.
Der Grosse Krieg / Art Media / Print Collector / Getty Images

Birinchi jahon urushi davrida Sharqiy Prussiyaning Darkemen shahri atrofida 1914 yil kuzidan 1915 yil fevraliga qadar juda ko‘p janglar bo‘lib o‘tgan. Bu vaqtda qo‘l pulemyoti stanoklisi o‘rnini egallagan va o‘sha janglardagi asosiy qurolga aylangandi. Ushbu qurol tufayli piyoda bo‘linmalarning o‘t ochish qobiliyati va mobilligi oshgan. 

Rossiya piyodalari hujumga otlanmoqda, 1914 yil (s’yomkaning aniq vaqti va joyi noma’lum).
Universal History Archive / Getty images

Rossiya imperiyasi qo‘shini ikki frontda jang qilgan — Sharqiy frontda Avstriya-Vengriya armiyasiga qarshi va Kavkazda turklar bilan. 1914 yilda Rossiya Galitsiya jangida g‘alaba qozonib, amalda Sharqiy Galitsiyani to‘liq va G‘arbiy Galitsiyani qisman egallaydi (bu bugungi Ukrainaning g‘arbiy qismi bo‘lib, o‘sha vaqtda Avstriya-Vengriya tarkibiga kirgan). Rossiya armiyasining yana bir muvaffaqiyati 1916 yil iyunida Brusilov qo‘shinlarining yorib o‘tishi bo‘lgandi — bu Birinchi jahon urushida yo‘qotishlar soni bo‘yicha eng yirik amaliyot edi (uch yarim oy ichida ikki millionga yaqin kishi halok bo‘lgan). Natijada Rossiya Bukovina va Janubiy Galitsiyani egallaydi, Germaniya esa G‘arbiy frontdan kattagina kuchlarini Sharqiy frontga o‘tkazishga majbur bo‘ladi — bu esa Fransiyadagi ittifoqchilar holatini ancha yengillashtiradi. 

Fransiyaning Somma daryosi bo‘yidagi janglar vaqtida yaralangan quroldoshini ikki g‘ildirakli zambilda olib ketayotgan britaniyalik askarlar — bu insoniyat tarixidagi eng yirik janglardan biri bo‘lgandi.
Robert Hunt Library / Mary Evans Picture Library 2013 / Scanpix / LETA

Britan va fransuz qo‘shinlari bir bo‘lib, nemislarga qarshi olib borgan janglar 1916 yil iyulidan noyabriga qadar davom etgan — bu muddat ichida 1 milliondan ortiq kishi halok bo‘lgan va yaralangan. Sommadagi jang tanklar qo‘llangan ilk jang bo‘lgandi; unda aviatsiya ham muhim rol o‘ynagan. Jangdan keyin strategik tashabbus Markaziy derjavadan Antantaga o‘tadi — va bu nemis qo‘shinlarining ruhiy holati va jangovarligiga ta’sir ko‘rsatadi. 

Pravoslav ruhoniy Rossiya armiyasining Suvalki shahridagi (hozirda u Polsha sharqidagi shahar hisoblanadi, o‘sha vaqtda Rossiya imperiyasi hududiga kirardi) harbiy hospitalida askarlarni cho‘qintirmoqda.
Bettman / Getty Images
Nemis qo‘shini 1914 yil avgust oyi oxirida Sharqiy Prussiyadagi Tannenberg shahri yaqinidagi jangdan keyin (uni «Samsonov operatsiyasi», «Samsonov falokati» yoki «Gindenburg operatsiyasi» deb ham nomlashadi) rossiyalik harbiy asirlarni Berlinga olib ketmoqda.
Paul Thompson / FPG / Getty Images

Jang davomida qo‘mondonlik xatosi tufayli Rossiya bo‘linmalari tor-mor etiladi va 50 ming kishi asir tushadi, ular orasida to‘qqiz general ham bor edi. Ammo Germaniya bu g‘alabaga erishish va Sharqiy Prussiyani saqlab qolish uchun regionga G‘arbiy frontdagi qo‘shinlarning bir qismini olib o‘tishga majbur bo‘lgandi — natijada Fransiyani tezlik bilan egallab olish imkoniyati qo‘ldan boy beriladi. Aynan Tannenberg yaqinidagi jangdan keyin Birinchi jahon urushi ikki frontdagi uzoq cho‘ziladigan urushga aylanadi. 

Nemis askarlari G‘arbiy frontda xandaq qazimoqda, 1916 yil.
Buyenlarge / Getty Images

Aynan Birinchi jahon urushi yillarida xandaqlar urushlarning odatiy elementiga aylanadi. Nemislarning okoplari ittifoqchilarning doimo yomg‘ir suviga to‘ladigan va texnikalar tiqilib qoladigan okoplariga qaraganda kengroq va yaxshi mustahkamlangan bo‘lardi. 

Nemislarning «Blyuher» nomli zirhlangan kreyseri 1915 yil 24 yanvarida Dogger-bank yaqinida (Shimoliy dengizda, Buyuk Britaniya sohillaridan taxminan yuz kilometr masofadagi sayozlik) britanlar harbiy kemalari bilan jangdan keyin cho‘kib ketadi.
Fine Art Images / Heritage Images / Getty Images

«Blyuher»da 768 kishi halok bo‘ladi. Britan floti jangda g‘olib chiqadi. Birinchi jahon urushi vaqtida dengizda ham qator muhim janglar bo‘lib o‘tgan — masalan, 1915 yilgi Dardanell operatsiyasi va butun urush davomida eng yirik dengiz jangi bo‘lgan, 1916 yil Daniyaning Yutlandiya yarimoroli sohillari yaqinida bo‘lib o‘tgan jang. Bundan tashqari, «cheklanmagan suvosti urushlari» olib borilardi. 

Nemislar aerostati transportirovka arafasida Polshadagi turargohda, 1916 yil.
Haeckel Brothers /Paul Thompson / FPG / Getty Images

Aerostatlar mojaroning barcha vakillari tomonidan artil­leriyani kuzatish, shuningdek razvedka va harbiy aloqa vositasi sifatida qo‘llanardi. Xususan, urush boshida Germaniyada faqat 27 ta aerostat bo‘lgan bo‘lsa, urush oxiriga kelib — 214 ta bo‘lgan; Fransiyada — urush boshida 12 ta, oxirida 200 ta; Rossiyada — urush boshida 27 ta, oxirida 83 ta edi. 

Nemislarning artilleriya zarbasiga uchragan tibbiyot aravasi (konka)
Hulton Archive / Getty Images
Fransuz armiyasining mobil kaptarxonasi. Pochta kabutarlari Birinchi jahon urushiga qadar ham urushlarda keng qo‘llangan — masalan, franko-pruss urushida (1870–1871) va rus-turk (1877–1878) urushida.
Bettman / Getty Images
Britaniya gidrosamolyoti piloti qo‘lida pochta kabutari bilan. 1918 yil boshi
Imperial War Museum / Mary Evans Picture Library 2013 / Scanpix / LETA
G‘arbiy front uzra havo jangi (s’yomka sanasi va joyi noma’lum)
Bettman / Getty Images
Sharqiy frontda nemislarning kimyoviy gaz bilan hujumining havodan ko‘rinishi
Bettman / Getty Images

Birinchi jahon urushi pozitsion tus olgani uchun, yurish operatsiyalari ko‘p hollarda samarasiz yoki imkonsiz edi. Raqib mudofaasini yorib o‘tish uchun harbiylar tarixda ilk bor zaharlovchi moddalardan foydalana boshlaydi — ko‘zdan yosh sizdiruvchi gazdan tortib o‘ta zaharli xlor, fosgen va ipritgacha. 

Britaniyaning ilk bor 1906 yilda suvga tushirilgan «Mavritaniya» layneridan Birinchi jahon urushi davrida qo‘shinlarni tashish (kema korpusi ham chalg‘ituvchi kamuflyaj bilan qoplangandi) va hospital kema sifatida foydalaniladi.
Apic / Bridgeman / Getty Images

Urushga AQSh qo‘shilgach, «Mavritaniya» minglab amerikalik askarlarni Yevropaga tashigan. Layner 1919 yilda fuqarolik xizmatiga qaytadi. 

Britanlarning Mark IV tanklari Fransiya shimolidagi, nemis qo‘shini tomonidan okkupatsiya qilingan Kambre shahri atrofida yurish boshlamoqda.
Daily Herald Archive / SSPL / Getty Images

Kambre atrofidagi jang tarixga tanklar keng miqyosda qo‘llangan ilk jang sifatida kiradi — bu o‘sha urushning yangi va muhim quroli bo‘lgandi. 1917 yil 20 noyabridan 6 dekabriga qadar ingliz qo‘mondonligi Germaniya armiyasining mudofaa pozitsiyalarini yorib o‘tish uchun ilk marta tanklar bilan (476 ta) yopirilma hujum o‘tkazadi. Dastlabki urinishdagi muvaffaqiyatga qaramay, britanlar Germaniya frontini yorib o‘ta olmaydi.

Kameronlarning 10-batalyoni (shotland o‘qchilari) Fransiya shimolidagi Arras shahri yaqinida xandaqlar bo‘ylab oldinga harakatlanmoqda, 1917 yil 24 mart.
Imperial War Museum

Arras yaqinidagi yurish ittifoqchilarga germaniyaliklar mudofaasiga chuqur kirishga imkon beradi: britanlar qator hududlarni egallab oladi va dushman armiyasining katta kuchlarini o‘ziga jalb etadi — bu esa Ena daryosi bo‘yida boshqa bir keng ko‘lamli yurish amaliyoti o‘tkazayotgan (Nivel yurishi) fransuzlar holatini yaxshilaydi. Ammo Arras atrofidagi yurishdagi muvaffaqiyatni rivojlantirishning imkoni bo‘lmaydi, Ena bo‘yidagi janglar esa ma’nosiz qurbon berish ramziga aylanadi (ikki tomondan 300 mingdan ortiq harbiylar halok bo‘lgan). 

Britaniya armiyasi askarlari va tanklari Flandriyadagi janglardan birida (s’yomka sanasi noma’lum)
Bettmann / Getty Images
Britaniyaning Chilvell shahridagi o‘q-dori ishlab chiqarish zavodida snaryadlarni bo‘yayotgan  ishchilar, 1917 yil. Bu zavod mamlakatdagi eng yirik zavodlardan biri edi
Horace Nicholls / Imperial War Museum / Getty Images
Italiya shimolidagi Bergamo shahrida Kolleoni kapellasi ichkarisida qum to‘ldirilgan qoplardan tiklangan istehkom.
Museo Centrale del Risorgimento / Mondadori / Getty Images

Urush boshida Germaniya va Avstriya-Vengriya bilan Uchlar ittifoqi tarkibida bo‘lgan mamlakat rasman betaraflik saylaydi, ammo 1915 yilda Antanta tomoniga o‘tadi. Italiya front butun Avstriya-Italiya chegarasi bo‘ylab cho‘zilgan, bu hududdagi janglar ham G‘arbiy frontdagi kabi pozitsion tus olgandi. 

Okopda xat yozayotgan askar (qaysi armiyaga mansubligi — noma’lum), 1917 yil dekabr. Urush yakuniga — bir yildan ortiqroq vaqt bor
Bettman / Getty Images
G‘arbiy front, 1918 yil
Universal History Archive / Universal Images Group / Getty Images
Britaniyalik yarador harbiylar (s’yomka joyi va sanasi noma’lum)
Bettman / Getty Images
Fransiya shimolidagi Konde-syur-lʼEsko shahri yaqinidagi Kambredagi jangdan keyin Britaniya dala hospitalidagi holat, 1918 yil oktyabr. Urush yakuniga — bir oy qolgan
David McLellan / Imperial War Museum
Rossiyalik va avstriyalik askarlar birodarligi (ikki tomon harbiylari o‘zaro kelishgan holda harbiy harakatlarni to‘xtatishi), 1917 yil.
TASS / Profimedia

Sharqiy frontda birodarlik holaatlari 1916 yildan ommaviy tus oladi, 1917 yil pasxa haftasida esa unda yuzdan ortiq polklar ishtirok etadi. Bolsheviklar hokimiyatga kelishgach, Rossiya armiyasida bunday birodarlik rag‘batlantirila boshlanadi: yangi hukumat shu tariqa frontdagi qurbonlar sonini kamaytirishga, urush yakunlanishi va Germaniyadagi inqilobni yaqinlashtirishga umid qilishadi. Lenin birodarlikni «ommaning inqilobiy tashabbusi, mazlum toifalarning vijdoni, zakovati va jasorati uyg‘onishining namoyon bo‘lishi» deb atagan. 

Avstriya-Vengriya harbiylari serbiyalik asirlarni otib tashlamoqda, 1917 yil.
Wikimedia Commons

Yugoslaviyaning 1924 yilgi rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Birinchi jahon urushi yillarida serb armiyasining 365 ming harbiysi halok bo‘lgan. Tinch aholi orasidagi yo‘qotishlar bo‘yicha aniq ma’lumotlar yo‘q, ammo 1915 yilning o‘zida tif epidemiyasi tufayli 150 ming serb halok bo‘lgani ma’lum. 

Belgiyadagi shahar va G‘arbiy frontdagi muhim punkt bo‘lgan Iprdagi vayrongarchilik (1918 yil kuzi).
Bettman / Getty Images

Bu yerda beshta yirik jang bo‘lib o‘tgan: 1915 yilda nemislar tarixda ilk bor kimyoviy qurol — xlor qo‘llagan — bu 1917 yilda ham takrorlangan, shuningdek qurol sifatida ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz, yoki iprit ham qo‘llangan. So‘nggi jang 1918 yil oktyabrda — urush yakuniga bir oy qolganida bo‘lib o‘tgan. 

Mavzuga oid