Jahon | 07:45 / 29.07.2024
2023
4 daqiqa o‘qiladi

Oq uy: Jo‘lan tepaliklariga berilgan zarba - «Hizbulloh»ning ishi

AQSh rasmiylari kamida 12 kishining hayotiga zomin bo‘lgan Jo‘lan tepaliklariga hujum uchun Livanning «Hizbulloh» harakati mas’ul deb hisoblaydi. Vashington Isroilni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Foto: Ammar Awad / Reuters

AQSh hukumati Livanning «Hizbulloh» harakatini Jo‘lan tepaliklarida kamida 12 kishi, aksariyati bolalar va o‘smirlar halok bo‘lgan raketa hujumi uchun javobgar deb biladi. «Ushbu hujum Livan «Hizbulloh»i tomonidan amalga oshirildi. Bu ularning raketasi, ular nazorat qilayotgan hududdan uchirildi. Hujum har tomonlama qoralanishi kerak», dedi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Edriyenn Uotson Oq uy saytida chop etilgan bayonotda

Vashington hujumdan keyin Isroil va Livan tomonlari bilan aloqada, deya qo‘shimcha qildi Uotson. AQShning Isroilni qo‘llab-quvvatlashi «Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan barcha tahdidlarga, jumladan «Hizbulloh»ga qarshi kurashda qat’iydir». 

Shu bilan birga, AQSh hukumati barcha hujumlarga barham beradigan «moviy chiziq» (Livan, Isroil va Jo‘lan tepaliklarini ajratib turuvchi demarkatsiya chizig‘i, 2000 yilda BMT tomonidan e’lon qilingan) bo‘yicha «diplomatik yechim» ustida ishlamoqda. Bu chegaraning har ikki tomonidagi tinch aholiga o‘z uylariga xavfsiz qaytishga imkon beradi, dedi Oq uy matbuot kotibi.

Jo‘lan tepaliklariga hujum

Isroil kecha Livanning «Hizbulloh» harakatini Jo‘lan tepaliklari shimolidagi Majdal Shams qishlog‘ini o‘qqa tutganlikda aybladi. Isroil armiyasiga ko‘ra, hujumda Eronda ishlab chiqarilgan Falaq-1 raketasi ishlatilgan. «Hizbulloh» hujumga aloqadorligini rad etadi.

Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats «Hizbulloh» Majdal Shamsga hujumi bilan «barcha qizil chiziqlarni kesib o‘tganini» aytdi va «to‘liq ko‘lamli urush» ehtimoli haqida ogohlantirdi. Shu bilan birga, Isroil Yevropa davlatlari va Qo‘shma Shtatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi, deydi u. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Jo‘lan tepaliklariga qilingan hujumni javobsiz qoldirmaslikka va’da berdi.

O‘z navbatida, Livan hukumati Majdal Shams qishlog‘iga qilingan hujum fonida «tinch aholiga qarshi barcha zo‘ravonlik va tajovuzkorlik harakatlarini» qoraladi. «Tinch aholiga qarshi hujumlar xalqaro huquqning qo‘pol ravishda buzilishi va insonparvarlik tamoyillariga ziddir», deyiladi hukumat bayonotida. U «harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish»ga chaqiradi.

Isroil shimoli-sharqidagi mojaro

Isroilning G‘azo sektorida HAMASga qarshi harbiy amaliyoti boshlanganidan beri Isroil va «Hizbulloh» harakati jangchilari o‘rtasida ziddiyat kuchaydi. Isroil shimolida, Livan bilan chegaradosh hududda deyarli har kuni janglar kuzatiladi.

Jo‘lan tepaliklari o‘nlab yillar davomida Yaqin Sharqdagi bahsli hudud bo‘lib qolmoqda. Isroil 1967 yilda arab davlatlari koalitsiyasiga qarshi Olti kunlik urush paytida Jo‘lan tepaliklarining muhim qismini egallab oldi va 1981 yilda uni anneksiya qildi. Qo‘shma Shtatlar 2019 yilda Jo‘lan tepaliklari ustidan Isroil suverenitetini tan olgan yagona davlatga aylandi.

Mavzuga oid