Ota qizining musiqachi bo‘lishini xohlagan

Hifumi va Uta Kobeda o‘rtahol oilada tug‘ilgan. Bolakay 6 yoshida katta akasidan o‘rnak olib, dzyudoga borgan. Keyinchalik akasi sport turini o‘zgartirgan, ammo Hifumi yo‘lida davom etgan. Biroz vaqt o‘tgach, singlisi Uta unga ergashdi. Qizig‘i, ularning otasi bundan xursand bo‘lmagan, chunki u qizining musiqa bilan shug‘ullanishini xohlagan. Bir qancha vaqt uydagi qarshilik davom etgan, lekin Uta dzyudodan chekinmagan va hatto akasidan o‘zib ketishni maqsad qilgan.

«Hifumi doim mendan oldinda yurardi. U men uchun harakatlantiruvchi kuchdir», — degandi Uta.

Ikkalasi ham tezda rivojlana boshlashdi. Hifumi 17 yoshida Tokiodagi «Katta dubulg‘a» turnirida g‘alaba qozonib, erkaklar o‘rtasida eng yosh g‘olibga aylandi. Keyinchalik u turli musobaqalarda yana ko‘p marotaba zafar quchdi, to‘rt marta jahon chempioni bo‘ldi. Uta esa 15 yoshida Dyusseldorfda Gran-prini yutib, tarixga kirdi. Keyin «Katta dubulg‘a» musobaqalarida muvaffaqiyatlar va akasi kabi 4 bor jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.

Olimpiadani yutish emas, unga chiqish qiyin bo‘ldi

Aka va singil doim katta turnirlarda bir kunda g‘olib bo‘lishni orzu qilishardi, ammo bu reja amalga oshmasligi ham mumkin edi. Tokio Olimpidasi oldidan Hifumi 66 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida o‘z mamlakati sharafini himoya qiladimi yoki yo‘qmi, bu aniq emasdi. Vaziyatga oydinlik kiritishi kerak bo‘lgan Yaponiya chempionati esa Kovid-19 tufayli bekor qilindi. Natijada Yaponiya dzyudo federatsiyasi jahon reytingida 3-o‘rinni egallab turgan Hifumi va 2-pog‘onadagi Hoshiro Maruyama o‘rtasida jang o‘tkazishga qaror qildi. G‘olib Olimpiadaga yo‘llanma olardi.

Hifumi 2017 va 2018 yilgi, Maruyama esa 2019 yilgi jahon chempioni edi. Ularning o‘zaro to‘qnashuvlarida tenglik qayd etilayotgandi — 2:2.

Bellashuvni butun dunyo jonli tomosha qildi. Ular deyarli 24 daqiqa kurashishdi. Maruyama ikki marta shido oldi va hujumga urinishlarining birortasini ham muvaffaqiyatli yakunlay olmadi. Taxminan 20-daqiqalarda Abe «oltin ochko»ni qo‘lga kiritdi. U o‘ng oyog‘i bilan raqib oyog‘ini ilib, Maruyamani tanasi bilan qattiq turtib yubordi va vazari ishladi.