O‘zbekiston | 21:43 / 31.07.2024
6622
6 daqiqa o‘qiladi

31 iyulning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Checheniston rahbarining sovg‘a qilib jo‘natilgan otlari, jinoiy javobgarlikka tortilgan hokim o‘rinbosari, toshbaqaga nos chektirganlarga berilgan jazo, Qo‘yliqda faoliyati tugatilgan ovqat bozori — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Ramzon Qodirovdan sovg‘a

Checheniston yetakchisi Ramzan Qodirov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tug‘ilgan kuni munosabati bilan ikkita zotdor ot sovg‘a qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanaliga yozib qoldirdi.

«Bugun Grozniyda “Axmat” Osiyo jang ligasi prezidenti Nodir Qodirovga ikkita zotdot otni topshirdim. Bu boshqa katta akamiz, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tug‘ilgan kuni uchun sovg‘a. Uning ushbu oliyjanob hayvonlarga muhabbatini bilgan holda, ishonamanki, sovg‘a ma’qul keladi. Otlar yosh bo‘lsa-da, turli musobaqalarda o‘zini muvafaqqiyatli ko‘rsatgan», — deb yozadi Qodirov.

Shuningdek, Checheniston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston xalqiga o‘z nomidan eng yaxshi tilaklarini yetkazib qo‘yishlarini so‘ragan.

Hokim o‘rinbosari jinoiy javobgarlikka tortildi

Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumani hokimi o‘rinbosari – oila va xotin qizlar bo‘limi boshlig‘i Fotima Kamolova “Ayollar daftari” jamg‘armasidagi mablag‘larni, shuningdek, ehtiyojmand xotin-qizlarning uy-joyini ta’mirlash uchun ajratilgan qurilish materiallarini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Mazkur jinoyat ishida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Kamoliddin Uskanbayev va Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.Suleymanovlar ham tergov qilingan.

Sud hujjatida keltirilishicha, Fotima Kamolova Quyi Chirchiq tuman hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i sifatida ishlayotganda “Sho‘rdanak” hajviy teatri dasturi chiptasi uchun noqonuniy tarzda “Ayollar daftari” jamg‘armasi hisobidan 15 mln so‘m ajratib, shartnoma tuzishga sababchi bo‘lgan.

Sud hukmi bilan Fotima Kamolovaga nisbatan 1 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilib, har oylik ish haqining 15 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 1 yil 8 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Tayinlangan asosiy jazo shartli hisoblanib, 1 yil sinov muddati belgilangan.

Toshbaqaga nos chektirganlar jazolandi

Surxondaryo viloyatining Denov tumanida O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi og‘ziga nos solganlarga chora ko‘rildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda shu mazmundagi videolavha tarqalgach, holat Surxondaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, viloyat IIB hamda Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganildi.

Aniqlanishicha, jonivorlarga beshafqat munosabatda bo‘lish holatiga Denov tumani Yangikuch mahallasida istiqomat qiluvchi ikki nafar fuqaro tomonidan aprel oyida yo‘l qo‘yilgan.

Holat yuzasidan ularning har biriga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasiga asosan BHMning 3 barobari – 1 million 20 ming so‘m miqdorida jarima belgilangan.

Qo‘yliqdagi ovqat bozori faoliyati to‘xtatildi

Sanepidxizmat va ichki ishlar xodimlari Qo‘yliqdagi ovqat bozorda reyd o‘tkazib, u yerdagi sanitar holat bir necha marta ogohlantirish berilganidan keyin ham yaxshilanmaganini qayd etdi.

Endi mazkur obekt sanitar normalarga javob beradigan holatga keltirilmagunga qadar, bozor ishlamaydi.

Bozorda joylashgan ovqat sotish shoxobchasida sanitariya qoidalari qo‘pol ravishda buzilayotgani, bir necha marotaba ogohlantirishlar va targ‘ibot ishlari o‘tkazilishiga qaramasdan, obektda holat o‘zgarishsiz qolgani sababli “ovqat bozori”ning ish faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

“Obektda sanitariya holati yaxshilanib, mutaxassislar tomonidan talabga javob berishi to‘g‘risida xulosa berilmagunga qadar, ovqat bozori ish faoliyatini davom ettirmaydi”, – deyiladi rasmiy axborotda.

O‘zbekiston yana qarz oldi

O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot bankidan yana 400 mln dollar qarz oladi.

«Xususiy sektorning faol ishtiroki O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi va transformatsiyasi uchun juda muhim ahamiyatga ega», dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Qarzning 300 mln dollari energetika sohasini isloh qilish dasturining ikkinchi kichik dasturiga mo‘ljallangan. Jumladan, dastur energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ushbu islohotlar sirasiga elektr energiyasi bozorini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi, raqobatni rivojlantirish va shaffoflikni ta’minlash uchun mustaqil energetika regulyatorini yaratish, markaziy xarid va chakana savdo funksiyalarini ajratish va yangi tashkil etilgan mustaqil tashkilotlarga o‘tkazish hamda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni oshirish kiradi

100 mln dollarlik ikkinchi kredit «Moliya bozorlarini rivojlantirish dasturi» ikkinchi kichik dasturga qaratilgan. Ushbu kredit moliyaviy operatsiyalar va xizmatlar uchun muhitni yaxshilash, shuningdek, O‘zbekistonda kapital va pul bozorlarini rivojlantirish bo‘yicha talab va taklifni boshqarish chora-tadbirlarini ko‘paytirishga qaratilgan normativ-huquqiy va institutsional islohotlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Mavzuga oid