Kim Chen In hokimiyatni qiziga topshirishga tayyorlanmoqda - OAV
Oxirgi vaqtlarda KXDR yetakchisining qizi tadbirlarda ko‘proq ko‘rinish bermoqda va unga murojaat qilish tartibi ham o‘zgargan.
KXDR yetakchisi Kim Chen Inning qizi Kim Chju Eni otasining merosxo‘ri sifatida tayyorlash boshlandi. Bu haqda Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati (MRX) ma’lumotlariga tayanib, Bloomberg va Yonhap xabar berdi.
29 iyul kuni Milliy razvedka xizmati parlament qo‘mitasidagi yopiq majlisda Shimoliy Koreyadagi vaziyat bo‘yicha razvedka ma’lumotlarini taqdim etgan. Shundan keyin ikki nafar deputat matbuot anjumani o‘tkazgan va jurnalistlarga bu bo‘yicha qisman ma’lumot bergan.
Razvedka xizmatining Kim Chju E otasining davomchisi roliga nomzodlikka tayyorlanayotgani haqidagi xulosasi uning ommaga ko‘rinish berish chastotasi va qizga qilinayotgan murojaatlar tahlili asosida shakllantirilgan.
MRXning ma’lumotlariga ko‘ra, Kim Chju Ening jamoatchilik faoliyatini taxminan 60 foizi otasiga harbiy va iqtisodiy tadbirlarda hamrohlik qilishiga taalluqli. Razvedka tahlilchilari, shuningdek, unga nisbatan «xyando» deya murojaat qilishayotganiga e’tibor qaratgan. Bu so‘z «yo‘lboshchi» deya tarjima qilinadi, ammo KXDRda «Inqilobiy kurashda yo‘lni yorituvchi chiroq» ma’nosini beradi va yetakchilar yoki ularning merosxo‘rlariga nisbatan ishlatiladi.
Kim Chju E ilk bor ommaga otasi bilan 2022 yilning noyabrida qalin qishki paltoda «Xvason-17» qit’alararo yangi ballistik raketa sinovida ko‘rinish bergandi. Shundan buyon u Kim Chen In bilan turli muhim tadbirlarda ishtirok etib kelmoqda.
Janubiy Koreya razvedkasi Kim Chju Eni 11 yoshda deb hisoblaydi va u Kimning uch nafar farzandining o‘rtanchasi. Bloomberg’ning qayd etilishicha, Shimoliy Koreya yetakchisining birorta farzandi bunday yoshda ommaga ko‘rinish bermagan va Kim Chju Ening paydo bo‘lishi KXDR rahbarlarining bolalarni jamoatchilik e’tiboridan uzoqda tutish borasidagi an’anasini buzgan.
KXDR yetakchisi hozirda 40 yoshda va u yana o‘nlab yillar davomida mamlakatni boshqarishi mumkin. Biroq MRX Kim Chen In ortiqcha vazn hamda yurak qon-tomir kasalliklardan aziyat chekadi deb hisoblaydi. Uning vazni 140 kilogrammni tashkil etadi. Janubiy Koreya razvedkasiga ko‘ra, Kimda 30 yoshidan beri gipertoniya va diabet alomatlari paydo bo‘la boshlagan.
Mavzuga oid
14:50 / 02.11.2024
RF va KXDR TIV rahbarlari Moskvada «strategik maslahatlashuvlar» o‘tkazadi
18:09 / 01.11.2024
KXDR Rossiyani «muqaddas urushda» qo‘llab-quvvatlaydi – KXDR tashqi ishlar vaziri
08:50 / 01.11.2024
AQSh: KXDRning 8 mingga yaqin askari Ukrainada jang qilishga tayyor
02:02 / 01.11.2024