Jahon | 09:30 / 02.08.2024
2636
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat dumasi sobiq deputati Ilya Ponomarevga hujum uyushtirildi

Rossiyalik muxolifatchi unga beshinchi hujum urinishi haqida ma’lum qildi. Ukraina matbuotiga ko‘ra, Ponomarevning Kiyev yaqinidagi uyiga UUA hujum qilgan. Rasmiylarning bildirishicha, urib tushirilgan uchuvchisiz uchoq qoldiqlari qulashi oqibatida ikki kishi jarohatlandi.

Foto: AP

Ukrainada yashovchi rossiyalik muxolifatchi siyosatchi, Davlat dumasi sobiq deputati Ilya Ponomarev hayotiga suiqasd qilinganini aytdi. «Bugun mening ikkinchi tug‘ilgan kunim bo‘ldi, beshinchi hujum urinishi eng g‘ayrioddiy va eng muvaffaqiyatli bo‘ldi, undan himoyalanish qiyin edi», — deb yozdi siyosatchi 1 avgust, payshanba kuni. U yomon niyatli shaxslar hech nimaning uddasidan chiqmasligiga ishonch bildirdi va tafsilotlarni keyinroq aytishga va’da berdi.

Voqea tafsilotlarini «Obozrevatel» nashri ismi oshkor etilmagan suhbatdoshlariga tayangan holda taqdim etdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Ponomarevning Kiyev yaqinidagi uyiga «Geran-2» uchuvchisiz uchish apparati hujum qilgan va u old eshikdan besh metr masofada portlagan. Siyosatchi yaralangan, ammo uning hayoti xavf ostida emas. Gap Kiyev viloyatiga hujumda urib tushirilgan dronlardan biri haqida ketmoqda, deya aniqlik kiritmoqda «Zerkalo nedeli» nashri.

31 iyulga o‘tar kechasi Ponomarev joylashgan hududga uchta dron uchib borgan, biroq ular havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan va uydan 50-100 metr uzoqlikda qulagan, deya xabar beradi «Obozrevatel». Uning so‘zlariga ko‘ra, politsiya tergov ishlarini olib bormoqda. 

Mintaqaviy hokimiyat: dron qismlari qulashi oqibatida ikki kishi jarohat oldi

Ayni paytda, Kiyev viloyati harbiy ma’muriyati boshlig‘i Ruslan Kravchenkoning aytishicha, tunda urib tushirilgan uchuvchisiz uchoqlar qoldiqlari qulashi natijasida ikki kishi jabrlangan. Erkak va ayol kasalxonaga yotqizilgan va ularga barcha zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, deb yozdi Kravchenko Facebook’da. Bundan tashqari, viloyatdagi aholi punktlaridan biridagi ikkita xususiy uyning tomlari shikastlangan, fasadlariga zarar yetgan, deraza va eshiklari singan, deya qo‘shimcha qildi viloyat ma’muriyati rahbari.

Ilya Ponomarevga qarshi ish

Ilya Ponomarev Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasining 5- va 6-chaqiriqlari deputati etib saylangan, «Adolatli Rossiya» partiyasi fraksiyasi a’zosi edi. 2015 yilda u deputatlik daxlsizligidan mahrum qilingan, keyin xalqaro qidiruvga berilgan va Rossiya sudi tomonidan sirtdan hibsga olingan. 

2022 yil avgust oyida Moskvaning Koptevskiy sudi siyosatchini Rossiya armiyasi haqida «feyk» xabarlarni tarqatganlikda ayblab, yana sirtdan hibsga oldi. Fevral oyida Ponomarevga nisbatan davlatga «dushman tomoniga o‘tish shaklida» xiyonat qilish, terrorchilik tashkilotida ishtirok etish va internet orqali terrorchilik faoliyatini amalga oshirishga chaqiriqlar bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. 

Ilya Ponomarev, xususan, «Rossiya ozodligi» legioni» bilan bog‘liq holda ko‘riladi. U asosan ruslardan tashkil topgan va Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) safida jang qiladi. Bundan tashqari, Ponomarev respublikada antisemitizm kayfiyatini qo‘zg‘atgan va Mahachqal’a aeroportiga bostirib kirganlarning harakatlarini muvofiqlashtirgan «Dog‘iston tongi» Telegram-kanali ortida turishda ham ayblangan. Ponomarevning o‘zi bu kanal bilan aloqador ekanini qat’iy rad etgan. Siyosat bir necha yildan beri doimiy ravishda Kiyevda yashaydi va Ukraina fuqaroligini olgan.

Mavzuga oid