Jahon | 07:20 / 06.08.2024
3921
2 daqiqa o‘qiladi

Iroqdagi AQSh bazasiga hujumda harbiylar jarohatlandi

AQShning Iroqdagi bazasiga raketa hujumi oqibatida kamida besh nafar amerikalik harbiy jarohat oldi.

Foto: Marko Drobnjakovic/AP

AQShning Iroqdagi bazasiga raketa hujumi uyushtirilishi oqibatida kamida besh amerikalik askar yaralandi. Bu haqda Reuters 6 avgust, seshanbaga o‘tar kechasi AQSh rasmiylariga tayanib xabar berdi. Ularning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, Iroq g‘arbidagi Al-Asad aviabazasiga ikkita «Katyusha» YaO‘RT raketasi bilan hujum qilingan.

Jabrlanganlar soni dastlabki ma’lumotlarga asoslanadi, ular o‘zgarishi mumkin, dedi agentlik manbalari. «Baza xodimlari hujumdan keyin yetkazilgan zararni baholamoqda», - deya qo‘shimcha qildi ulardan biri. Vashington Iroqdagi AQSh harbiylarini himoya qilish va hujumga javob choralarini muhokama qildi.

AQSh bazasiga hujum Livanning «Hizbulloh» harakati Bayrutdagi qo‘mondoni va Tehronda HAMAS harakati yetakchisi yaqinda o‘ldirilganidan so‘ng Yaqin Sharqdagi vaziyat yomonlashgani fonida sodir bo‘ldi. Bu ikkala guruh ham Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. 

Iroq AQSh va Eronning ittifoqchisi hisoblanadi

Iroq bir vaqtning o‘zida AQSh va Eronning ittifoqchisi, deya aniqlik kiritadi Reuters. Mamlakatda 2,5 ming amerikalik askar joylashgan va ayni paytda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan yarim harbiylashtirilgan guruhlar mavjud. 2023 yil oktyabr oyida Isroilning HAMAS harakati bilan urushi boshlanganidan beri AQSh harbiy xizmatchilariga hujumlar ko‘paydi.

Iordaniyadagi AQSh bazasiga zarba

Yanvar oyi oxirida AQShning Iordaniyadagi harbiy bazasiga dron hujum qildi. Zarba natijasida uch nafar harbiy halok bo‘ldi, o‘nlab kishilar yaralandi. Hujum «Suriya va Iroqda faoliyat yuritayotgan Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan guruhlar tomonidan amalga oshirilgan», dedi AQSh prezidenti Jo Bayden.

Bunga javoban Qo‘shma Shtatlar Iroq va Suriyadagi 85 ta nishonga «javob zarbalari» berdi.

Mavzuga oid