Jahon | 11:41 / 06.08.2024
6083
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya tunda Kiyevga yana hujum qildi: 4 ta raketa urib tushirildi

Rossiya Qurolli kuchlari Kiyev viloyati tomon 4 ta «Iskandar» raketasi va 2 ta X-59 aviatsion raketalarini uchirdi, deb xabar berdi Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari. Bundan tashqari, Ukraina hududida 16 ta Shahed dronidan 15 tasi yo‘q qilingan.

Foto: Gleb Garanich/Reuters

Rossiya Ukraina hududiga yana tungi hujum uyushtirdi. 6 avgust, seshanbaga o‘tar kechasi Rossiya Qurolli kuchlari Voronej viloyati hududidan Kiyev viloyatiga to‘rtta «Iskander-M/»KN-23 ballistik raketalarini va Azov dengizi ustidagi havo hududidan ikkita X-59 boshqariladigan aviatsion raketalarini uchirdi, deb xabar berdi Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchuk. 

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar Qrimdagi Chauda burunidan va Kurskdan 16 ta Shahed tipidagi hujumkor dronlari bilan Ukrainaga hujum qilgan. «Havo jangi natijasida Kiyev, Xerson, Mikolayiv va Xmelnitskiy viloyatlarida ikkita «Iskander-M/»KN-23 ballistik raketasi, ikkita X-59 boshqariladigan raketa va 15 ta hujumkor UUA urib tushirildi», — dedi Oleshchuk. 

Kiyevda bir qancha binolar zarar ko‘rgan

O‘z navbatida, Kiyev shahar harbiy ma’muriyati Kiyev va uning atrofidagi yo‘nalishdagi raketa zarbasi 5 avgust kuni soat taxminan 23.00 da amalga oshirilganini ma’lum qildi. «Hozirgi vaqtda Kiyevda vayronagarchiliklar qayd etilmagan, qurbonlar haqida ma’lumot olinmagan», — deyiladi Telegram’da. 

Kiyev viloyati harbiy ma’muriyati (VHM) rahbari Ruslan Kravchenko ko‘p qavatli uy, ikkita yonilg‘i quyish shoxobchasi, ko‘p qavatli ofis binosi va o‘rmonchining uyiga yetkazilgan zarar haqida yozdi. «Uy-joy yoki muhim infratuzilmaga zarbalar bo‘lmadi», — dedi u. 

Shu bilan birga, Xarkiv VHM rahbari Oleg Sinegubov kecha tunda Xarkiv viloyatining Tsirkuni qishlog‘i o‘qqa tutilgani, natijada turar joy binosi yonib ketganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, tungi otishma paytida Kupyansk tumani, Kupyansk-Uzlovoy shahridagi xususiy uy zarar ko‘rgan, deya qo‘shimcha qildi u.

Mavzuga oid