Jahon | 08:39 / 08.08.2024
8738
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil HAMASning yangi rahbari Yahyo Sinvarga o‘lim bilan tahdid qildi

Yahyo Sinvar 2023 yil oktyabr oyida HAMASning Isroilga qarshi keng ko‘lamli hujumi tashkilotchisi hisoblanadi. Isroil tashqi ishlar vaziri Kats Sinvarning HAMAS siyosiy byurosiga rahbar etib tayinlangani uning tezda yo‘q qilinishiga sabab ekanini aytdi.

Foto: Abed Rahim Khatib/Flash90

Guruhning 2023 yil oktyabr oyida Isroilga uyushtirgan yirik terakti tashkilotchisi sanalgan 61 yoshli Yahyo Sinvar Falastinning HAMAS harakati yangi siyosiy rahbari etib tayinlandi. HAMAS Sinvarning siyosiy byuro rahbari etib saylanganini 6 avgust, seshanba kuni, bu lavozimdagi o‘zidan avvalgi Ismoil Haniya Tehronda o‘ldirilganidan bir hafta o‘tib e’lon qildi.

Sinvar HAMAS siyosiy byurosi rahbari etib tayinlangach, Isroil tashqi ishlar vaziri Izrael Kats uni tezroq yo‘q qilishga chaqirdi. «Ismoil Haniya o‘rniga bosh terrorchi Yahyo Sinvarning HAMAS yangi rahbari etib tayinlanishi uni tezroq yo‘q qilish va bu yovuz tashkilotni Yer yuzidan yo‘q qilish uchun yana bir yaxshi sababdir», deb yozadi u.

Yahyo Sinvar HAMASning eng ko‘p qidirilayotgan yetakchilari ro‘yxatida. Guruhning Isroilga hujumidan so‘ng u omma oldida ko‘rinmay qolgan va G‘azo sektori ostidagi yerosti tunnellarida yashiringan deb taxmin qilinadi.

Haniyaning o‘ldirilishi hamda HAMAS va Erondan tahdidlar

Sinvardan avvalgi HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya 31 iyul kuni Tehronda o‘ldirilgan. HAMAS va Eron qotillikda Isroilni aybladi. Eron oliy yetakchisi oyatulloh Xomanaiy Isroilni jazolashga chaqirdi. Isroilning o‘zi Haniya o‘limiga izoh bermadi. Haniya o‘ldirilishidan bir necha soat oldin Isroil Livandagi radikal "Hizbulloh" harakati qo‘mondonlaridan biri Fuad Shukrni yo‘q qildi. "Hizbulloh" yetakchisi Hasan Nasrulloh ham Isroilga javob zarbalari berishga chaqirdi.

Isroil va uning ittifoqchilari bir necha kundan beri bu hujumni kutyapti. Xalqaro hamjamiyat inqirozni yumshatish uchun harakat qilmoqda. AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, uning mamlakati keskinlikni yumshatish uchun kecha-yu kunduz ishlamoqda. Bir kun oldin u yana Eron va Isroilni mojaro avj olishidan qochishga chaqirdi. «Keyingi zarbalar hech kim bashorat qila olmaydigan yoki to‘liq nazorat qila olmaydigan oqibatlar xavfini oshiradi», deb ogohlantirdi Blinken.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. 

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 40 mingga yaqin falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid