Jahon | 08:46 / 08.08.2024
3992
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukraina Kursk viloyatida oldinga siljimaganini da’vo qilmoqda

Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Kursk viloyatidagi janglar natijasida o‘nlab kishilar jarohatlangan. Aholi hududni tark etmoqda, biroq hukumatning markazlashgan evakuatsiya haqidagi bayonotlarini inkor etmoqda.

Foto: Anatolii STEPANOV/AFP

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalariga chegarani buzib o‘tib, Kursk viloyatiga kirishiga yo‘l qo‘ymaganini da’vo qilmoqda. 7 avgust, chorshanbaga o‘tar kechasi Rossiya kuchlari va FSB chegarachilari «Kursk viloyatining Rossiya-Ukraina chegarasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tutash hududlarida Ukraina Qurolli kuchlari tuzilmalarini yo‘q qilishda davom etishdi», deb yozadi Rossiya harbiy departamenti.

Bayonotda aytilishicha, Sumi viloyatining Basovka, Juravka, Yunakovka, Belovodiy, Kiyanitsa, Korchakovka, Novaya Sich, Pavlovka, Gorodishche aholi punktlari hududlarida havodan, raketa va artilleriyadan zarbalar berilgan. Shu bilan birga, «operatsiya» davom etmoqda, bu haqda qo‘shimcha xabar beriladi.

Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi Kursk viloyatidagi janglar natijasida o‘nlab tinch fuqarolar va harbiy xizmatchilar jarohatlanganini qayd etdi. «Jinoyat kodeksining bir qancha moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi: terrorchilik harakati, qotillik, noqonuniy qurol va o‘q-dorilarni olib yurish, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining hayotiga tajovuz qilish va boshqalar», — dedi Rossiya Tergov qo‘mitasi vakili Svetlana Petrenko.

Aholi Kursk viloyatini tark etyapti

Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov so‘nggi 24 soat ichida Kursk viloyatida o‘qqa tutilgan hududni minglab odamlar tark etganini aytdi. «Bir kechada bir necha ming kishi o‘qqa tutilgan hududni shaxsiy transportida tark etdi, hududda 2,5 ming o‘rinli yangi vaqtinchalik turar joy markazlari joylashtirildi», dedi Smirnov. Uning so‘zlariga ko‘ra, «otishma hududlaridan 200 dan ortiq odam olib chiqilgan».

Bundan tashqari, amaldor Rossiya prezidenti Vladimir Putinni operativ vaziyat haqida telefon orqali xabardor qilganini qayd etdi. U vaziyatni «shaxsiy nazoratda» ushlab, viloyatga «har tomonlama» yordam berishga va’da berdi, deydi viloyat rahbari. Moskva va Sankt-Peterburg shifokorlari Kursk viloyatiga jo‘nab ketishdi, deya qo‘shimcha qildi Smirnov.

Shu bilan birga, "7x7" jurnalisti Yekaterina Lobanovskaya avvalroq DW nashriga «markazlashtirilgan evakuatsiya umuman yo‘q, odamlar o‘zi ketyapti, ma’muriyatdan yordam yo‘qligini» aytdi.

Ukrainadan Kursk viloyatiga bostirib kirishga urinish

Bir kun oldin Kursk viloyatida janglar bo‘lib o‘tdi. 6 avgust kuni ertalab viloyat hokimiyati, keyinroq Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadan Rossiya chegarasini buzib o‘tishga urinish haqida e’lon qildi. Harbiy departament ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlarining 300 ga yaqin askari, 11 ta tank va 20 ta zirhli texnika Nikolayevo-Darino va Oleshnya hududlarida rossiyalik chegarachilarga hujum qilgan.

Belgorodning «Pepel» nashri xabariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari kamida olti nafar rossiyalik harbiyni asirga olgan. Ukraina Telegram-kanallari ularning ba’zilari bilan videolarni tarqatdi. Aytilishicha, asirlar orasida muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar ham bor. Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, zaxira kuchlar mintaqaga yuborilgan. 

Mavzuga oid