Jahon | 21:35 / 08.08.2024
6008
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada migrantlarning ommaviy deportatsiyasi tufayli kuriyerlar tanqisligi yuzaga keldi

2024 yil oxiriga borib kuriyerlar yetishmovchiligi 300 mingga yetishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Foto: RIA Novosti

Rossiyada kuriyerlar tanqisligi boshlandi, deb yozdi «Kommersant». So‘nggi ikki yil ichida birinchi marta e-grocery bozori, ya’ni kundalik tovarlarning onlayn savdosi chorak yakunlariga ko‘ra pasayganini ko‘rsatdi.

Aprel-iyun oylari natijalariga ko‘ra, birinchi chorakka nisbatan qisqarish 3,2 foizni tashkil etdi. Nafaqat kuriyerlar, balki buyurtmachilarning yetishmasligi ham bu pasayishning sababi sifatida ko‘rsatilmoqda. Natijada kompaniyalar yetkazib berish sohasini toraytirib, bepul xizmatlarni bekor qilmoqda.

2024 yil mart oyida butun Rossiya bo‘ylab kuriyerlar yetishmovchiligi 140 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil oxiriga borib bu ko‘rsatkich 300 mingga yetishi mumkin, deb yozdi nashr Restomania yetkazib berish xizmatiga tayanib.

Qayd qilinishicha, 2024 yilning ikkinchi choragida Wildberries va Ozon tarmoqlarida oziq-ovqat buyurtmalari hajmi birinchi chorakka nisbatan mos ravishda 22,4 foizga va 7,9 foizga kamaygan. Tarmoqlar buni mavsumiy pasayish bilan tushuntirmoqda.

Avvalroq Rossiyaning uchta viloyatidagi «Pyaterochka» savdo tarmog‘ida tovar taqchilligi kuzatilgani xabar qilingandi. Sababi — Rossiyadan migrantlarning ommaviy deportatsiyasi. Ommaviy axborot vositalari Ivanovo, Kostroma va Yaroslavl viloyatlarida muammolar kuzatilayotganini xabar qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil dastlabki 6 oyida Rossiyadan 40 ming nafar migrant chiqarib yuborilgan. O‘tgan yil davomida Rossiyadan 44 ming migrant chiqarib yuborilgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid