Jahon | 22:00 / 09.08.2024
43224
6 daqiqa o‘qiladi

Kursk oblastida yakson etilgan Rossiya kolonnasi videosi. Bu haqda nimalar ma’lum?

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya armiyasi harbiy texnikalari karvoni Kursk oblasti hududida zarbaga uchragani aks etgan videolar tarqaldi. Z-blogerlar bu kolonnaga HIMARS raketalari bilan zarba berilganini aytishmoqda. «Kolonna uchun otuvlar qilinishi kerak!» degan ulardan biri.

Foto: Videodan kadr

9 avgustga o‘tar kechasi telegram-kanallarda rossiyalik harbiylar kolonnasi Ukraina qurolli kuchlari tomonidan yo‘llangan zarba oqibatida yakson etilgani videolari tarqaldi. Yo‘ldan o‘tayotgan avtomobillardan olingan videolardan birida yo‘lning ikki tomonida jami 14 ta yuk mashinasi va bitta «buxanka» (UAZ avtomobili) yonib ketganini ko‘rish mumkin. Yuk mashinalari kuzovlarida o‘nlab harbiylarning jasadlari yotadi. Video orqali qurbonlar sonini baholash imkonsiz.

Video Rilsk shahri chekkasidagi Oktyabrskoye qishlog‘i oldidan o‘tgan Ye38 trassasida olingan. Kolonna yakson etilgan joydan Ukraina qurolli kuchlarining Korenevo rayon markazidagi eng yaqin pozitsiyasigacha masofa — 30 kilometr atrofida, Ukraina bilan chegaragacha — 35 kilometr. Kolonna Rossiya armiyasining qaysi bo‘linmasiga mansub ekani aniq emas. Harbiy muxbir Anastasiya Kashevarovaning yozishicha, mashinalar 44-armiya korpusiga tegishli — bu 2024 yilda Leningrad oblasti Luga shahrida tuzilgan Leningrad harbiy okrugining yangi bo‘linmasi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya armiyasi harbiy texnikalari karvoni Kursk oblasti hududida zarbaga uchragani aks etgan videolar tarqaldi. Z-blogerlar bu kolonnaga HIMARS raketalari bilan zarba berilganini aytishmoqda. «Kolonna uchun otuvlar qilinishi kerak!» degan ulardan biri.

«Voyenniy osvedomitel» telegram-kanali yozishicha, kolonna 9 avgustga o‘tar kechasi HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi raketalari zarbasi ostida qolgan. Keyinroq u Kursk oblasti hududidan topilgan HIMARS raketasi qoldig‘i fotosini e’lon qildi (suratda M101 kassetali o‘q-dorisi konteyneri aks etgan) va bunga asoslanib kolonnaga «qandaydir kamikadze dronlar» emas, aynan shunday raketalar bilan hujum qilinganini «ishonch bilan aytish mumkinligi»ni yozdi.

Mash telegram-kanaliga ko‘ra, kolonnaga zarba oqibatlari aks etgan videolardan birining muallifi FXX tomonidan qo‘lga olingan. Bu Oktyabrskoyeda yashovchi 48 yoshli kishi bo‘lib, u s’yomkani ukrainlar telegram-kanaliga yuborgani aytilgan. Mash yozishicha, qo‘lga olingan shaxs so‘roq chog‘ida kadrlarni topshiriq bo‘yicha olgani va ukrainlarga jo‘natganini tan olgan. Go‘yoki buning evaziga unga pul va NATO davlatlaridan birining fuqaroligi va’da qilingani aytiladi.

Keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda ushbu zarba berilishi vaqtida olingan video ham tarqaldi. Ukrainlar droni olgan videoda yo‘l bo‘ylab harakatlanayotgan kolonna ustiga to‘rt marta raketa kelib tushganini ko‘rish mumkin.

Rossiyaning harbiy mavzuga ixtisoslashgan kanallari mualliflari kolonna yakson etilgani videosi yuzasidan Rossiya harbiy rahbariyati taktikasini keskin tanqid qilmoqda. «Voyenniy osvedomitel» telegram-kanali chegara yaqinida kolonna bo‘ylab harakatlanishni «bundan yomoni bo‘lmaydigan ahmoqlik» deb atab, bu «yorib o‘tish hududiga umuman tayyorlanmagan zaxira kuchlarni tartibsiz olib kelib to‘plash holati natijasi» ekanini yozgan.

Rybar telegram-kanali muallifi «oldingi chiziqda kolonna bo‘lib harakatlanishning qayg‘uli oqibatlari haqida shunchalik ko‘p aytilganki, bunga yana nimadir qo‘shish qiyin edi», deya yozgan. «Ammo Kursk oblastidan kelayotgan yangi kadrlar ko‘rsatmoqdaki, qariyb uch yillik harbiy harakatlardan hech qanday saboq chiqarishmagan», — deya xulosa qiladi u.

«Bugun kolonna uchun otuvlar kerak! Kim kopterlar kuzatuv zonasida kolonna bo‘lib harakatlanishga va bu bilan Haymars zarbasiga nishon bo‘lishga buyruq bergan bo‘lsa, u harbiy davr qonunlariga ko‘ra jazolanishi darkor», — deya yozgan Kursk oblastidan bo‘lgan Z-bloger Roman Alexin.

Rossiya mudofaa vazirligi kolonnaga zarba yuzasidan izoh bermadi. Mudofaa vazirligining rasmiy kanalida harbiy texnikalar aks etgan boshqa bir video blogerlarning g‘azabnok sharhlarining yangi oqimiga sabab bo‘ldi. Unda texnikalar kolonna bo‘lib Kursk oblastiga yo‘l olgani aks etgan.

Kursk oblastidagi vazifalarni bajarish uchun ketayotgan kolonna tarkibida BM-21 «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari, shatakka olinadigan artilleriya qurollari, tralda tashiladigan tanklar, gusenitsali og‘ir texnikalar, «Ural» va «KamAZ» avtomobillari o‘rin olgan.

RF mudofaa vazirligi Kursk oblastidagi janglar yuzasidan izoh berarkan, yana bir marta armiya Ukraina qurolli kuchlarining bostirib kirishga urinishlarini qaytarayotganini takrorlagan. Chorshanba kuni ham Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov Rossiya prezidenti Vladimir Putinga hisobotida Rossiya qo‘shini yurishni to‘xtatgani va ukrain bo‘linmalarini chegaraga surib tashlayotganini aytgandi, ammo blogerlarning xabarlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar Rossiya hali ham bu maqsadlarga erishish uchun kurashayotganini ko‘rsatmoqda.

Mavzuga oid