Jahon | 11:46 / 12.08.2024
2702
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukrainaning o‘nlab dronlari mintaqalarga hujum uyushtirganini ma’lum qildi

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hududlari uzra 35 ta Ukraina UUA va to‘rtta «Tochka-U» raketasi urib tushirilgan. 

Foto: Anatoliy Zhdanov/Kommersant/Sipa USA/picture alliance

11 avgust kechasi havo hujumidan mudofaa kuchlari (HHM) Rossiya hududi uzra 35 ta Ukraina uchuvchisiz uchoqlarini urib tushirdi, deya ma’lum qildi Rossiya Mudofaa vazirligi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, 6 avgustdan beri Rossiya armiyasi va Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) o‘rtasidagi janglar davom etayotgan Kursk viloyati uzra 14 ta dron va to‘rtta «Tochka-U» raketasi yo‘q qilingan. Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Voronej viloyatida 16 ta, Belgorod viloyatida 3 ta va Bryansk va Orel viloyatlari hududlarida bittadan uchuvchisiz uchoqni urdi, deb xabar berdi Rossiya Mudofaa vazirligi. 

Kursk meri Igor Kutsak «urib tushirilgan Ukraina raketasi» shahardagi turar joy binosiga qulaganini ma’lum qildi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, 13 kishi jabrlangan, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir. 

Rossiya Mudofaa vazirligi: UQK harbiy kolonnasi yo‘q qilindi 

Kursk viloyatida, Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, rus artilleriyasi uchuvchisiz uchoq ma’lumoti asosida Ukraina Qurolli kuchlarining harbiy texnikasi kolonnasiga zarba bergan. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, zarba natijasida «Ukraina Qurolli kuchlarining beshta zirhli texnikasi va 20 nafargacha shaxsiy tarkibi yo‘q qilingan». 

Rossiyaning uch viloyatida ATO rejimi joriy etildi 

Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlarida aksilterror operatsiyasi (ATO) rejimi joriy etildi. Bu haqda 9 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Milliy aksilterror qo‘mitasi (MAQ) ma’lum qildi.
 
Ukraina Qurolli kuchlari 2024 yil 6 avgustdan buyon Kursk viloyatida harbiy operatsiya o‘tkazmoqda. Korenev va Sudja tumanlarida faol janglar ketmoqda. 11 avgust kuni mahalliy hokimiyat Belovskiy tumani hududiga Ukraina «diversiya-razvedka guruhlari»ning «kirib kelgani» haqida xabar berdi.

Ukraina tomoni ro‘y berayotgan voqealarni rasman tasdiqlamayapti yoki izoh bermayapti, biroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy unga «urush tajovuzkor hududiga o‘tkazilgani haqida» ma’lum qilgan.

Mavzuga oid