Iroqda qizlar uchun nikoh yoshini 9 ga tushirish taklif etildi
Adliya vazirligi qizlarni boshlang‘ich maktabdan so‘ng darhol turmushga berish kerakligi haqidagi taklifni parlamentga taqdim etdi. Bu mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi.
Iroqda 9 yoshga to‘lgan qizlarga turmushga chiqishga ruxsat beruvchi qonun loyihasi butun mamlakat bo‘ylab noroziliklarga sabab bo‘ldi. Bu haqda The Guardian yozdi.
Iroq Adliya vazirligi qonun loyihasini ko‘rib chiqish uchun parlamentga taqdim etdi. Rasmiylarga ko‘ra, qizlarni boshlang‘ich maktabdan so‘ng darhol turmushga berish kerak. Bu ularga «axloqsiz munosabatlardan» qochishga yordam beradi. O‘g‘il bolalar uchun nikoh yoshini 15 ga tushirish nazarda tutilgan.
Qayd qilinishicha, Iroq siyosiy tizimida hukmronlik qilayotgan shia diniy guruhlari o‘n yildan beri mamlakatda ayollar huquqlariga putur yetkazishga harakat qilmoqda. Qo‘shni Saudiya Arabistonidan farqli o‘laroq, Iroqda turmush qurish kabi muhim hayotiy qarorlarni qabul qilish uchun ayollardan er, ota yoki erkak vasiyning ruxsati bo‘lishini talab qiluvchi vasiylik tizimi mavjud emas.
Ta’kidlanishicha, qonun loyihasi Iroq parlamentida birinchi o‘qishda qabul qilingan. U diniy idoralarga oilaviy masalalar, jumladan, nikoh, ajralish va bola parvarishi bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatini beradi.
Parlamentdagi 25 nafar ayol deputatdan iborat blok qonun loyihasi bo‘yicha qayta ovoz berishning oldini olishga uringani, biroq kuchli qarshilikka duch kelgani aytilmoqda.
Iroqda 1950 yillardan beri 18 yoshdan oldin turmush qurish taqiqlangan bo‘lsa-da, UNICEF tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, mamlakatdagi qizlarning 28 foizi 18 yoshdan oldin turmushga chiqqan.
Bag‘dod va Iroqning boshqa bir qancha shaharlarida qonunga qarshi namoyishlar o‘tkazilgan. Unda yangi qonun tarafdorlari muxoliflar bilan to‘qnashib, ularni «ma’naviy tanazzul» va «G‘arb kun tartibiga amal qilish»da ayblagan.
Mavzuga oid
11:30 / 21.12.2024
Qo‘rqmas jangchi – Saddam Husaynning nabirasi amerikalik askarlarga qarshi qanday jang qilgandi?
16:35 / 26.11.2024
Surxondaryoda erta nikohni targ‘ib qilgan bloger jarimaga tortildi
19:03 / 22.11.2024
"16 yoshli" ayolning 1 yashar egizak farzandi. Erta nikohni targ‘ib qilganlar ogohlantirildi
09:20 / 31.10.2024