Jahon | 07:33 / 13.08.2024
2287
4 daqiqa o‘qiladi

TsAHAL Hamasning garovga olingan shaxs o‘ldirilgani haqidagi bayonotini tekshirmoqda

Guruhning harbiy qanoti birinchi marta «hodisalar»da jangchilari garovga olingan erkakni o‘ldirgani va ikki ayolni og‘ir yaralaganini bildirdi. TsAHAL bu haqda ishonchli ma’lumotga ega emasligini ma’lum qildi.

Foto: Ahmed Zakot / Global Look Press

Hamas guruhining harbiy qanoti dushanba kuni G‘azo sektoridagi «ikkita alohida hodisa»da bir isroillik garovga olingan halok bo‘lgani va yana ikki kishi og‘ir yaralanganini ma’lum qildi. «Dushman asirlarini qo‘riqlash vazifasi yuklatilgan ikki askar isroillik asirni voqea joyida otib o‘ldirdi», — deyiladi «Izzad-Din al-Qassam brigadalari» vakili xabarida. Hamas 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga qilingan hujumdan keyin birinchi marta garovga olinganlar o‘ldirilgani haqida xabar berdi. 

Bundan tashqari, ma’lumotda aytilishicha, ikki garovga olingan kishi og‘ir yaralangan va ular hozirda «jonlarini saqlab qolish uchun parvarish qilinmoqda». Hamas garovga olinganlarning shaxsi haqida hech qanday ma’lumot bermadi. 

TsAHAL Hamas bayonotiga izoh berdi 

Ushbu bayonotga munosabat bildirgan Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) Hamas ma’lumotlarini «inkor etish yoki tasdiqlash uchun razvedka ma’lumotlariga» ega emasligini ta’kidladi. Harbiylar «xabarning haqiqiyligini tekshirishda davom etmoqda», deya aniqlik kiritdi TsAHAL. 

Isroil armiyasi matbuot kotibi Daniel Hagariy 12 avgust kuni ertalab garovga olinganlarning ahvolidan xavotir bildirdi. «O‘tgan vaqtni va ularning asirlikdagi og‘ir sharoitlarini hisobga olib, biz ular jismoniy va ruhiy holatidan juda xavotirdamiz», dedi Hagariy mahalliy televideniye orqali qilgan chiqishida. 

Ba’zi kuzatuvchilar Hamas xabarini 2023 yil 7 oktyabrda qo‘lga olinganlarni almashish bo‘yicha muzokarachilardan imkon qadar ko‘proq imtiyozlar olish uchun Isroilga bosim o‘tkazishga urinish sifatida baholamoqda. 

Hamas yangi rahbari Isroilga sulh taklif qilishi mumkin

Hamas harakatining yangi rahbari, siyosiy byuroning avvalgi rahbari Ismoil Haniya o‘ldirilishi ortidan saylangan Yahyo Sinvar 11 avgust kuni Misr va Qatar vositachilari orqali Isroilga sulhni xohlayotgani haqidagi xabarni yetkazdi. 

Hukumat doiralaridagi ikki manbaga tayangan CNN telekanali xabariga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bu o‘zining hukmron koalitsiyasi uchun qanday oqibatlarga olib kelishidan qat’i nazar, kelishuvga tayyor. Biroq, Isroilning bir qator xavfsizlik idoralari ba’zi o‘ng vazirlarning kelishmovchiligini hisobga olib, bosh vazir tayyorligiga shubha bilan qaramoqda. 

Shu bilan birga, AQSh rasmiylari Isroilga mintaqaviy urushning oldini olish uchun tezda o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida bitim tuzishini kutishlarini «aniq aytdi», dedi CNN manbasi. Isroilning o‘zida ham Hamasda qolgan garovga olinganlarni tezroq ozod qilish va Netanyahu hukumati iste’fosini talab qilib, muntazam ravishda ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazilyapti. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
 
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri deyarli 40 ming falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid