Jahon | 18:00 / 15.08.2024
13322
8 daqiqa o‘qiladi

NYT Kursk oblastidagi yurishga tayyorgarlik tafsilotlarini yozdi

Zobitlar bu haqda yurish boshlanishidan uch kun oldin, oddiy askarlar bir kun qolganida xabardor bo‘lishgan.

Viacheslav Ratynskyi / Reuters / Scanpix / LETA

 Ikkinchi jahon urushi davridan buyon Rossiya hududiga amalga oshirilgan eng yirik bosqinga aylangan Ukraina armiyasining Kursk oblastiga yurishi 6 avgustdan buyon davom etmoqda. Ukraina rasmiylari mamlakat qurolli kuchlari RFning 1000 kvadrat kilometr hududini nazorat qilayotganini aytishgan. Kursk oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchisi Aleksey Smirnov ukrain harbiylari regiondagi 28 ta aholi yashash manzilini egallaganini tan olgan (mustaqil manbalarga ko‘ra — bundan ko‘proq). The New York Times jurnalistlari «Sudja» nazorat-o‘tkazish punktida bo‘lib (Ukraina qurolli kuchlari bu yerni bosqin boshidayoq to‘liq yakson etgan), Ukraina Kursk oblastiga yurishni qanday boshlagani haqida hikoya qilishgan. «Meduza» Rossiya-Ukraina chegarasidan reportajdan asosiy joylarini keltirdi.

«Metall listlarni shamol uchiradi, bojxona deklaratsiyalari qog‘ozlari har tarafga sochilib ketgan, „Rossiya“ yozuvi aks etgan yo‘l belgilari atrofida qarovsiz itlar tentiraydi. Ukrainlarning zirhli mashinalari esa hech qanday qarshiliksiz harakatlanib, chang ko‘targancha o‘tmoqda», — deya «Sudja» nazorat-o‘tkazish puntidagi vaziyatni tasvirlaydi NYT jurnalisti Endryu Kramer.

Maqolada aytilishicha, chegaraning bu uchastkasida yaqinda bo‘lib o‘tgan jang izlari, rossiyalik chegarachilar va muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar g‘aflatda qolgani belgilari qolgan — oyoqlar ostida gilzalar, asfaltda tashlab yuborilgan zirhli nimchalar, binolar polida qon dog‘lari va sochilib yotgan bintlarni ko‘rish mumkin. Jurnalistlar chegaradagi o‘tkazish punktiga yetib kelganida ukrain harbiylari xarobalar ostidan chiqarilgan rossiyalik askarlarning jasadlarini qoplarga solib qo‘ygandi.

Keng ko‘lamli urushning ikki yarim yili davomida hali ukrain qo‘shini Rossiya hududiga katta guruh bo‘lib bostirib kirmagandi. Rossiya bosqinining ilk oylarida Ukraina zarbalarga javoban chegara ortidan turib vertolyotlar bilan o‘t ochgan, keyin dronlar yordamida Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlari hamda aerodromlariga muntazam ravishda hujumlar uyushtirgandi. Belgorod, Kursk va Bryansk oblastlariga Ukraina qurolli kuchlari safida xizmat qilayotgan rossiyaliklardan tuzilgan kichik guruhlar bilan reydlar uyushtirilgan, ammo bu urinishlarning barchasi tezda ortga chekinish bilan yakunlangandi. Shu tufayli, NYT nashri qayd etishicha, hozirgi harbiy harakatlarning Rossiya hududiga ko‘chishi Ukraina uchun muhim palla bo‘lmoqda.

Ukraina qo‘shini kuchsiz himoyalangan chegarani yorib o‘tib, Rossiya ichkarisiga bir necha o‘n kilometr kirib bordi. The New York Times hisoblashicha, Kiyev shu tariqa urushning borishini o‘zgartirdi — ayniqsa Ukraina qurolli kuchlari so‘nggi yil davomida mamlakat sharqida Rossiya qo‘shinlari oldinga yurishini to‘xtatishga harakat qilayotgani fonida.

«Men tankda Rossiyaga ketayotganimdan xursandman. Bu ular bizning mamlakatimizga tankda kelishidan ko‘ra yaxshiroq», — degan NYT muxbiri Ukraina qo‘shinlari ta’minoti olib boriladigan yo‘lda gaplashgan ukrain harbiylaridan biri. Shu pallada qarama-qarshi yo‘nalishda shikastlangan MaxxPro zirhli mashinasini platformaga ortib qaytishayotgandi. Jurnalist yo‘l bo‘yida RF qo‘shinlari Ukraina qurolli kuchlari yurishiga javoban tashlagan aviabombalar vayron qilgan bir necha uylarni ko‘radi.

Ukraina katta tavakkalchilik qilmoqda, deya yozadi NYT: bu yurish orqali ukrain rasmiylari muzokaralardagi pozitsiyasini yaxshilashdan, shuningdek Rossiyani Donbassdan qo‘shinlarini olib chiqishga majbur qilishdan umid qilmoqda. Ukraina Rossiya hududlarini bu maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘ladigan darajada uzoq vaqt ushlab qolishi masalasi esa ochiq qolmoqda.

Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastiga bosqiniga tayyorgarlik qattiq maxfiylik sharoitida o‘tgan. Ukraina brigadalaridan birining komandiri, podpolkovnik Artyomga ko‘ra (NYT uning familiyasini keltirmagan), yurish rejalaridan faqat cheklangan doiradagi harbiylar xabardor bo‘lishgan. Tayyorlanayotgan hujum haqida katta zobitlarga uning boshlanishiga uch kun vaqt qolganida xabar berishgan, oddiy askarlar esa Rossiyaga yo‘l olishi haqida faqat bir kun oldin bilishgan. Shu bilan birga, Artyomning tasdiqlashicha, hujum haqidagi xabarlar askarlar orasida tarqalgach, komandirlar ularning ehtiyotkorligiga ishongan va ularning telefonlarini olib qo‘ymagan. Tayyorgarlik doirasida zirhli texnikalarni o‘rmonga yashirishgan, qo‘shinlar harakati mashg‘ulotlar bilan niqoblangan, askarlar esa chegara yaqinidagi qishloqlarda tashlab ketilgan qarovsiz uylarda tunashiga to‘g‘ri kelgan, deyiladi maqolada.

Jurnalistlar ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari strategiyasi chegaradan tezlik bilan o‘tish va keyin yo‘llar bo‘ylab harakatlanib, landshaftdagi ustunlikdan foydalanib, rossiyaliklarning qarshi hujumlariga yo‘l qo‘ymaslikni nazarda tutgan. Kursk oblastida dalalar ko‘llar va botqoqliklar bilan birgalikda joylashgan, Ukraina qo‘mondonligi rejasiga ko‘ra, bu RF qo‘shinlarining yo‘lsiz hududlarda harakatlanishdagi imkoniyatlarini cheklashi kerak edi. Podpolkovnik Artyom jurnalistlar bilan suhbatda Ukraina yurishi allaqachon o‘z maqsadiga erishganini aytadi: «Bu hozirda o‘zini g‘olib imperiya sanayotgan Rossiyaning nufuziga zarba bo‘ldi. Biz ushbu mamlakat ichkarisida bufer zona hosil qildik».

Hujumga tayyorgarlik ko‘rishda maxfiylik saqlangani katta ahmiyatga ega. NYT mualliflari hisoblashicha, Ukraina hukumati mamlakat qurolli kuchlarining 2023 yil yozida Ukraina janubida muvaffaqiyatsiz chiqqan qarshi hujumidan tegishli xulosalar chiqargan, o‘shanda bu yurishga tayyorgarlik OAV orqali keng miqyosda anons qilingandi. Kursk oblastidagi yorib o‘tishdan keyin esa Ukraina hukumati bosqin yuzasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri rasmiy izoh bermayapti.

Ammo bu maxfiylik ta’minlanishi uchun Kursk oblasti bilan chegaradosh hududlarda yashovchi tinch ukrainlar to‘lov qilishiga to‘g‘ri keldi, deyiladi maqolada. Ularni oldindan ogohlantirish imkoniga ega bo‘lmagan Ukraina hukumati Rossiya bosqinga javoban chegara yaqinidagi aholi yashash punktlariga zarbalar berishni boshlashi fonida shoshilinch evakuatsiya qilmoqda. 12 avgust holatiga Sumi oblastining chegara hududlaridan qariyb 20 ming kishi olib chiqilgan.

Xoten posyolkasidagi bolalar bog‘chasining 44 yoshli tarbiyachisi Nataliya Vyalina jurnalistlar bilan suhbatda yurish fonida uyini tark etishga majbur bo‘lganiga qaramay, Ukraina hukumatining qarorini ma’qullashini aytgan. «Ular ham okkupatsiya, bosqinni boshdan kechirib ko‘rishsin, bombapanagohlardagi bolalar qanday yig‘lashini eshitishsin, qariyalar qanday azob chekishini ko‘rishsin», — degan u Ukrainaning chegara hududlaridan ko‘chirib kelinganlar joylashtirilgan punktda.

«Men urush tugashini xohlayman, — deya qo‘shimcha qiladi 65 yoshli pensioner, uyini tark etishga majbur bo‘lgan ukrainalik yana bir ayol Vera Prostatina. — Ammo endi rossiyaliklarning shahar va qishloqlari egallab olinmoqda. Bu ularga dars bo‘lsin. Dushman jazolanishi lozim. Ular bizga urush olib keldi va hayotimizni vayron qilishdi. Endi men urush ular uchun ham, biz uchun ham yakunlanishini xohlayman».

Mavzuga oid