Pokistonda qizlarning o‘qishi uchun ota-onalarga pul to‘lanyapti
Pokiston hukumati yoshlarning, ayniqsa qizlarning raqamli savodxonligini oshirish maqsadida professional kurslarni muvaffaqiyatli tamomlaganlik uchun moliyaviy mukofotlar taklif qilmoqda. Ushbu ijtimoiy chora o‘quvchi qizlarning ota-onalariga haq to‘langan holatda yaxshi natija ko‘rsatyapti.
Dunyoning qashshoq mamlakatlari hukumatlari kasb-hunar o‘rganish kurslarida o‘qiyotgan yoshlarga kichik miqdorda bonuslar to‘lashga harakat qilmoqda. Ayrim hollarda, pul ota-onalarga, boshqalarida – agar voyaga yetgan bo‘lsa, bolalarning o‘zlariga o‘tkaziladi. Shunga o‘xshash amaliyotlar Pokistonda ham keng tarqaldi.
Bugungi kunda pokistonlik yoshlarning atigi 9 foizi asosiy IT ko‘nikmalariga ega, ular orasida o‘g‘il bolalar ustunlik qiladi. Mamlakatdagi yosh ayollarni raqamli savodxonlikni oshirishga qanday undash yo‘llarini aniqlash uchun pokistonlik va amerikalik olimlar tadqiqot o‘tkazdi. Tadqiqotga Pokistonning eng yirik qo‘shimcha ta’lim xizmatlarini yetkazib beruvchisi — Punjab Skills Development Fund (PSDF) notijorat tashkiloti hamkorlik qildi. Bugungi kunga qadar mazkur jamg‘arma 500 ming nafardan ortiq nochor o‘g‘il-qizlarni o‘qitdi. Kurs oxirida ularning barchasiga 5000–6000 Pokiston rupiysi (taxminan 218–243 ming so‘m) berilgan.
Tadqiqotchilar Pokistonning ikkinchi eng zich shahri bo‘lgan Lahordagi davlat o‘rta maktablari va kollejlarida tahsil olayotgan 16–22 yoshdagi 489 pokistonlik qizlarni saralab oldi. Barcha qatnashchilar buxgalteriya hisobidan tortib raqamli marketinggacha bo‘lgan sohalarda olti haftalik onlayn dasturlarni yakunlashga qiziqish bildirgan. Agar ular o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlasa, qizlarga yoki ularning ota-onalariga xalqaro sertifikat va 3000 rupiy (135 ming so‘m) va’da qilingan – bu pul talaba qizlar oilalari o‘rtacha oylik daromadining taxminan 7,5 foiziga teng.
Tadqiqot ishtirokchilari oltita guruhga bo‘lingan. Uchta guruhdagi talaba qizlarning ota-onalari qizlariga to‘lanadigan haq summasini bilmagan, faqat qizlar xabardor bo‘lgan. Qolgan uchtasida ota-onalar bonus qanday ulushda taqsimlanishidan xabardor qilingan. Har bir guruhda talabalar quyidagi shaklda taqdirlangan:
— talabaning o‘zi kurs oxirida mukofot oldi;
— qizga bonusning 50 foizi berildi, qolgani ota-onasining hisobiga o‘tkazildi;
— mablag‘ning 100 foizi ota-onalarga o‘tkazildi.
Ota-onalar bonusdan bexabar va mablag‘ni olish huquqiga ega bo‘lmagan guruh nazorat guruhi deb ataldi. Qizlar kurslarga onlayn tarzda darsdan bo‘sh vaqtlarida maktabdagi kompyuterxonalarda qatnashdi.
Tadqiqot davomida tajriba ishtirokchilari soni asta-sekin kamaydi. Ba’zilar texnik muammolarga duch keldi, boshqalari qo‘shimcha kurs va asosiy ta’limni bir vaqtda o‘zlashtira olmadi, ba’zilari uchun tanlangan dastur juda qiyin bo‘lib chiqdi. Jami 119 nafar qiz (24 foiz) o‘qishni muvaffaqiyatli yakunladi.
Nazorat guruhi a’zolari dasturda eng yomon natijani ko‘rsatdi – ularning atigi 16 foizi sertifikat oldi. Talabalarga to‘liq yoki yarim summada bonus beriladigan va bundan ota-onalar xabardor bo‘lgan guruhlarda esa, aksincha, natijalar yaxshi edi: 23-26 foiz talaba qizlar o‘qishni tamomladi. Eng yuqori ko‘rsatkichlarni ota-onalar mukofot pullarini to‘liq olishini bilgan guruhlar ko‘rsatdi – bu guruhda 32 foiz qizlar kursni oxiriga yetkazdi (nazorat guruhidagidan ikki baravar ko‘p).
Tadqiqotchilar qizlarining o‘qishi uchun pul to‘lashini bilgan ota-onalar, aftidan, farzandlari dars qilayotganda ularni rag‘batlantirib, darslarga qatnashish va topshiriqlarni bajarishini nazorat qilib turgan. Qizlar ham o‘z navbatida, kurslarni o‘tashda bilvosita imtiyozlarga ega bo‘lgan – ota-onalarning roziligi va qo‘llab-quvvatlashi.
Tadqiqot mualliflari talabalarga moddiy yordam ajratishda mahalliy oilalarning turmush tarzini hisobga olish kerak degan xulosaga keldi. Agar yosh va katta avlod o‘rtasida aloqa o‘rnatilgan bo‘lsa, unda o‘qish natijalariga qarab bonusni talaba oladimi yoki uning ota-onasi – muhim emas. Agar mintaqadagi oilalarda o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar kam bo‘lsa, ota-onalarga mukofot taklif qilish to‘g‘riroq bo‘ladi.
Mavzuga oid
15:12 / 09.11.2024
Pokistondagi stansiyada terakt: 24 kishi halok bo‘ldi
21:39 / 08.11.2024
Pokistonda havo ifloslanishi ortidan bog‘ va muzeylar yopilmoqda
12:52 / 08.11.2024
Pokiston O‘zbekistonda zaytun plantatsiyalarini tashkil etishi mumkin
11:27 / 07.11.2024