Hamas G‘azo bo‘yicha yangi muzokaralarda qatnashishdan bosh tortdi
Hamas guruhi «muzokaralar maqsadida o‘tkaziladigan muzokaralarda» ishtirok etishni istamasligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Isroil Qatardagi uchrashuvda ishtirok etishini tasdiqladi.
Hamas guruhi Qatarda G‘azoda sulh tuzish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha yangi muzokaralarda qatnashmaydi. Bu haqda Britaniyaning BBC media-kompaniyasi 14 avgust kuni Hamas rahbariyati a’zosining bayonotiga tayanib xabar berdi. Shu bilan birga, Isroil bunday muzokaralarda ishtirok etishga tayyorligini tasdiqladi.
BBC bilan suhbatda Hamas vakili guruh «Isroil urush olib borishda davom etayotgan sharoitda muzokaralar uchun muzokaralarda» qatnashishni istamasligini aytdi. O‘z navbatida, AFP agentligining xabar berishicha, guruh Dohada 15 avgust kuni bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan muzokaralarda ishtirok etmadi. Agentlik, shuningdek, Hamas vakiliga iqtibos keltirgan holda, guruh may oyi oxirida AQSh prezidenti tomonidan taqdim etilgan otashkesim taklifiga ishora qilib, «Baydenning rejasi amalga oshishini va faqat muzokaralar uchun muzokaralar olib borilishini istamasligini» aytdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 14 avgust kuni Isroil tashqi razvedka xizmati «Mossad» va Isroil Bosh xavfsizlik xizmati «Shin-Bet» rahbarlari muzokaralar uchun Qatar poytaxtiga borishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, yig‘ilishda Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Berns ham ishtirok etishi kerak edi.
Bu Isroil va Hamas o‘rtasida sulh hamda garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha bilvosita muzokaralarning birinchi bosqichi emas. 12 iyul kuni Jo Bayden navbatdagi uchrashuvdan so‘ng Isroil hukumati va Hamas harakati rahbariyati o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvlar doirasini kelishib olganini aytdi. Shu bilan birga, AQSh prezidenti tomonlarning «hali qiladigan ishlari ko‘p» ekanligini qo‘shimcha qildi.
Yaqin Sharqdagi keskinlashuv
7 oktyabr kuni ertalab Hamasning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
Hamasning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida Hamasga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri deyarli 40 ming falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
18:28
Isroil G‘azo shimolida amaliyot boshladi
10:50 / 03.10.2024
Hamas Tel-Avivdagi hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi
14:51 / 30.09.2024
Isroil ilk bor Bayrut markaziga zarba berdi. Hujum oqibatida Hamas yetakchisi halok bo‘lgan
08:52 / 04.09.2024