Mpox qanday namoyon bo‘ladi?
Virusni yuqtirgan odam dastlab grippga o‘xshash alomatlarni seza boshlaydi. Jumladan, isitma, bosh og‘rig‘i, mushaklarda og‘riq va charchoq kabilar. Simptomlar boshlanishidan oldin infeksiyaning inkubatsiya davri 5-21 kungacha davom etadi. O‘rtacha 6-13 kunni tashkil qiladi. Virusning o‘ziga xos xususiyati — limfa tugunlarining shishishi. Kasallik kuchaygach teriga bir necha bosqichli toshmalar chiqa boshlaydi. Yaralar og‘iz, oyoqlar va jinsiy a’zolarda bo‘lib, tanada yiringli pufakchalar paydo bo‘lishi mumkin. Pufaklar isitma paydo bo‘lganidan keyin bir necha kun ichida o‘zini namoyon qiladi.
Infeksiyadan uch-to‘rt hafta o‘tgach, pufakchalar oxir-oqibat qorayib, o‘rnidan ko‘cha boshlaydi. Biroq chandiqlar terida uzoq vaqt saqlanib qoladi. Simptomlarni davolash uchun dori-darmonlardan tashqari maxsus davo yo‘q. Mpox bilan kurashish ham ko‘pgina kasalliklar kabi bemor yoshi, immuniteti va kasallik bosqichi kabilarga bog‘liq.
Maymun chechagi yoki Mpox?
Virusning maymun bilan bog‘liqligi shundaki, u dastlab Daniya laboratoriyasida bir maymunda aniqlangan. Lekin maymunga virusdan aziyat chekmaydigan va uni yuqtirsa ham o‘lmaydigan boshqa turdagi hayvondan yuqqanini aytadi Pensilvaniya universiteti antropologi Sagan Friantn. Friantn Nigeriyada 15 yildan ko‘proq vaqt davomida maymun chechak kasalligini o‘rgangan. Unga ko‘ra, maymun chechak virusi kemiruvchilardan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Lekin bu hali to‘liq isbotlanmagan. 2022 yil noyabr oyida JSST virus nomini irqchilik va qoralovchi til tufayli mpox (monkeypox - “maymun chechak”dan) deb o‘zgartirdi.
Ilk bemor

Mpox birinchi marta 1958 yilda Daniyaning Kopenhagen shahridagi laboratoriyada Singapurdan olib kelingan maymunlarda aniqlangan. Odamlarda birinchi holat 1970 yilda Kongo Demokratik Respublikasidagi kasalxonaga yotqizilgan to‘qqiz oylik boladan topilgan. Bemor maymunlar yashaydigan tropik o‘rmon hududida yashagan bo‘lsa-da, u kasallangan maymun bilan aloqada bo‘lgan yoki yo‘qligi noma’lum. Bola infeksiyadan tuzalganiga qaramay, bir necha kundan keyin qizamiq bilan kasallanib, vafot etgan. Kasallik Afrikaning boshqa hududlarida va 2003 yilda AQShda ham aniqlanadi.









