“Tolibon” hokimiyatining 3 yili – ekspertlar nigohida
AQSh qo‘shinlarining chiqib ketishi bilan, 2021 yilning 15 avgust kuni Afg‘onistonning deyarli butun hududi “Tolibon” nazoratiga o‘tgandi. Xo‘sh, oradan 3 yil o‘tib, toliblar hukmronligi haqida qanday xulosalar qilish mumkin? Kun.uz bu boradagi savollar bilan siyosiy tahlilchilarga murojaat qildi.
Oradan 3 yil o‘tdiki, “Tolibon” hokimiyati BMTga a’zo biror davlat tomonidan tan olinmadi. Buning sabablari nimada?
Kamoliddin Rabbimov: “Tolibon” 2020 yil avgustda hokimiyatga kelganida, dunyo hamjamiyati “Tolibon” hukumatiga bir qator shartlar qo‘ydi. Bular: ayollar va qizlarning fundamental huquqlarini ta’minlash, inklyuziv (Afg‘onistondagi barcha etnik guruhlar ishtirokida) hukumat tuzish, sobiq hukumat egalarini tazyiq ostiga olmaslik, Afg‘onistonni ekstremizm o‘chog‘iga qaytadan aylantirmaslik, Afg‘onistonni narkobiznesdan xoli davlat sifatida shakllantirish kabilar. Chunki globallashgan dunyoda xavfsizlik va barqarorlik inson huquqlari bilan bog‘liq. Agar biror davlat o‘z fuqarolariga repressiya qiladigan bo‘lsa, buning natijasi butun dunyo aholisiga ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa qochqinlar, ekstremizm yoki terrorizm misolida boshqa davlatlarga tahdid solib turishi aniq.
Mana shunday talablar “Tolibon”ga qo‘yildi va ba’zi talablarni u ado qildi ham. Masalan, hozirda Afg‘oniston narkotik moddalarni yetishtirish borasida nisbatan barqaror darajaga erishgan. Ya’ni avvalgilarga nisbatan kamroq narkotik modda yetishtirilmoqda. Ayollarning ta’lim olishi, inklyuziv hokimiyat borasidagi harakatlar hali yuzaga chiqmagani uchun boshqa yirik davlatlar uning hukumatini tan olishmayapti.
Toliblar haligacha inklyuziv boshqaruv tizimiga o‘tmagan, hattoki bu haqida biror mujda ham yo‘q. “Tolibon” Afg‘onistonni qanchalik to‘liq nazorat qila olyapti degan savol hozir ham aktual. Toliblar o‘tgan 3 yil ichida qanchalik ichki bo‘linishlarga duch keldi?
Suhrob Bo‘ronov: Garchi "Tolibon" kuchlari mamlakatdagi ichki guruhlar o‘rtasida birlik haqida so‘z yuritsa ham, aslida guruhlararo bo‘linishlar mavjud. Bu bo‘linish asosan rahbar Haybatulloh Ohunzoda va ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy, shuningdek mudofaa vaziri Mulla Ya’qub o‘rtasidagi kurash bilan bog‘liq. Bu holat pushtunlarning durroniy va gilzaylar o‘rtasidagi sulolaviy qarama-qarshiligi sifatida ham baholanmoqda.
Afg‘onistonda radikal guruhlar bilan bog‘liq hozirgi vaziyat qanday?
Anvar Yo‘ldoshev: Hozirda Afg‘onistonda 20 dan ortiq terroristik guruhlar mavjud. Ularning orasida eng yirigi – 6 mingga yaqin jangarisi bor IShID-Xuroson hisoblanadi. IShID-Xuroson 2015 yilda Afg‘onistonda tashkil topgan. Unga yondosh yana boshqa guruhlar ham mavjud. Bunga o‘zbekistonliklardan iborat “Imom al-Buxoriy” guruhi, “Jabhat al-Nusrah” guruhi, “Sharqiy Turkiston islom harakati” kabilar kiradi.
Suhrob Bo‘ronov: IShIDning Xuroson bo‘limi Afg‘onistonda faoliyat ko‘rsatayotganini BMT va Afg‘onistonga daxldor davlatlar tasdiqlamoqda. IShID-Xuroson terror tashkilotining Afg‘onistonda turli teraktlarni uyushtirib kelayotgani qo‘shni mintaqa davlatlariga ta’sir ko‘rsatmaydi yoki xavf tug‘dirmaydi, deb aytishga kafolat mavjud emas. Ayniqsa, 2022 va 2023 yillar oralig‘ida Pokiston va Rossiyaning Afg‘onistondagi elchixonalariga, shuningdek, Xitoy investorlari bo‘lgan mehmonxonaga qilingan hujumlarni ushbu terrorchi guruh zimmasiga olgan.
Kamoliddin Rabbimov: Bugun Afg‘onistonda “Tolibon” davlatni total ravishda boshqarib kelmoqda, unga raqobatchi sifatida IShIDning Xuroson bo‘limi mavjud. Vaqti-vaqti bilan ular turli terroristik harakatlarni olib borishadi – “Tolibon”ga qarshi ekanliklarini bildirish uchun. Ammo bu guruhning resurslari, imkoniyatlari juda kam, shu sababli u jamiyatning ichkarisida yashiringan holda faoliyat olib boradi. “Tolibon” ularning qarorgohi qayerdaligidan xabar topsa, hujum qilishi aniq. Bu guruhni mintaqa davlatlariga tahdid soladigan darajada keng imkoniyatga ega deb hisoblab bo‘lmaydi.
O‘zbekiston “Tolibon” bilan kengroq muloqotni Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan avvalroq boshlagan. 2019 yilda toliblar delegatsiyasi O‘zbekistonga 5 kunlik tashrif bilan kelgandi. 2024 yil iyul oyida esa Qozog‘iston “Tolibon” harakatini terrorchilar ro‘yxatidan olib tashladi. Xo‘sh, qo‘shni davlatlarning “Tolibon”ga munosabati qanday?
Nargiza Umarova: O‘zbekistonning “Tolibon”ga nisbatan siyosatini keyinchalik boshqa Markaziy Osiyo davlatlari ham qo‘llab-quvvatlay boshladi. Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqatgina Tojikiston “Tolibon” hukumat tepasiga kelganda o‘zining keskin pozitsiyasini bildirib kelayotgan edi. Ammo boshqa davlatlarning Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yishi Tojikistonning ham munosabatini o‘zgartirdi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari BMT tomonidan Afg‘oniston oldiga qo‘yilgan talablarni istisno qilmayapti.
Kamoliddin Rabbimov: Markaziy Osiyoda O‘zbekiston “Tolibon”ni tan olish va uni bosqichma-bosqich mas’uliyatli, siyosiy kuchga aylantirish tarafdori. Lekin Tojikistonning Afg‘onistonga munosabati ancha salbiy, chunki Afg‘onistondagi ikkinchi etnik guruh etnik – tojiklar. “Tolibon” hokimiyatga kelgandan beri u yerdagi tojiklar va o‘zbeklarning huquqiy maqomi ancha yomonlashgan. Ammo “Tolibon”ni tan olsak, u yerdagi muammolarga birga yechim izlasak, qaytadan fuqarolar urushi boshlanmaydi, degan qarash mavjud.
Nargiza Umarova: Oxirgi yillarda Qozog‘istonning ham Afg‘oniston bilan savdo aloqalarida faollashganini kuzatmoqdamiz. Hatto o‘tgan yili Kobulda qozoq-afg‘on biznes forumi ham o‘tkazildi. Joriy yilda o‘zbek-afg‘on biznes forumi ham bo‘lib o‘tdi va yaqinda yana bir forum bo‘lishi maqsad qilingan. Qozog‘iston ham tushunyaptiki, Afg‘oniston u uchun strategik ahamiyatga ega joyda joylashgan.
Bugungi kunda Turkmaniston tomoni ham to‘xtatib qo‘yilgan transport koridorlari masalasida Afg‘onistonga ko‘p marta tashrif buyurishmoqda.
Anvar Yo‘ldoshev: Transafg‘on yo‘lagining Termiz–Mozori Sharif yo‘nalishi qurilgan, lekin Kobulga, undan Peshovargacha bo‘lgan qismini biz hali ham xavfsizlik masalasini ro‘kach qilib o‘z zimmamizga olganimiz yo‘q. “Tolibon” xavfsizlikni o‘z bo‘yniga olmoqda, ammo biz bu uchun mas’uliyatni bo‘ynimizga olmayapmiz. Yaqinda bu loyihani ham xitoyliklar amalga oshirishadi. Aslida O‘zbekiston temiryo‘llari buni o‘z zimmasiga olishi kerak. Mozori Sharifdan Peshovargacha bo‘lgan yo‘lda 7 ta tunel, 11 ta ko‘prik, 264 ta suv o‘tkazish inshootlari qurilishi kerak. Natijada O‘zbekiston uchun temiryo‘l orqali dengizga chiqish hozirgidek 35 kun emas, 3-5 kun vaqt oladi.
G‘arb, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi raqobat afg‘on inqiroziga xalqaro munosabatni qanday shakllantiryapti?
Kamoliddin Rabbimov: Bugungi kunda dunyo hamjamiyati 3 ta katta qutbga bo‘lingan deyish mumkin. Bular: kollektiv g‘arb, Xitoy va Rossiya. Rossiya Federatsiyasi bir vaqtlar “Tolibon” bilan ancha yaqinlashgan edi, chunki Rossiya Afg‘onistondan AQSh harbiy guruhini chiqarib tashlash niyatida edi. Bu natijaga erishilgandan keyin “Tolibon” Rossiya bilan munosabatlarni qaytadan ishlab chiqish uchun harakatlarni amalga oshirdi. Chunki “Tolibon” uchun Rossiyaga yaqinlashish bu qadar manfaatdor masala emas edi.
Xitoy Xalq Respublikasi Afg‘onistonda barqarorlik bo‘lishidan manfaatdor. “Bir kamar – bir yo‘l” loyihasi Yevroosiyo markazida tinchlik bo‘lishini taqozo qiladi.
Amerika esa bunda ikki tomonlama siyosatni amalga oshirmoqda, Amerika Rossiya yoki Xitoy Afg‘onistonga butunlay kirib olishining tarafdori emas, shuningdek “Tolibon”ga Amerika qudratini bildirib qo‘yish, ularni cheklab turish siyosatini ham amalga oshirishni ko‘zlagan. Shu sababli Amerika Afg‘oniston uchun birmuncha mo‘’tadil siyosatni amalga oshirmoqda.
Anvar Yo‘ldoshev: Rossiya Ukraina bilan jang olib borayotgan vaqtda, Xitoy Afg‘onistonga kirib bo‘ldi. Xitoy Afg‘onistonga juda katta sarmoyalar kiritmoqda, Badaxshonda la’l ishlab chiqarish, yarim o‘tkazgichlar uchun xomashyo olish singari sohalarga Xitoy tomonidan investitsiya kiritilmoqda. Yerosti boyliklarini qayta ishlash masalasida ham Xitoy yetakchilik qilmoqda. Boshqa davlatlar o‘ylab turgan vaqtda xitoyliklar amaliy ishlar bilan shug‘ullanmoqda Afg‘onistonda.
Qo‘shinlarini olib chiqib ketgan AQShning Afg‘onistonga ta’siri qanchalik saqlanib qolgan va bu qaysi nuqtalarda seziladi?
Farhod Tolipov: 2021 yil avgust oyida “Tolibon” na AQSh, na afg‘on armiyasi tomonidan qarshilikka uchramay hukumat tepasiga keldi. Bundan shuni anglashimiz mumkinki, haligacha AQSh va “Tolibon” o‘rtasida aloqalar bor. Avvalroq sobiq prezident Tramp AQSh qo‘shinlarini Afg‘onistonga qaytarish to‘g‘risida bayonot bergandi. Tramp hokimiyatga kelganda ham bu qo‘shinlarni qaytarishi yoki qaytarmasligi bu boshqa masala, ammo Afg‘onistonga AQShning ta’sir salohiyati mavjud.
Suhrob Bo‘ronov: AQSh Afg‘onistondagi ta’sirini har tomonlama saqlab qolgan. Faqat bu endilikda "Tolibon" vositasida amalga oshmoqda. Jumladan, bunday ta’sir siyosiy, harbiy va moliyaviy ko‘mak ko‘rsatilishini o‘z ichiga qamrab oladi.
Amudaryo suvining bir qismini Afg‘onistonning shimoliy hududlariga yo‘naltiradigan Qo‘shtepa kanalining ikkinchi bosqichi ayni paytda 58 foizga yakunlangan. Kanal 5 yildan keyin to‘liq ishga tushishi kutilyapti. Bu loyihaga Afg‘onistonning qo‘shni davlatlari qanday yondashyapti?
Nargiza Umarova: Mintaqadagi barcha davlatlar singari O‘zbekiston ham Afg‘onistonni bu loyihani amalga oshirishdan qaytarish foydasiz ekanini bilmoqda, ammo bizning pozitsiyamiz shu loyiha texnik jihatdan izchil amalga oshirilishi uchun Afg‘onistonga yordam berish kerakligidir. Shu sababli O‘zbekiston o‘z yordamini “Tolibon”ga taklif qildi. Buni Kobulga O‘zbekiston delegatsiyasining bir nechta tashriflarida ko‘rish mumkin.
Anvar Yo‘ldoshev: Agar bu loyiha ishga tushadigan bo‘lsa Afg‘onistonning Balx, Jurjon, Tahor kabi 4 ta viloyati suv bilan ta’minlanadi. Bu yaxshi albatta, ammo Amudaryo – transchegaraviy daryo hisoblanadi. Amudaryo suvining 70 foizi Tog‘li Badaxshonda shakllansa, 30 foizi Afg‘onistonda shakllanadi. Bunda Afg‘onistonning suv olishga bo‘lgan haqqi bor, biz buni e’tirof etish bilan birga, Amudaryodan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lishni, zamonaviy texnika vositalaridan foydalanish zarurligini tushuntirishga harakat qilmoqdamiz. Prezidentimiz ham bu borada o‘z chiqishlarida ta’kidlab kelmoqdalar.
Amudaryodan foydalanish bo‘yicha 1992 yilda Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmanistonning o‘zaro kelishuvi bor. Bu kelishuvga Afg‘onistonni ham jalb qilish, shu tariqa daryo suvini rejali ravishda kvotalash asosiy masala bo‘lib qolmoqda.
Suhrob Bo‘ronov: BMTning 2024 yil fevraldagi ma’lumotlariga ko‘ra Afg‘onistonda 23,7 mln aholi gumanitar ko‘makka muhtoj. Shunday bo‘lsa-da, “Tolibon” Afg‘onistonda Qo‘shtepa kanali kabi yirik loyihalarga katta e’tibor qaratmoqda. Ayni paytda bu loyihaning ikkinchi bosqichi amalga oshmoqda. “Tolibon” suv vositasida qo‘shni davlatlar bilan ziddiyatlarga borayotgani sir emas. O‘tgan yillarda Eron bilan Helmand daryosi, Pokiston bilan Kunar daryosi suvlaridan foydalanish bo‘yicha yuzaga kelgan kelishmovchiliklar shular jumlasidan. O‘zbekiston esa Qo‘shtepa kanali, aniqroq aytganda Amudaryoning quyi oqimidan birgalikda foydalanish (suv taqsimoti) bo‘yicha “Tolibon” bilan muzokaralar olib bormoqda.
Toliblarga qarshi 1990-yillarda kurashgan “Shimoliy alyans” rahbari Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li – Ahmad Mas’ud boshchiligidagi “Afg‘oniston milliy qarshilik fronti” faoliyatini qanday baholash mumkin?
Anvar Yo‘ldoshev: Ahmad Mas’ud otasi singari jamiyatda yirik kuchga ega emas, hozir siyosiy kuch sifatida uni ko‘z oldimizga keltira olmaymiz. Chunki “Tolibon”ni jamiyat qabul qilib bo‘lgan, tan olgan.
Suhrob Bo‘ronov: Hozirgi kunda Ahmad Mas’ud rahbarligidagi “Afg‘oniston milliy qarshilik fronti” tashqaridan (tashqi kuchlar) yordam olishga harakat qilmoqda. Ammo, hozircha “Tolibon”ga qarshi mazkur frontni qurollantirishni biror davlat aniq ma’lum qilayotgani yo‘q.
“Tolibon” 3 yillik boshqaruvida jahon hamjamiyati tomonidan belgilangan asosiy shartlarni bajarmadi. Aksincha, mintaqada joylashgan va chegaradosh davlatlar “Tolibon”ning shartlariga yon bosishga majbur bo‘lmoqda.
Afg‘onistonda millionlab aholi to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekadi. Mamlakatdagi ijtimoiy vaziyat haqida nima deyish mumkin?
Kamoliddin Rabbimov: Bugungi kunda “Tolibon” Afg‘onistonni mustahkam idora qilmoqda, siyosiy, diniy urushlar chiqishining ehtimoli past, albatta. Ammo iqtisodiy tanglik anchagina yuqori. Afg‘onistonda tug‘ilishlar soni ko‘p. Keyingi 3 yil ichida “Tolibon” hukumatga kelgandan beri G‘arb davlatlarining Afg‘onistonga beradigan ijtimoiy yordami keskin kamaygan, avvalgi davrdagidek 10 milliardlab yoki 100 milliardlab yordam berilmayapti. Afg‘onistonda naxrlar tushib ketgan, ijtimoiy zo‘riqish anchagina urchigan. Ammo ba’zi davlatlar Afg‘onistonga ijtimoiy yordam berib turibdi ham, chunki hech bir davlat u yerda fuqarolik urushlari kelib chiqishidan manfaatdor emas.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
18:23 / 08.10.2024
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksporti keskin qisqardi. Nega?
20:51 / 04.10.2024
Rossiya «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha ishlarni yakunlamoqda - FXX rahbari
21:27 / 03.10.2024
“Tolibon” Vahan koridorini ochmoqchi. Bu qanchalik real?
13:49 / 01.10.2024