«Sila Sibiri-2» Rossiya - Xitoy gaz quvuri loyihasi amalga oshirilmaydi
Rossiya, Xitoy va Mo‘g‘uliston loyiha shartlari bo‘yicha kelishuvga erisholmagani ta’kidlanmoqda.
Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi «Sila Sibiri-2» gazquvuri Mo‘g‘ulistonning 2028 yilgacha bo‘lgan milliy rivojlanish rejasiga kiritilmadi. Bu haqda The South China Morning Post xabar berdi.
Shunday qilib, prezident Vladimir Putinning Xitoyga gaz yetkazib berishni ko‘paytirish va yangi «Sila Sibiri–2» quvurini qurish loyihasi yaqin yillarda amalga oshirilmaydi, deb aniqlik kiritdi nashr. Qayd qilinishicha, 2,5 ming kilometr uzunlikdagi gazquvuri Mo‘g‘uliston orqali o‘tishi lozim edi.
Nashrning Mo‘g‘uliston Xavfsizlik kengashining sobiq a’zosi Munxnar Bayarlxavgga tayanib yozishicha, Moskva Pekin bilan loyiha bo‘yicha kelishuvga erisha olmagan.
«Biz uzoq pauzaga kiryapmiz, chunki Moskva Pekindan o‘zi xohlagan kelishuvga erisha olishiga endi ishonmayapti va ehtimol loyiha boshqa muddatga qoldiriladi», dedi u.
Rossiya tranzit daromadlaridan tashqari, Mo‘g‘ulistonga loyiha quvvati yiliga 50 milliard kub metr bo‘lgan quvurdan gaz olishni ham taklif qilgan edi.
2022 yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoy rahbari Si Jinpingga «Gazprom»ning Yevropa bozoridagi yo‘qotishlarini qoplashi uchun Rossiyadan gaz sotib olishni yiliga 100 milliard kub metrgacha oshirishni taklif qildi. Biroq, Si yakunda loyihani ma’qullamadi.
Financial Times xabariga ko‘ra, tomonlar gaz narxi bo‘yicha kelisha olmagan: Xitoy narxni Rossiyaning ichki darajasiga, ya’ni ming kubometr uchun taxminan 60 dollarga tushirishni talab qilgan. Bu Rossiya gazining bugungi kunda Xitoyga sotayotgan narxidan to‘rt baravar kam: «Sila Sibiri-1» gazquvuri orqali har ming kub metr uchun 260 dollar to‘lanmoqda.
Avvalroq, Mo‘g‘uliston bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene Rossiyadan Xitoyga gaz quvuri qurilishini e’lon qilgan va loyiha 2029 yilgacha yakunlanishiga umid bildirgan edi.
Mavzuga oid
21:00 / 12.11.2024
Rossiyada migrantlar uchun uy-joy ijarasi qoidalari kuchaytiriladi
18:44 / 12.11.2024
Xitoyda avtomobil odamlar ustiga bostirib borishi oqibatida 35 kishi halok bo‘ldi
18:09 / 12.11.2024
Polsha Bosh shtabi boshlig‘i Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi
16:07 / 12.11.2024