Jahon | 15:04 / 20.08.2024
2220
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Kiyev Ukrainaga keyingi harbiy yordamni muhokama qildi

Ostin Umerov bilan Kiyevning harbiy ehtiyojlarini muhokama qilgan. Pentagon Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk yaqinidagi hujumi fonida Vashington Kiyevga qo‘shimcha sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini taqdim etayotganiga aniqlik kiritmadi.

Lloyd Ostin Foto: Kevin Wolf/ASSOCIATED PRESS/picture alliance

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin ukrainalik hamkasbi Rustem Umerov bilan «Ukrainaning shoshilinch harbiy ehtiyojlarini qondirish uchun» Kiyev ittifoqchilari va hamkorlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini davom ettirishni muhokama qildi. Bu haqda 19 avgust, dushanba kuni Pentagon matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singx ma’lum qildi.

«Vazir Qo‘shma Shtatlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini va ikkala mamlakat yaqin aloqalarni davom ettirishini tasdiqladi», - dedi u. Singx Ukrainada rus qo‘shinlari harakatlanishi kuzatilayotganini tasdiqladi, biroq ular aniq qaysi hududlardan Kursk viloyatiga o‘tkazilayotganiga aniqlik kiritmadi.

Pentagon matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya Federatsiyasidagi hujumi fonida Vashington Kiyevni qo‘shimcha sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari bilan ta’minlayotgani yoki yo‘qligiga aniqlik kiritmadi.

Zelenskiy: Ukrainaning maqsadi - «bufer zonasini yaratish»

Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi keng ko‘lamli hujum operatsiyasi 6 avgustdan beri davom etmoqda. Bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi 2022 yil fevralida boshlanganidan beri bunday turdagi birinchi hujumdir. 9 avgust kuni Rossiya hukumati Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlarida «aksilterror operatsiyasi rejimi»ni joriy qildi. 

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi hujum operatsiyasi asosiy maqsadini Rossiya keyingi hujumlari oldini olish uchun «bufer zona yaratish» deb atadi. «Mudofaa harakatlarimizning asosiy vazifasi - imkon qadar ko‘proq Rossiya salohiyatini, urush salohiyatini yo‘q qilish va maksimal qarshi hujumni amalga oshirish. Xususan, agressor hududida bufer zonani yaratish - Kurskdagi operatsiyamiz maqsadi», dedi u 18 avgust kuni kechki murojaatida. 

Kiyev G‘arbdan harbiy texnika yetkazib berishni tezlashtirishni so‘ramoqda

Zelenskiy G‘arb yetakchilariga alohida murojaat qilib, ularni Ukrainaga yangi harbiy yordam yetkazishni tezlashtirishga chaqirdi. «Urush uchun ta’til yo‘q, e’lon qilingan paketlarni o‘z vaqtida ta’minlash kerak», dedi Ukraina prezidenti. 

Ukraina harbiylari Rossiya Federatsiyasi Kursk viloyatidagi 1250 kvadrat kilometrdan ortiq hudud va 92 aholi punktini nazorat qilmoqda, dedi Zelenskiy 19 avgust kuni Ukrainaning xorijiy diplomatik muassasalari rahbarlari bilan uchrashuvda.

Mavzuga oid