Jahon | 13:31 / 20.08.2024
4068
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Ukraina Kursk viloyatida bufer zona yaratmoqda

Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi hujumidan maqsad - «agressor hududida bufer zona yaratish», dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

Foto: Yan Dobronosov/AFP

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi hujum operatsiyasi asosiy maqsadini Rossiya keyingi hujumlari oldini olish uchun «bufer zona yaratish» deb atadi.

«Mudofaa harakatlarimizning asosiy vazifasi - imkon qadar ko‘proq Rossiya salohiyatini, urush salohiyatini yo‘q qilish va maksimal qarshi hujumni amalga oshirish. Xususan, agressor hududida bufer zonani yaratish - Kurskdagi operatsiyamiz maqsadi», dedi u 18 avgust kuni kechki murojaatida

Hozirda eng shiddatli janglar ketayotgan Toretskdagi front va Pokrovskiy yo‘nalishidagi vaziyatni sharhlar ekan, Ukraina prezidenti kun davomida Rossiya harbiylari o‘nlab hujumlarni amalga oshirganini, biroq Ukraina Qurolli kuchlari «o‘z pozitsiyalarini saqlab qolish uchun hamma narsani qilayotganini» ta’kidladi. «Buni ta’minlagan barchaga rahmat aytaman, bugun biz Toretsk yaqinida rus texnikasini yo‘q qilishda yaxshi natijalarga erishdik», — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

U G‘arb yetakchilariga alohida murojaat qilib, ularni Ukrainaga yangi harbiy yordam yetkazishni tezlashtirishga chaqirdi. «Urush uchun ta’til yo‘q, e’lon qilingan paketlarni o‘z vaqtida ta’minlash kerak», dedi Ukraina prezidenti. 

Ukrainaning Kursk viloyatidagi hujumi 

Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi keng ko‘lamli hujum operatsiyasi 6 avgustdan beri davom etmoqda. Bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi 2022 yil fevralida boshlanganidan beri bunday turdagi birinchi hujumdir.

9 avgust kuni Rossiya hukumati Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlarida «aksilterror operatsiyasi rejimi»ni joriy qildi. 12 avgust kuni Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov jangovar hududdan 120 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilinganini bildirdi va Ukraina Qurolli kuchlari mintaqadagi 28 aholi punkti ustidan nazorat o‘rnatganini tan oldi.

Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik harbiylar Kursk viloyatidagi 1150 kvadrat kilometr maydondagi 80 dan ortiq aholi punktlarini o‘z nazoratiga olgan va Rossiya hududiga 35 km chuqurlikda kirib borgan.

Mavzuga oid