«Qirollik klubi» uchun Ispaniya La Ligasi ochilish o‘yini ko‘ngildagidek o‘tmadi, «qaymoqranglilar» «Malyorka» maydonida 1:1 hisobida durang qayd etishdi va turnirni ochko yo‘qotish bilan boshlashdi. Albatta, vahima qilarli hech narsa yo‘q, yana 37 ta tur bor.
Ammo yaqinda 21 yoshni qarshi olgan va Madridga o‘tgan mavsum avvalida kelgan Jud Bellinghemning fikri boshqacha. U maydondagi harakatlari bilan jamoasini oldinga boshlashdan tashqari, kiyim almashtirish xonasida ham qanday ovozga egaligini «Son Moiks» stadionidagi kameralar orqali ko‘rdik. Tanaffusdan keyin maydonga tushish arafasida hujumdagi trio: Kilian Mbappe, Vinisius Junior va Rodrigo himoyachilar ularga bo‘shliq bermayotgani haqida gaplashib turishgandi va shu joyga Jud kelib: «Sizlar — uchalangiz vaziyatlarni tezroq yakunlamasangiz bo‘lmaydi. Hujumdan so‘ng orqaga qaytaverish rosa charchatyapti», — dedi.
Judning gaplari statistikada o‘z tasdig‘ini topdi: «Real» bellashuv mobaynida 13 ta zarba berdi va ularning atigi 5 tasi aniq edi. 90 daqiqa davomida dunyoning eng kuchli hujumi deya e’tirof etilayotgan yigitlar birorta yaqqol golli vaziyat yarata olishmadi. Rodrigoning goli ham individual mahorat evaziga murakkab vaziyatdan kiritildi. xG (gollar kutilmasi) ko‘rsatkichi borasida esa mezbonlar 15 karra Chempionlar Ligasi g‘oliblaridan yaxshiroq natija qayd etdi.
Xo‘sh, muammo nimada edi?
Eng asosiy xato sifatida uchala hujumchining chap qanotga tiqilib qolishi ko‘rsatilmoqda. Bu muammo, aslida, Mbappe kelishidan oldin taxmin qilingan va «Atalanta»ga qarshi bellashuvda ham kuzatilgan bo‘lsa-da, mana endi «Malyorka»ga ochko boy berilgach, ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Uchala (Bellinghem bilan 4 nafar) hujum vakili ham o‘ngaqay futbolchilar. Ha, ularning jarima maydonigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tish uslublarida farq bo‘lishi mumkindir, ammo hujumga qo‘shilish jarayoni chap tarafdan boshlanaverar ekan, raqibda himoyalash kerak bo‘ladigan maydon hajmi anchagina qisqaradi hamda madridliklar qarshisida 1-turda kuzatilganidek ancha zich himoya chizig‘i paydo bo‘ladi. Yakshanba oqshomidagi bahsda bir necha marta to‘rtala futbolchining 15 metr radiusga tiqilib qolgan vaziyatlari ko‘zga tashlandi.
Ammo yuqoridagi fikrlar bilan «Real» hujumi butkul samarasiz o‘ynadi, deyishdan yiroqmiz. Madridliklar hujum chizig‘idagi uchovlon va Bellinghem o‘rtasida naq 83 ta pas almashinuvi amalga oshdi. Hujum uchligi o‘zaro 368 ta teginishni amalga oshirdi va bu La Liga birinchi turida istalgan boshqa jamoaning ko‘rsatkichidan kamida 100 taga ko‘p degani. Biroq nega mana shunday aqlbovar qilmas raqamlar bilan ham ularda raqib himoyasini yorib o‘tish bo‘yicha muammolar kuzatildi?















