Noxush an’anaga barham berildi

«Olimpiakos» – «Real» 3:4
Gollar: Shikinyu, 8 (1:0). Mbappe, 22 (1:1). Mbappe, 24 (1:2). Mbappe, 29 (1:3). Torimiy, 52 (2:3). Mbappe, 60 (2:4). Al-Kaabi, 81 (3:4)
«Olimpiakos»: Tzolakis, Pirola (Byankon, 62), Retsos, Ortega, Rodiney (Koshtinya, 71), Dani Garsiya (Esse, 46), Muzakitis, Shikinyu (Torimiy, 28), Podense (Strefetssa, 71), Martinsh, Al-Kaabi
«Real»: Lunin, Raul Asensio (Dias, 73), Karreras, Mendi, Aleksandr-Arnold, Tshuameni, Kamavinga (Sebalyos, 46), Valverde, Vinisius Junior (Garsiya, 90), Arda Guler (Bellinghem, 61), Mbappe
Ogohlantirishlar: Ortega, 40 – Kamavinga, 23. Arda Guler, 56

«Real» o‘z tarixida biror marta Gretsiyadagi o‘yinlarda g‘alaba qozona olmagandi, shunday qiyin safar oldidan jamoa oshqozoni og‘rib qolgan Kurtuasiz qoldi. Bu mavsumda birinchi marta o‘ynagan Lunin esa Shikinyuning yaqin burchakka zarbasidan keyin tezkor gol o‘tkazib yubordi. Ammo mezbonlar muvaffaqiyatini rivojlantira olmadi va shundan keyin Mbappe katta sahnaga chiqdi. Madridliklar aynan ushbu fransuz hujumchining gollari evaziga beshinchi urinishda «Olimpiakos»ni safarda mag‘lub etdi.

Kilian yetti daqiqa ichida het-trik rasmiylashtirdi. Avvaliga Vinisius Juniorning trivela uslubidagi pasiga ochilib, himoyachilardan qochib ketdi va hisobni tenglashtirdi. Keyin Arda Gulerning uzatmasidan bosh bilan golga aylantirdi. Yana bir necha daqiqa o‘tib mezbonlarni yuqori himoya chizig‘i uchun jazoladi. Bu vaqtda o‘yinning yarim soati ham o‘tmagandi (28 daqiqayu 19 soniya). Bu orqali u YeChLda eng tez het-trik qayd etgan uchinchi futbolchiga aylandi: bu 2022 yil «Bavariya» safida «Strasbur»ga 22 daqiqayu 18 soniya ichida uchta gol urgan Levandovski va 1996 yilda «Milan» safida «Rusenborg» darvozasini 24 daqiqayu 22 soniya ichida uch bor ishg‘ol qilgan Marko Simonedan keyingi uchinchi natija.

Shu bilan birga, Mbappe YeChL tarixida safar o‘yinlarida to‘rt marta het-trikka erishgan ilk futbolchiga aylandi. Va oqshom qahramoni uchta gol bilan kifoyalanmasdan, Vinisiusning navbatdagi pasi evaziga pokerni rasmiylashtirdi. Shu bilan birga, u bu golni juda zarur pallada urdi, undan oldinroq Torimiy hisobni qisqartirishga erishgandi. Keyinroq mezbonlar yana bir gol urishdi va Mbappening aynan to‘rtinchi goli g‘alaba goli bo‘lib chiqdi. Bu g‘alabadan keyin «Real» ochkolari sonini 12 taga yetkazib, beshinchi o‘ringa ko‘tarildi.

● «Real» qatorasiga uch o‘yinda ochko yo‘qotishan keyin ilk g‘alabaga erishdi: bu noxush seriya «Liverpul»ga qarshi o‘yindagi 0:1 bilan boshlangan, keyin ichki chempionatda «Rayo Valekano» va «Elche»ga qarshi o‘yinlarda durang qayd etilgandi. Bu omadsizliklardan keyin hatto Habi Alonsoning iste’fosi haqida gaplar chiqa boshlagandi, ammo g‘alabadan keyin vaziyat o‘zgarishi mumkin.