Angliya: «Tottenhem» yakson etildi

«Arsenal» – «Tottenhem» 4:1
Gollar: Trossar, 36 (1:0). Eze, 41 (2:0). Eze, 46 (3:0). Risharlison, 55 (3:1). Eze, 76 (4:1)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Inkapiye (Moskera, 88), Kalafiori (Lyuis-Skelli, 90+2), Timber, Subimendi, Rays, Eze, Trossar (Madueke, 78), Saka, Merino (Nvaneri, 88)
«Tottenhem»: Vikario, Romero, van de Ven, Danso (Simons, 46), Palinya, Bentankur (Sarr, 66), Udoji, Spens (Porro, 78), Quddus (Jonson, 78), Odober (Kolo Muani, 66), Risharlison
Ogohlantirishlar: Rays, 87 – Bentankur, 32. Romero, 70. Porro, 87

«Siti»ning shanba kungi mag‘lubiyatidan keyin «Arsenal» ikkinchi o‘rin bilan oradagi farqni olti ochkoga oshirib olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Va Arteta shogirdlari bu vazifani ishonchli tarzda uddalashdi. Hatto qator yetakchi futbolchilar jarohat tufayli yordam bera olmagan bo‘lsa-da. Gabriel Magalyayns terma jamoa yig‘inidan jarohat bilan qaytdi va yaqin haftalarda jamoaga yordam berolmaydi. Uning o‘rniga markaziy himoyada yozda «Bayyer»dan ijaraga olingan Piyero Inkapiye tushdi, bu ekvadorlik futbolchi uchun APLda ilk bor boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olishi bo‘ldi.

«Tottenhem» bosh murabbiyi Tomas Franko besh himoyachidan iborat tarkib tanladi (Kristian Romero, Mikki van de Ven va Kevin Danso markaziy himoyada). Yevropa Superkubogi uchun «PSJ»ga qarshi o‘yinda bu g‘oya ish bergandi, bu safar esa o‘ylangan ishlar o‘xshamadi. O‘yinning uchinchi daqiqasidayoq Deklan Rays qulay nuqtadan zarba yo‘llab, hisobni ochishi mumkin edi, ammo to‘p darvozabon turgan joyga bordi. Va butun bo‘lim davomida o‘yin faqat bir darvoza tomon kechdi. Mehmonlar qo‘polliklar evaziga «Arsenal» hujumlari tempini tushirishga harakat qildi, ammo bu foyda bermadi. Van de Ven Leandro Trossarning oyog‘ini bosib oldi, ammo hakam bu harakat uchun hatto sariq kartochka ham ko‘rsatmadi. Keyin Joau Palinya raqibni qulatdi, ko‘p o‘tmay Muhammad Quddus butsalarining ostki qismi bilan Inkapiyening qoniga tepdi, hakam ularni kechirdi. Natijada «Arsenal» futbolchilari ham javob qaytarishni boshladi, Rikkardo Kalafiori va Bukayo Saka ham yaqqol follar ishlatishdi.

Barcha «Arsenal» o‘z golini urishini his qilib turardi va bu 36-daqiqada ro‘y berdi. Yokeresh safga qaytmagani tufayli yana bir bor markaziy hujumchi pozitsiyasida tushgan Mikel Merino himoyachilar ortiga shedevr pas uzatdi, Trossar to‘pni o‘ziga bo‘ysundirdi va o‘girilib, burchakni aniq nishonga oldi. Besh daqiqa o‘tib mezbonlar ikkinchi golni ham urishdi. Bu safar Eberechi Eze jarima maydoni chizig‘i oldida Raysdan to‘pni qabul qilib olib, finti bilan himoyachilarni yo‘ldan oldi va to‘pni yerlatib burchakka aniq yo‘naltirdi. Birinchi bo‘limda Arteta shogirdlari zarbalar bo‘yicha yaqqol ustunlikka erishdi – 8:0. To‘p amalda «Tottenhem» hujum chizig‘i vakillarigacha yetib bormadi. Risharlison esa birinchi bo‘lim davomida biror marta aniq uzatma berolmadi.