O‘zbekiston | 17:03 / 23.08.2024
4128
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Ozarboyjon prezidentlari biznes vakillari bilan uchrashdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev ikki mamlakat ishbilarmonlari bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

Tadbirda Ozarboyjonning PASHA Holding, SOCAR, SOFAZ, Agalarov Development, Silk Way Group, Matanat, Sarda Group, AzerGold, Azermash, Ozarboyjon investitsiya xoldingi, "Ozarboyjon temir yo‘llari", "Alyat" erkin iqtisodiy zonasi va boshqa yetakchi kompaniyalari rahbarlari hamda vakillari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston prezidenti ishbilarmonlarni samimiy qutlab, ularning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirishdagi muhim o‘rnini alohida ta’kidladi.

- Sizlar innovatsiyalarni dadillik bilan joriy etib, korxonalar va ish o‘rinlarini yaratib, iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lyapsiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bunday shaklda ilk bor o‘tkazilayotgan tadbir ikki mamlakat savdo-iqtisodiy hamkorligida yangi bosqichni boshlab berishi qayd etildi.

Davlat rahbari bugungi sammitning salmoqli natijalari haqida mamnuniyat bilan so‘zladi. Muzokaralarda hamkorlikning keng qamrovli kun tartibi muhokama qilinib, istiqbolli “o‘sish nuqtalari” belgilab olindi. Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.

- Biz davlatlararo hamkorlikning eng yuqori bosqichiga chiqdik va O‘zbekiston-Ozarboyjon munosabatlarida amalda yangi sahifa ochdik, - dedi O‘zbekiston rahbari.

Muzokaralarning asosiy yakunlari sifatida mamlakatlarimizda biznes uchun yanada qulay sharoitlar yaratish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, birgalikda tashqi bozorlarga chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda bu borada katta yutuqlarga erishildi. Tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar soni bir necha barobar oshdi, qator kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, hududlararo almashinuvlar faollashdi, qo‘shma Investitsiya kompaniyasi samarali faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, kuni kecha o‘tgan biznes forumida umumiy qiymati 2 milliard dollardan ortiq bitim va shartnomalar imzolandi.

Prezident O‘zbekiston va Ozarboyjon yetakchilari tomonidan e’lon qilingan Iqtisodiy kooperatsiya yili doirasidagi muhim vazifalarni amalga oshirishda aynan biznes asosiy drayver bo‘lishi va hal qiluvchi rol o‘ynashi kerakligini alohida ta’kidladi.

Bu hamkorlikning 20 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha istiqbolli loyihalardir.

- Biz hurmatli Ilhom Haydarovich bilan bir fikrdamiz: hamkorlik kelajagi biznesga bog‘liq, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning ertangi kuni sizlarga bog‘liq, - deya xulosa qildi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari tadbirkorlarning samarali va qulay faoliyat yuritishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishini ta’kidladi.

O‘z navbatida, ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun O‘zbekiston va Ozarboyjon prezidentlariga minnatdorlik bildirib, yangi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalari haqida ma’lumot berdilar.

Uchrashuv yakunida davlat rahbarlari kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar.

Toshkent shahrida mehmonxona va turar joy majmualarini barpo etish, Qashqadaryo viloyatida qurilish materiallarini ishlab chiqarish, Ozarboyjonda to‘qimachilik klasterlari hamda tikuvchilik fabrikasini tashkil etish va boshqa loyihalar shular jumlasidan.

Prezidentlar ushbu loyihalarga start berar ekan, ular o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Mavzuga oid