Jahon | 11:10 / 24.08.2024
1526
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy va Belarus hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi

Xitoy Xalq Respublikasi davlat kengashi bosh vaziri Li Tsyanning Minskka tashrifi chog‘ida Xitoy Xalq Respublikasi va Belarus vakillari savdo, xavfsizlik va boshqa sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Foto: DW/A. Burakow

Xitoy va Belarus savdo, xavfsizlik, energetika, moliya va boshqa sohalarda hamkorlikni kuchaytirishga qaror qildi. Bu haqda 23 avgust, juma kuni Li Tsyan va Belarus bosh vaziri Roman Golovchenko o‘rtasida Minskdagi uchrashuvi yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan qo‘shma kommyunikeda aytiladi

Ushbu hujjatga ko‘ra, Pekin va Minsk, shuningdek, har ikki tomon uchun xarajatlarni kamaytirish maqsadida sanoat ta’minoti zanjirlari sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va savdoni osonlashtirishga ko‘maklashish niyatida. 

Jumladan, xizmatlar savdosi va investitsiyalar bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolandi, unda ikki davlat o‘rtasida xizmatlar sohasida erkin savdo zonasi, sarmoyalarni jalb etishning shaffof, liberal va qulay rejimini yaratish ko‘zda tutilgan. 

Bundan tashqari, BelTA Belarus davlat agentligining xabar berishicha, «Belarus va Xitoy o‘rtasida fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasida hamkorlik yili, shuningdek, beshta markaz, jumladan, an’anaviy xitoy tibbiyotini rivojlantirish, geologiya fanlari sohasida hamkorlik, Belarus Milliy fanlar akademiyasining Xitoy Xalq Respublikasidagi filiali o‘rtasida texnologiyalar transferiga» start berildi. 

Xitoy Belarusning ikkinchi va Osiyodagi eng yirik savdo sherigi hisoblanadi. 2023 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 8,4 milliard dollardan oshdi, deya xabar beradi China Daily. 

Mavzuga oid