Taqdimotda qayd etilganidek, davlat rahbarining 8-9 iyul kunlari ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi chog‘ida o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, yog‘ochni qayta ishlash va tibbiyot sohalarida umumiy qiymati 2 milliard dollarlik 310 ta loyiha va chora-tadbirni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Prezident ularni qisqa muddatda amaliy natijaga aylantirish, yangi korxonalar va ish o‘rinlarini tashkil etish, tadbirkorlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhimligini ta’kidladi.
Belarusda investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun taklif etilayotgan sanoat obektlari, davlat mulki va keng qishloq xo‘jaligi yerlari mavjud. Mamlakat hududining 40 foizini yoki 8 million gektarini qishloq xo‘jaligi maydonlari tashkil etadi.
Bu imkoniyatlar qo‘shma ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish, agrar kooperatsiyani rivojlantirish, tadbirkorlik aloqalarini kengaytirish hamda fuqarolarni tashkiliy asosda ish bilan ta’minlash uchun mustahkam zamin yaratadi.

Bunda Belarusda ishlash yoki biznes yuritish istagidagi fuqarolar va tadbirkorlar ro‘yxatini shakllantirib, Belarus bilan oldindan kelishib, ish joyi, yashash sharoiti, loyiha uchun zarur bino va yer masalalarini hal etgan holda ularning borishini tashkil qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Taqdimotda Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida bajarilgan ishlar haqida axborot berildi.
Ikki hudud o‘rtasida “yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, aniq tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish boshlangan. Ta’kidlanishicha, Andijon viloyatida yashovchi 255 kishining tashkiliy asosda Vitebskka borishi va bandligi ta’minlandi.
Shuningdek, 11 ta chorvachilik majmuasi negizida yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ularning har biri 200 boshdan 3 ming boshgacha qoramol parvarishlash imkoniyatiga hamda yetarli ozuqa maydonlariga ega.
“Andijon invest” kompaniyasi ishtirokida yirik chorvachilik kompleksi va sanatoriy majmuasi negizida investitsiya hamda ijtimoiy tashabbuslarni boshlash choralari ko‘rilmoqda.

Umuman, Vitebsk va Belarusning boshqa viloyatlarida chorvachilik, yog‘ochni qayta ishlash, logistika, savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida umumiy qiymati 100 million dollardan ziyod bo‘lgan 30 ta yangi loyiha paketi shakllantirildi.








