O‘zbekiston tashqi siyosatida yangi an’ana – ittifoqchilik: Aliyevning safari nimasi bilan muhim?
Ozarboyjon prezidenti 22-23 avgust kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Safarning eng asosiy voqeasi – ikki prezident ittifoqchilik aloqalari to‘g‘risidagi shartnomani imzolagani bo‘ldi. Mirziyoyevga ko‘ra, rasmiy Toshkent juda qisqa muddatda Boku bilan bunday kelishuvga erishgan. Tahlilchi Farhod Tolipov ittifoqchilik aloqalarini o‘rnatish – O‘zbekiston tashqi siyosatida yangi an’anaga aylanayotganini ta’kidladi.
Safarning asosiy tadbirlari 23 avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Odatga muvofiq oliy darajadagi mehmonni rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi. Shundan keyin tor doiradagi muzokaralar hamda davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyevning bu galgi safari tarixiy ahamiyatga egaligini qayd etdi. Buning asosiy sababi esa ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishidir. Bu esa Ozarboyjon bilan aloqalarning eng yuqori darajasi degani.
Kelasi yili ikki davlat o‘zaro diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlaydi. Shu munosabat bilan kelgusi yilni prezidentlar O‘zbekiston-Ozarboyjon iqtisodiy kooperatsiyasi yili deb e’lon qilishga kelishib oldi. 20 ta yo‘nalishdan iborat kompleks dastur ham kelgusi yilgacha qabul qilinadi. Ikki davlat bundan bu yog‘ida aviaqatnovlar sonini oshirmoqchi, yerusti va havo transporti bo‘yicha tartib-taomillarni imkon qadar yengillashtirmoqchi, raqamli yechimlarni joriy etish niyatida.
Xo‘sh, Ozarboyjon prezidentining safari qaysi jihatlari bilan muhim hisoblanadi. O‘zbekistonning ittifoqchilik aloqalariga ega hamkorlari soni ortib borishi nimadan dalolat? Siyosatshunos Farhod Tolipov Ozarboyjonning O‘zbekiston bilan ittifoqchiga aylanishi – quvonarli holat ekani, Aliyevning tashrifi turli maqsadlarni o‘z ichiga olishini ta’kidlaydi.
Birinchidan, Boku va Toshkent aloqalarning eng yuqori bosqichida.
Ikkinchidan, Aliyev Toshkentga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Boku safaridan sanoqli kunlar o‘tib keldi. Balki ikki tashrif bir-biriga aloqadordir. Ammo oliy darajadagi tashriflarni tashkil qilish uzoq muddat oladi, deydi Tolipov.
Uchinchidan, Markaziy Osiyo va turkiy dunyo bir alyansga birlashayotganini ko‘rish mumkin. Chunki Ozarboyjon prezidenti ham ShHT, ham Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvida faxriy mehmon sifatida qatnashgandi.
Tashrif davomida ikki prezidentlar ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari bilan ham uchrashdi. Kun esa ikki davlat san’at ustalarining konserti bilan yakunlandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti shu yilning 5-6 iyul kunlari Shushada Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun Ozarboyjonda bo‘lgandi. O‘tgan yilning xuddi shu sanalari, ya’ni 22-23 avgust kunlari O‘zbekiston prezidenti rafiqasi bilan Ozarboyjonga davlat tashrifini amalga oshirgandi.
Shohrux Majidov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
16:30 / 01.10.2024
Prezidentning pedagoglar bilan muloqoti - ustozlar yana qanday imkoniyatlarga ega bo‘ladi?
21:10 / 30.09.2024
Prezident o‘qituvchi va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi
16:53 / 30.09.2024
«Yil o‘qituvchisi» tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblarga uch xonali uy beriladi - prezident
13:51 / 30.09.2024