O‘zbekiston | 20:47 / 30.08.2024
3825
7 daqiqa o‘qiladi

30 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Toshkentda yangi obektlar bilan tanishgan prezident, Parij paralimpiadasida qo‘lga kiritilgan dastlabki medallar, yerni chuqurroq haydagan surxondaryolik fermerlar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Prezident Toshkent shahridagi yangi qurilishlar bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev kecha dastlab Respublika onkologiya markazining yangi majmuasi bilan tanishdi.

Qayd qilinishicha, majmua 9 ta binodan iborat bo‘lib, asosiy binolar 8 qavatli. 1-qavatda poliklinika va tashxis uskunalari, 2-qavatda laboratoriya, statsionar, reanimatsiya va jarrohlik xonalari, yuqori qavatlarda palatalar joylashgan. Yerosti qismida radioterapiya, yadro tibbiyoti bo‘limi, xo‘jalik xonalari bor.

Avvalgi shifoxona 370 o‘rinli edi. Yangi markazda 650 ta statsionar va 80 ta kunduzgi o‘rin tashkil etildi. Shuningdek, bir kunda 500 nafar bemor ambulator sharoitda davolanishi mumkin. Markazda Yevropa va AQSh standartlari asosida tashkil etilgan 17 ta yangi klinik bo‘lim, 18 ta jarrohlik xonasi, 42 ta reanimatsiya va intensiv terapiya xonalari tashkil etilgan.

“Bu loyihaga 1,2 trillion so‘m ajratib, «noldan» qurdik. Barcha onkologiya shifoxonalarini jihozlashga 80 million dollar yo‘naltirildi. Endi asosiy vazifa — xodimlarni o‘qitib olish, samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident shuningdek, Jamoat xavfsizligi universitetini ko‘zdan kechirdi. Shavkat Mirziyoyev ofitser va talabalar bilan muloqotda dual ta’limni keng joriy qilish, o‘quv dasturini bugungi xavf-xatarlarga moslashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezident Toshkent halqa yo‘lining Mirzo Ulug‘bek tumanidan o‘tgan qismida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Toshkent halqa yo‘li poytaxtning eng uzun va keng ko‘chasi. Faqat uning Mirzo Ulug‘bek tumanidan o‘tgan bir qismi tor bo‘lib, hozirgi talabga — kuniga 45-50 mingta avtomashina qatnoviga mos kelmay qolgan edi. Shu bois ushbu yo‘l kengaytirilib, qayta qurildi.

Bu yerda o‘ziga xos yechimlar asosida 3 ta qayrilib olish hamda 18 ta kesishmalarda qo‘shilib olish joylari tashkil etildi. Bu haydovchilarga qulaylik yaratib, tirbandlikni kamaytirishda muhim omil bo‘ladi.

Bu yo‘l poytaxt va Toshkent viloyatining bir necha tumanlarini bog‘laydi. Qatnov qismi esa oldingidan ancha kengaytirilib, 6-8 tasmaga yetkazildi. Shuningdek, 4 ta yerosti o‘tish joyi, piyoda va veloyo‘laklar qurildi.

Paralimpiadada dastlabki oltin

Asila Mirzayorova Paralimpiya o‘yinlari rekordini yangilab, O‘zbekistonga birinchi oltin medalni keltirdi.

T11 klassida uzunlikka sakrashda Asila Mirzayorova dastlabki urinishidayoq 5,22 metr natija qayd etib, Paralimpiya o‘yinlarining 28 yillik rekordini (5,07 m) yangiladi. Beshinchi urinishida esa 5,24 metr natija ko‘rsatib, Aslida shu paralimpiadada o‘zi o‘rnatgan rekordni ham yangilab qo‘ydi. 

Shu tariqa O‘zbekiston hisobidagi medallar 4 taga yetdi — 1 oltin, 2 kumush va 1 bronza.

Bungacha, ko‘rsatuv tayyorlanayotgan chog‘da para taekvondoda Ziyoda Isoqova, para yengil atletikada Kubaro Hakimova kumush, para suzishda Muslima Odilova bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.

Yirik energetika korxonalari soliq to‘lashni keskin kamaytirdi

2014 yilning 7 oylik yakunlariga ko‘ra, soliq tushumlari “O‘zbekneftgaz”da 24 foizga, Buxoro neft zavodida 42 foizga, “Issiqlik elektr stansiyalari”da 2,2 barobarga, “Uz-Kor Gas Chemical”da 3,2 barobarga kamaygan. “Uzbekistan GTL”ning soliq to‘lovlari qanchaga kamaygani ma’lum emas, lekin qisqarish eng kamida 1,5 barobar bo‘lgan.

O‘zbekistonda ishlab chiqarish sohasida faoliyat olib boruvchi 65 ming 134 ta kompaniya tomonidan 2024 yil yanvar-iyul oylarida 23 trln 839 mlrd so‘m soliq to‘langan. Soliq qo‘mitasi xabariga ko‘ra, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,4 foizga ko‘p.

Hisobot davrida, NKMK va OKMKni inobatga olmaganda ishlab chiqaruvchilar orasida eng ko‘p soliqni “O‘zbekneftgaz” AJ to‘lagan – 2 trln 290,7 mlrd so‘m. Lekin bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24,1 foizga kam. Taqqoslash uchun, 2023 yilning yanvar-iyul oylarida kompaniya to‘lagan soliqlar miqdori 3 trln 19,6 mlrd so‘m bo‘lgan.

Surxondaryoning ayrim hududlarida paxta terimi boshlandi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabariga ko‘ra, Surxondaryo viloyatining ayrim hududlarida paxta-yig‘im terimi boshlandi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar qildi.

Avvalroq Bandixon tumanida joylashgan “Boysun chungulsoy” fermer xo‘jaligi paxta yetishtirish bo‘yicha rejasini ortig‘i bilan bajargan ilk xo‘jaliklardan biriga aylangani xabar qilingan edi. Fermer xo‘jaligi birja orqali "Bandixon Tekstil Klaster" MChJga 47,5 tonna paxta topshirib, jamiyat bilan tuzilgan fyuchers shartnomasini to‘liq bajardi.

Termiz tumanidagi “Qoraxon paxtakori” fermer xo‘jaligiga qarashli 14 gektar maydonni egallagan hududda 60 sxemada “Buxoro 102” navi ekilgan. Bu yerda gektaridan 50 sentnerdan hosil olish ko‘zda tutilgan.

Mazkur hududda agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilgani, g‘o‘zaning vegetatsiya davrida alohida nazorat olib borilgani va ularning aprobatsiyasi to‘g‘ri va o‘z muddatida amalga oshirilgani o‘z natijasini ko‘rsatgan. Bir so‘z bilan aytganda, yerni chuqurroq haydashgan.

Bo‘liq ko‘saklar ochilgan, olimlarning fikriga ko‘ra, 49 sentnerdan hosil olish mumkin. Tumandagi boshqa fermer xo‘jaliklarida paxta terimiga start berilgan bo‘lib, bu yerda 2 sentabrdan paxta terimini boshlash rejalashtirilgan.

Mavzuga oid