O‘zbekiston | 19:47 / 31.08.2024
12969
4 daqiqa o‘qiladi

“Biz endi 37 millionlik katta xalqmiz” - prezident

Shavkat Mirziyoyev mustaqil bo‘lganiga 33 yil to‘lgan O‘zbekiston aholi soni bo‘yicha jahondagi eng yirik 40 ta davlatdan biri ekanini aytib, bu raqamni islohotlar va mehnat orqali katta salohiyatga aylantirishga chaqirdi. Prezident islohotlarning 5 ta ustuvor yo‘nalishini sanab o‘tdi. JSTga a’zolik harakatlari qat’iy davom ettirilishi, eksklyuziv huquqlar bosqichma-bosqich bekor qilinishi ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 33 yillik bayramida so‘zlagan nutqida Yangi O‘zbekistonni barpo etishda asosiy e’tibor 5 ta ustuvor yo‘nalishga qaratilayotgani aytdi.

Bular: sifatli ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish; biznesni rivojlantirish; korrupsiyadan xoli, adolatli sud tizimini yaratish; sog‘liqni saqlash sohasini tubdan yaxshilash; ekologik barqarorlikni ta’minlash.

“Muammolarimizning yechimi, savollarimizning javobi faqat va faqat ta’limda. Hamma eshiklarni ochadigan kalit ham – faqat va faqat ta’lim va tarbiyadir. Shu sababli maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha katta dastur qabul qildik.

Maktablarimizda avvalo ona tili va adabiyotini chuqur o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Farzandlarimizga chet tillaridan sifatli ta’lim berish maqsadida xorijiy til egalarini olib kelmoqdamiz. Maktab o‘quvchilari jahondagi ilg‘or tajribalar asosida tayyorlangan zamonaviy darsliklar bilan ta’minlanmoqda.

Yurtimizda dunyodagi nufuzli oliygohlarning filiallarini ochib, O‘zbekistonni yirik ta’lim markaziga aylantirishni maqsad qilganmiz.

Yoshlarimiz yetakchi xorijiy universitetlarda tahsil olib, tajriba orttirib, Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilishga bel bog‘laganlar. Buning uchun ularga “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali yanada qulay imkoniyatlar yaratamiz.

Ayniqsa, xotin-qizlarning bilim olishlari, kasb egallashlariga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.

Men hurmatli ota-onalarga qarata aytmoqchiman: qizlaringizni o‘qiting, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishlarida ularga ko‘makchi bo‘ling! Ulug‘larimiz aytganlaridek, o‘g‘il bolani o‘qitsak, bir kishi savodli bo‘ladi. Qiz bolani o‘qitsak, butun oila, butun jamiyat bilimli bo‘ladi”, – dedi prezident.

Davlat rahbari Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlar qat’iy davom ettirilishi, alohida kompaniyalarga berilgan monopol huquq va imtiyozlar bosqichma-bosqich bekor qilinib, barchaga teng huquqlar berilishini ta’kidladi.

Joriy yilda energetika, neft-gaz, suv xo‘jaligi, yo‘l qurilishi, temir yo‘l va aeroport xizmati sohalarida 17 turdagi davlat monopoliyasini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu ishlar davom ettirilib, mamlakatimiz xalqaro savdo makonining ajralmas qismiga albatta aylantirilishi qayd etildi.

Yana bir dolzarb masala – aholini munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash. “Biz bu borada tadbirkorlarimizga tayanamiz. Shu bois, ularni qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytiramiz. Zamonning o‘zi tadbirkorlarimizdan keng miqyosda fikrlab ish yuritishni, jahon bozorlarida raqobatdosh mahsulot yaratishni talab etmoqda. Bu yo‘lda ularga omad va yutuqlar tilaymiz”, – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston aholisi joriy yilda 37 milliondan oshganini e’tirof etdi.

“Biz endi 37 millionlik katta xalqmiz.

O‘zbekiston hozirgi kunda aholi soni bo‘yicha jahondagi eng yirik 40 ta davlatdan biri hisoblanadi.

Bu raqamni islohotlarimiz, mehnatimiz, bilim va qobiliyatimiz bilan katta salohiyatga aylantirishimiz kerak.

Dengizga chiqish imkoniyatimiz cheklanganini inobatga olib, e’tiborimizni kreativ sohalarga qaratishimiz, ularni jadal rivojlantirishimiz zarur. Jahonda kreativ sanoat mahsulotlari eksportidan yiliga milliardlab dollar daromad topayotgan mamlakatlar ko‘p.

Binobarin, shunday mahsulot ishlab chiqarishga bel bog‘lagan ijodkor ishbilarmonlarimizni, ayniqsa, yoshlarimizni har tomonlama rag‘batlantiramiz”, – dedi prezident.

Mavzuga oid