Jahon | 23:09 / 02.09.2024
38728
3 daqiqa o‘qiladi

“2 oylik qizini ko‘rmay ketdi” - Nijyegoroddagi YTH qurbonlari shaxsi aniqlandi

Samara-Moskva trassasining Nijyegorodsk oblasti hududidan o‘tgan qismida sodir bo‘lgan YTHda 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi – 6 erkak va bir ayol vafot etdi. Halok bo‘lganlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Andijon viloyatlaridan bo‘lgan.  

Foto: Nijyegorodsk viloyati politsiyasi

1 sentabr kuni Rossiyaning Nijyegorodsk oblasti hududida insonlar o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi: “Vostok” avtomagistralining 375 km.da “Qozog‘iston-Moskva” yo‘nalishida harakatlangan Hyundai mikroavtobusi va KІA serato mashinasi to‘qnashgan.  

Kun.uz manbasiga ko‘ra, YTH oqibatida 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi voqea joyida halok bo‘lgan. Voqea joyida jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish maqsadida tez tibbiy yordam vertolyoti jalb qilingan.

YTHda Atoyev Azim Axrorovich (1992 yilda tug‘ilgan, Buxoro viloyati Romitan tumanida yashagan), Abdullayev Ikrombek Sadullayevich (1983 yilda tug‘ilgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida yashagan), Akimniyazov Xasen Ubaydullayevich (1986 yilda tug‘ilgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida yashagan), Nazarov Zafarbek Ilhomiddin o‘g‘li (1993 yilda tug‘ilgan, Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashagan), Nomozov Zarif Normamatovich (1981 yilda tug‘ilgan, Samarqand viloyati Narpay tumanida yashagan), Mahmudova Hakimaxon Shermaxammatovna (1978 yilda tug‘ilgan, Andijon viloyati Jalaquduq tumanida yashagan), Tulyakov Sadriddin Sa’dullayevich (1973 yilda tug‘ilgan, Navoiy viloyati Karmana tumanida yashagan) halok bo‘lgan.

“Oddiy oilaning oddiy bolasi edi. Ortida 3 nafar farzandi qoldi.  Kichik qizi hali 2 oylik chaqaloq edi, ko‘rmay ketdi. Bu ota-onasi uchun og‘ir musibat bo‘ldi”, deydi marhum Azim Atoyevning Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan yaqini. 

YTH oqibatida Abduraxmonov Abrorbek Bahodir o‘g‘li (2005 yilda tug‘ilgan, Surxondaryo viloyati Uzun tumanida yashaydi), Usmonova Maharramxon Tolibjon qizi (1991 yilda tug‘ilgan, Andijon viloyati Andijon tumanida yashaydi), Umbarov Ulug‘bek Yangiboyevich (1967 yilda tug‘ilgan, Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida yashaydi) turli darajada tan jarohati olgan. Ular Viksa shaharchasidagi tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan.

Dastlabki xabarda Hyundai mikroavtobusini 32 yoshli tojikistonlik haydovchi boshqargani aytilgandi

Mavzuga oid