Sport | 10:20 / 04.09.2024
2661
20 daqiqa o‘qiladi

Rafa Benites - «Istanbul mo‘jizasi», Alonsoning «Arsenal»ga transferi barbod bo‘lishi va «Real»da ishlay olmagani sababi haqida

Foto: Getty Images

«Liverpul»ning Yurgen Kloppdan avvalgi eng muvaffaqiyatli murabbiyi deya e’tirof etiladigan Rafael Benites bir necha kun avval «Sky Spors» kanalida sobiq futbolchilar Geri Nevill, Jyeymi Karrager, Ian Rayt, Roy Kin va Jill Skott bilan podkastda qatnashdi hamda Mersisayddagi shonli davrlarini yodga oldi. Quyida ispaniyalik murabbiyning eng e’tiborga molik fikrlarini taqdim etiladi.

Nevill: Yevro-2024 finalidan so‘ng Berlindan qaytdik va yo‘lda ispan murabbiylik maktabi masalasida yigitlar bilan suhbatlashib kelgandik. Ingliz murabbiylik maktabi taktik bilimlarning asosi sifatida qaralardi, ammo biz 70-90 yillar oralig‘ida qolib ketdik va o‘z uslubimizni sayqallamadik. Bugun esa ispan murabbiylik maktabi dunyo futbolini to‘liq zabt etdi. Buning sababi nima deb o‘ylaysan?

 

— Sen farqni murabbiylik kurslariga borgandayoq sezasan. Bilishimcha, Uelsda yaxshi murabbiylik maktabingiz bor, u yerda bo‘lganman. Ammo Ispaniyada yondashuv boshqacha. Taktik tayyorgarlik jihatidan italyan futbol maktabi doim birinchi raqamli bo‘lib kelgan. Ispaniyaning o‘ziga xosligi esa Italiya darajasiga yaqin taktik tayyorgarlikka hamohang yuqori texnik ustuvorlik, degan bo‘lardim.

Angliyadagi holat haqida esa o‘zingiz ham yaxshi bilasiz: sizlar qanotlar orqali va to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumlar orqali o‘ynashni yaxshi ko‘rasiz. Men «Liverpul»ga kelganimda statistik ko‘rsatkichlardan hayratga tushganman. Darvozabonlar doim hujumchilar uchligiga to‘p yetkazib berish maqsadida uzoq masofaga to‘p tepishardi. O‘z navbatida, aytib o‘tishim kerakki, men tiki-takani yoqtirmayman, uni vaqtni bekorga ketkazish, deb hisoblayman. Biroq inglizcha olisga uzatmalarni ham qabul qilolmayman. Bular o‘rtasida balansni ushlashga harakat qilaman.

Zamonaviy futboldagi tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, eng ko‘p gollar 6 tadan kam uzatmalar natijasida urilgan. Yevro-2024da kiritilgan gollarning qariyb 65 foizi jamoa to‘pni yutib olgach, 6 ta yoki undan kam uzatmalar almashinuvi orqali raqib darvozasiga yetib borgan. Zamonaviy futbol tezkor va tartibli pressing asosiga qurilmoqda. Kuchli jamoalar to‘pni yo‘qotgach, darhol uni egallashga harakat qilishmoqda va buning uchun raqib maydonining o‘zida bosim qilishga kirishishmoqda. Yangi davr futbolining yana bir jihati — to‘p nazorati, faqat bu ishni raqib yarimmaydonida amalga oshirish bo‘lib qolyapti. «Liverpul»dagi dastlabki mavsumlarimda kubok bahslarida Chempionship jamoalariga ham yutqazib qo‘yardik. Sababi, biz o‘z yarimmaydonimizda ko‘p pas o‘ynab yuborardik va tabiiy ravishda qaysidir nuqtada ahmoqona xato bilan to‘pni raqibga berib qo‘yardik.

Nega ispan murabbiylik maktabi inglizlarnikidan o‘tib ketganiga javob beradigan bo‘lsam, biz yuqorida aytib o‘tganim — balans ustida ishlay boshladik. Italyanlardan ozroq taktik tayyorgarlik, inglizlardan ko‘proq pas bilan o‘ynash va texnik jihatdan yuqori darajali bo‘lish bizni bugungi natijalarga olib keldi. Angliya klublaridagi mashg‘ulotlarni ko‘rishga kelganimda «Tottenhem», «Vest Hem» va «Manchester Yunayted» futbol akademiyalarida bo‘lgandim. «Vest Hem»dagi mashg‘ulotlar jarayoni meni hayratga solgandi: barcha futbolchilar trenajyor zalida bir xil og‘irlikdagi toshlar bilan mashq qildirilayotgandi: ikki metrli darvozabon ham, past bo‘yli vinger ham… Ispaniyada esa hammaning jismoniy ko‘rsatkichlari va pozitsiyasi jihatidan talab qilinadigan darajada yuklamalar beriladi. «Tottenhem»dagi mashg‘ulotlar esa yanada e’tiborimni tortgan: ularning mashg‘ulotida bir soat davomida futbolchilarning faqat o‘ng qanotdan kross uzatishlarini kuzatganman. Ular boshqa mashqlarni mutlaqo bajarishmagan. Ispaniyada esa bunday bo‘lishi imkonsiz, biz jamoani kompleks tarzda tayyorlaymiz, birgina uslubni mashq qilish bilan 1 soat vaqt o‘tkaza olmaymiz.

Karrager: Kel, Chempionlar Ligasi va Istanbul finali haqida gaplashamiz. Yarimfinal yodingdami? Biz Mourinio jamoasiga qarshi maydonga chiqqandik va ular bilan juda ko‘p bor to‘qnash kelardik. Ushbu bellashuv uchun rejang qanday bo‘lgandi?

— To‘g‘ri aytding, men murabbiyligim davomida naq 16 marta Mourinio jamoasiga qarshi o‘ynaganmiz. O‘sha davrda «Chelsi»da dahshatli tarkib bor edi. Ular biz bilan o‘yingacha bo‘lgan 2 yil ichida 300 mln yevro xarajat qilgandi. Ularda o‘zlari istagan barcha futbolchilar bor edi. Bizda ham Jyerrard va Karrager bo‘lgan hamda ular ham millionlarga baholanardi. Men rost aytyapman, agar sen o‘sha paytda Jyerrard va Karragerni sotib olmoqchi bo‘lsang, 200 mln yevro to‘lashingga to‘g‘ri kelardi: 180 mln Stiven uchun, 20 mln Jyeymi uchun (kuladi). O‘yinga qaytadigan bo‘lsak, o‘sha «Chelsi»ni qanday qilib yutish mumkin edi? Mana shunday qilib: ikkala o‘yinda ularda hammasi bo‘lib 2 ta imkoniyat bo‘lgandi, atigi 2 ta aniq zarba. Darvozabonsiz o‘ynaganimizda ham finalga chiqqan bo‘lardik. Biz o‘sha davrdagi Yevropaning eng kuchli jamoasini yenggandik.

«Olimpiakos» bilan guruhda ancha qiyin bo‘lgandi, Jyerrard barchasini hal qilgani sabab pley-offga chiqdik. «Yuventus» esa juda katta jamoa edi, ular «Real»ni yengib qarshimizdan chiqayotgan edi. Xabi Alonso jarohatdan endi qaytgandi va biz himoyada 3 nafar markaz vakili bilan o‘yinga chiqqanmiz. Boisi, ularda ikki nafar markaziy hujumchi bor edi: Alessandro Del Piyero va Zlatan Ibrahimovich. Ikkinchi o‘yinda Alonsoni maydonga tushirar ekanman, undan yugurmaslikni, shunchaki markazda to‘pni qabul qilib pas bilan jamoani oldinga olib chiqishni so‘ragandim. Chunki bizda Antonio Nunyyes, Luis Garsiya va Milan Barosh kabi tezkor futbolchilar bor edi. O‘shanda 5-3-1-1 taktikasida harakatlanganmiz, raqibga moslashishga majbur edik. Ularda birgina vaziyat bo‘lgandi: jarima zarbasi, gol ura olishmagan va biz ikkinchi o‘yinda 0:0 hisobini ushlab keyingi bosqichga yo‘l olgandik.

«Chelsi» haqida Arsen Venger bilan gaplashganimni yaxshi eslayman, ular biz bilan o‘ynashni yoqtirmas edi. Boisi — biz himoyada o‘ta tartibli edik. Bu kabi kuchli jamoalarga qarshi o‘yinlarda adaptatsiya juda muhim rol o‘ynaydi. Senga kurashuvchan, g‘alabaga chanqoq, tajribali va doim yangi narsalarni o‘rganishga tayyor futbolchilar kerak bo‘ladi. Men qanday bo‘lmasin, to‘p bilanmi yoki to‘psizmi, o‘yinni nazorat qilishni xohlayman. Lekin Jyeymi fikrimni tasdiqlashi mumkin: hech qachon jamoamga himoyaga yotib oling, deb ko‘rsatma bermaganman.

Finalda markazda Jyerrard va Alonso juftligi bilan boshlagandik. Sababi, Luis Garsiya, Harri Kyuell va Milan Barosh kabi futbolchilar bor tarkib bilan sen hujumkor futbol o‘ynashni xohlaysan. Milanliklar esa yarimhimoyada 3+1 shaklida o‘ynamoqchi edi va biz chiziqlar orasida harakat qilishni mo‘ljallagandik. Kakani nazorat qila olmaganimiz birinchi bo‘limdagi xatomiz bo‘ldi, chunki Jyerrard hujumga tez-tez qo‘shilishga odatlanib qolgandi. Tanaffusda bu xatoni to‘g‘rilaganmiz, chunki Stiv oldindaligida Alonso tayanchda bir o‘zi qolib ketayotgandi va tezkor Kaka unga qarshi bo‘shliqlar topayotgandi. Men o‘yinga tayyorlanar ekanman, o‘z hujumkor futbolchilarimga katta ishonch bildirgandim. Ikkinchi golni o‘tkazib yuborganimizdan so‘ng, yordamchim Pakoga aytdim: «Tanaffusda men futbolchilar bilan gaplashaman va biz ikkinchi bo‘limda 3 nafar himoyachi bilan o‘ynaymiz. Men aytishim bilan Hamanni tayyorlashni boshlaysan». Shu gapni aytib bo‘lishim bilan biz 3-golni ham o‘tkazib yubordik. Biz ikkinchi bo‘limda maydonga chiqib, hisobni yanada sharmandali holatga keltirib qo‘yishimiz ham mumkin edi. Barcha futbolchilarning boshi quyi egilgan, ularning hafsalasi pir bo‘lgani ko‘rinib turardi. Lekin ularni jonlantirishga harakat qilardim, chunki bizning yo‘qotadigan narsamiz yo‘q edi. Bitta gol urib olsak, hammasini o‘zgartirishga imkonimiz bo‘ladi. Men futbolchilarga g‘alabaga nisbatan ishonchni yetkaza olishim kerak edi.

0:3 vaqtida o‘sha finalni yutishimizga ishonganmidim? Yo‘q. Lekin tanaffusda o‘z ishimni qilishim kerakligini yaxshi tushunib turgandim. Ditmar Hamanni tushirishdan asosiy maqsadimiz o‘yin nazoratini qo‘lga kiritish edi. Va tan olishim kerakki, o‘shanda 3 ta golni aqlbovar qilmas omad evaziga kiritgandik.

Nevill: Futbolchilik faoliyatim davomida «Liverpul»ning chempionlikka erisholmayotganidan zarracha ham qayg‘urmagan bo‘lsam-da, sizlarning doim tituldan bir qadam qolganda qoqilishingizni kuzatib, yaqin qolganingizni his qilardim. Ammo birdan jamoada pasayish boshlandi: Alonso va Maskerano ketdi. O‘shanda nima bo‘lgandi?

— «Liverpul»ga kelganimda 3 yil ichida titul uchun kurashga qo‘shilishni xohlashlarini aytishgandi. Men transferlar oynasi davomida 20 mln funt ishlatishim mumkin edi. Buncha pulni «Manchester Yunayted» bitta futbolchiga sarflashi mumkin bo‘lgan. Men transferlarga jamoa ichidan pul ishlab topishga harakat qilardim: futbolchilar sotuvi, ijaraga berish… Klub rahbarining shaxsan o‘zi «MYu» yoki «Chelsi» bilan xarajatlar borasida raqobatlasha olmasligimizni aytgandi. Chunki sizlar har bir o‘yinda 70 ming muxlis bilan o‘ynardingiz, biz esa 45 mingga yaqin muxlisni stadionga sig‘dira olardik, xolos. Bu mavsumiga 50 million funt ko‘p ishlab topganingizni anglatadi. Lekin biz chempionlik uchun kurashishimiz kerak edi.

Esimda, men Yovetichni xarid qilmoqchi edim va u 16 mln funt turardi. Rahbariyatdan bu haqda so‘raganimda, menga pul yo‘qligini aytishgandi. O‘sha mavsumda «Fiorentina» bilan o‘ynab, 0:2 hisobida yutqazdik va u dubl qayd etdi. O‘shanda klub boshlig‘iga «sizga aytgan futbolchim mana shu edi», degandim. Keyin esa Aaron Remzi bilan ham shunga o‘xshash holat bo‘ldi. O‘sha paytda «Kardiff» bilan 1,5 mln funt hamda bonuslar evaziga kelishib qo‘ygandik va Angliya Kubogi doirasida ularning maydonida o‘ynashimiz kerak edi. Birato‘la o‘sha 17 yoshli yigitchaning transferini hal qilib qaytishni niyat qilib Uelsga bordik, ammo Arsen Venger uning uchun 5 mln funt to‘ladi va Remzini olib ketdi. Garet Beyl bilan ham shunday bo‘lgan. 17 yoshligida, «Sauthempton»da o‘ynab yurganida uni 6 oy kuzatdik va yakunda «Tottenhem» 8 mln funt to‘lab uni transfer qildi, biz esa yana iqtidorli futbolchi uchun kurashga kirisha olmadik.

Jamoada yuzaga keladigan kamchiliklarni bartaraf etish uchun senda futbolchi sotib olish va ularga maosh to‘lash uchun pul kerak bo‘ladi. Bizda o‘sha paytda pul bo‘lmagan. Men Vidich bilan ham «Manchester Yunayted»ga kelishidan avval gaplashganman. Esimda, uning qaylig‘i inglizcha yaxshi gapirardi va u orqali gaplashgandik.

Nega Liverpulga futbolchilarni jalb qilish qiyin kechgan? Chunki xorijdan keladigan oilalar London yoki Manchesterda yashashni ma’qul ko‘radi: u yerda xalqaro aeroport bor, savdo markazlari ham Liverpuldagidan katta va ko‘p. Bu — juda muhim faktor. Chunki bir paytlar mening bir futbolchimning ayoli boshqa bir futbolchining ayoli bilan doimiy gaplashib yurib, uni Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tishga undagan va men ikki o‘rtada futbolchimdan ayrilganman. Bundan tashqari, London va Manchesterda sen titullar yutishing mumkin edi, biz o‘sha davrda chempionlik uchun kurasha olmasdik.

Karrager: Esimda, 2008/2009 yilgi mavsumda chempionlikka juda yaqin kelgandik va bu faoliyatimdagi eng zo‘r mavsum bo‘lgandi. O‘sha mavsum avvalida Xabi Alonso «Arsenal»ga o‘tishga yaqin edi, keyin esa jamoada qoldi va mavsumning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Ketish kayfiyatidagi futbolchi bu darajada kuchli o‘ynab ketishining sababi nimada?

— Xabi — juda ajoyib inson, aqlli futbolchi va meni u bilan hech qanday muammom bo‘lmagan. Gap shundaki, u allaqachon «Arsenal» bilan kelishib qo‘ygandi. Biz esa uni sotib, o‘rniga Garet Berrini olib kelmoqchi edik, chunki u bir nechta pozitsiyada yaxshi o‘ynardi. Ammo Chempionlar Ligasiga o‘tish bahsida ishtirok etishimiz kerak edi. Maskerano olimpiya o‘yinlarida edi, Jyerrardning belida og‘riq bor edi va mavsumning eng muhim o‘yinida menda Xabidan boshqa variant yo‘q edi. U esa ketish arafasida bo‘lgani uchun maydonga tushmoqchimasdi. Ammo yakunda u biz bilan qolgan va jamoamizning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgandi. Vaholanki, mavsumoldi so‘nggi o‘rtoqlik o‘yinimizda muxlislar Alonsoni qarsaklar bilan maydondan kuzatib, qaysidir ma’noda u bilan xayrlashib ham bo‘lgan edi. Xo‘sh, u nega o‘sha mavsum ketmadi? Chunki men klub direktori bilan gaplashganimda barchasini aniq qilib aytganman: Xabi 40 mln funtdan kamiga ketmaydi, uning yana 3 yillik shartnomasi bor.

Nevill: Angliyada Jyerrard-Lempard-Skoulz abadiy savol bo‘lib keladi. Sen esa Jyerrardni ba’zida hujumchi ortida, ba’zida qanotda o‘ynatarding va buning sababi nimada edi?

— Bunga yuqorida ham javob berdim: taktik sabablarga ko‘ra. Siz aytgan uchala futbolchi ham klassik to‘rtburchakdan to‘rtburchakkacha o‘ynaydigan (box-to-box) yarimhimoyachilar hisoblanadi. O‘sha paytda Angliya milliy jamoasi yordamchi murabbiyi Stiv Maklaren edi va u bir kun oldimga kelib, bu uchala futbolchi masalasiga yechim topa olmayotganliklarini aytdi. Stivni o‘z pozitsiyasidan yuqoriroqqa chiqarishga qaror qilganman va bu uning kuchiga shubha qilganimdan emas. Stiven Jyerrard — men murabbiylik qilgan eng zo‘r futbolchi. U shu qadar zo‘r ediki, men qo‘ygan istalgan pozitsiyada yuqori darajada o‘ynay olardi. Shuning uchun, men uning natural o‘rni qayer ekanini ham aniq aytolmas edim. Kapello Angliyaga murabbiy bo‘lgach, uni chap qanotga ham qo‘yib ko‘rgan va Stiv u yerda ham ajoyib o‘ynagandi.

«Liverpul»da markazda Xabi Alonsoni o‘ynatardik, lekin u tezkor futbolchi emasdi. Uning birmuncha sekin harakatlarini Jyerrardning tezkorligi bilan kompensatsiya qilardik.

Karrager: Faoliyatingning keyingi bosqichlarida «Inter» va «Real» kabi grandlarda ishlading. Aytish kerakki, ushbu klublarda ishlaring uncha o‘xshamadi. Lekin biz bilan, «Valensiya» va «Napoli»da juda yaxshi ishlagan eding. Bu sening murabbiylik falsafang ikkinchi eshelon jamoalariga ko‘proq mos kelishi bilan bog‘liqmi?

— Qisman, bu fikrga qo‘shilish mumkin. Chunki Anchelotti «Napoli»da muvaffaqiyatga erisha olmagandi, ammo men Neapolda bir necha mavsum yaxshi ishlay oldim. «Inter» va «Real»da transferlar hamda budjet bilan bog‘liq muammolar yo‘q. Birgina muammo shundaki, sen doim g‘alaba qozonishing kerak. Bunday jamoalar bilan ishlashdagi eng katta muammo — yulduz futbolchilarni o‘z uslubingda ishlatishda yuzaga keladigan qiyinchiliklar, desam bo‘ladi. Italiyada bunday futbolchilarni «qorni to‘ygan» degan ibora bilan atashadi va ular mehnat qilishni istashmaydi.

Karrager: Nega «Everton»ga borganding, Rafa? Bunday qilishing mumkinmas-ku, axir!

— Chunki oilam Liverpulda yashashga o‘rgangan, menga bu shahar yoqadi. Milanda yashaganimda, oilam dahshatli darajada qiynalgandi. Qaysidir bellashuvni boy bergan kunimiz ertasiga farzandlarimni maktabda o‘rtoqlari tinch qo‘yishmasdi va buni qabul qilish og‘ir bo‘lgan. Shundan so‘ng oilamni Liverpulga doimiy ko‘chirib olib kelib, o‘zim qayerda ishlasam, o‘sha yerda yashab yurardim.

«Everton»da rahbar menga transferlarga pul sarflay olmasligimni aytgandi. O‘sha yozda jami 1,7 mln funt ishlatdik va 5 futbolchi sotdik. Birgina xarid Demarey Grey bo‘lgandi. Biz klubni elitada saqlab qoldik. Chunki bizdan oldin 100-150 mln funt sarflaganlarni deb jamoaning moliyaviy holati juda yomon holatga kelib qolgandi.

«Selta»da yangi rahbariyat menga haqiqiy loyiha taqdim etishgandi va rostdan ham ularning tiklanishiga yordam bermoqchi edim. Ammo ko‘p o‘tmay menga berilgan va’dalarga umuman mos kelmaydigan ishlar bo‘lib ketdi. Ular menga 3 yillik shartnoma berishdi va bu vaqt ichida klubni Yevropa maydonlari kvotasi uchun kurashadigan darajaga olib chiqishni so‘rashdi. Biroq klubdagi budjet juda kichikligi bois yuqoridagi klublar bilan bahslashishimiz imkonsiz edi. Misol uchun, «Real» transferlarga 600 mln yevro ishlatishi mumkin, biz esa 60 mln. Bunday sharoitda ularga qarshi kurashishni tasavvur qilib ham bo‘lmaydi. Mavsum o‘rtasida esa ular mendan butkul boshqa narsalarni talab qila boshlashdi.

Abdulbasit Valixonov tarjimasi

Mavzuga oid