«Real» yangi yilda uchinchi o‘yinini o‘tkazdi. Va navbatdagi sovrin uchun qadam tashladi.

«Real» — «Malyorka» 3:0
Gollar: Bellinghem (63), Valent (90+2, avtogol), Rodrigo (90+5). 
«Real» – Kurtua, Mendi, Ryudiger, Tchuameni (Asensio, 55), Vaskes, Kamavinga, Valverde (Seballos, 75), Bellinghem, Vinisius (Dias, 88), Rodrigo, Mbappe.
«Malyorka» – Greyf, Moxika, Raillo (Kopete, 34), Valent, Maffeo, Darder (Asano, 71), Maskarel, Morlanes (Samu Koshta, 70), Dani Rodriges (Prats, 81), Larin (Navarro, 70), Muriki.
Ogohlantirishlar: Bellinghem (66), Kamavinga (74).

«Real» raqibni ilk daqiqalardanoq kuchli bosim ostida qoldirdi. To‘pga egalik qilish bo‘yicha total ustunlik, kuchli pressing, raqib darvozasi atrofidagi keskinlik. «Malyorka» bu daqiqalarda faqat himoyalandi va hujumga chiqishni faqat orzu qila oldi. Lukas Vaskesning yaxshi pozitsiyadan yo‘llagan zarbasi haddan tashqari kuchlilik qildi va yuqoridan o‘tib ketdi, Rodrigoning zarbasidan keyin darvozabon Dominik Greyf jamoasini goldan qutqarib qoldi, Kilian Mbappe ham to‘pni to‘sin yuqorisidan oshirib tepdi. Bu voqealarning barchasi hakamning o‘yin boshlangani haqidagi hushtagi chalinganidan keyingi sakkiz daqiqa ichida bo‘lib o‘tdi.

Keyinroq ham Greyf Orelen Tchuameni va Jud Bellinghemning zarbalaridan keyin o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. Shundan keyingina «Malyorka» nisbatan dadilroq harakat qila boshladi. Hech bo‘lmaganda maydonning raqib darvozasi tomonidagi qismiga ko‘proq o‘ta boshladi. Va xavfli vaziyat ham yaratildi, ammo Kayl Larin istiqbolli qarshi hujumni xato zarba bilan yakunladi.

Pablo Maffeo va Vinisius Juniorning qarama-qarshiligi alohida e’tiborga molik. «Malyorka» himoyachisi muntazam ravishda braziliyalikka provokatsiya qildi va uni izdan chiqarishga urindi. O‘yinga bir necha kun qolganida Pablo hazillashib, agar ringda boksga tushishsa, Vinisiusni 10 soniya ichida nokaut qilishini aytgandi. O‘yinning birinchi bo‘limida Maffeo va Vinisius doimiy ravishda gap talashishdi va barmoqlarini labga qo‘ygan holda bir-birini tilini tiyishga chaqirdi.

Epizodlardan birida braziliyalik vinger raqibining ko‘kragiga ohista tegib qo‘ydi, u esa darhol gazonga yumalab, dahshatli og‘riq his qilayotgandek ko‘rsatdi. Bu o‘yinda hakamlar brigadas VAR aralashuvisiz ishlashdi – Mbappe «Malyorka» jarima maydonida yiqilganida ham.

Jamoalar tanaffusga golsiz yo‘l olishdi. «Real» o‘yinning 67 foiz vaqtida to‘pga egalik qildi, 15 bor zarba berdi (beshtasi — darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi), besh marta burchak zarbasini amalga oshirdi va xG bo‘yicha 1,12 ko‘rsatkichini qayd etdi. «Malyorka» esa olti bor zarba berdi, ammo bu zarbalarning birortasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bormagan. Qolaversa, Antonio Railo jarohat olib, birinchi bo‘limdayoq almashtirildi.